Istanbul ikkinchi bor Yevropaning eng yaxshi shahri deb topildi

Sayohat yo‘nalishidagi “Condé Nast Traveler” jurnali Turkiyaning Istanbul shahrini Yevropaning birinchi raqamli shahri deb e’lon qildi. Ko‘p sonli jurnal mushtariylari orasida o‘tkazilgan so‘rov yakuniga ko‘ra ushbu to‘xtamga kelingan. Eng yaxshi shaharlar ro‘yxatida 93,67 ball bilan Istanbul birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, keyingi o‘rinlarda Porto (Portugaliya) hamda San Sebastyan (Ispaniya) shaharlari qayd etilgan.

1987 yildan beri chop etib kelinayotgan, qarorgohi AQShda joylashgan “Condé Nast Traveler” jurnali turizm yo‘nalishida nufuzli nashrlar sirasiga kiradi.

“Hozir Istanbulga safar qilmoqning ayni vaqti!” – deya izoh yozdi ushbu quvonchli xabar bilan ijtimoiy tarmoqda bo‘lishgan Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil sentyabr oyida AQShning “Travel and Leisure” jurnali ham Istanbulni Yevropaning eng yaxshi shahri deb e’lon qilgan edi. Turizm yo‘nalishidagi yetakchi sanalgan jurnal “World’s Best Awards 2021” tanlovi doirasida joriy yil 11 yanvardan 11 mayga qadar minglab sayyohlar ishtirokida ijtimoiy so‘rov o‘tkazgan va Sharqu G‘arb chorrahasida joylashgan Istanbulni eng yaxshi deb topgan.

“Travel and Leisure” jurnali Istanbulga ta’rif berar ekan, uni uch yirik imperiyaning tarixiy poytaxti deb ataydi.

“Istanbul Rim, Vizantiya hamda Usmoniylar imperiyalari poytaxti bo‘lgan. Ayni choqda, bu shahar betakror zamonaviy madaniyat, arxitektura, tijorat markazlari hamda pazandalik an’analariga ega”, – deyiladi tahririyat maqolasida.

Istanbul ikki qit’a – ham Yevropa, ham Osiyoda joylashgan yagona shahardir. Ko‘p millionli aholini o‘z bag‘riga olgan megapolis mamlakatning iqtisodiy-moliyaviy, madaniy-ma’rifiy poytaxti sanaladi. Ko‘hna shahar 2010 yilda Yevropaning madaniy poytaxti maqomiga ham sazovor bo‘lgan.