Osiyo va Yevropaning uchrashuv nuqtasi bo‘lgan Istanbulning noyob port inshooti – Galataport kruiz turizmida muhim o‘rin tutadi. Qorako‘ydagi yangilangan ushbu tarixiy port shaharning tez rivojlanayotgan turizm segmentida alohida ahamiyat kasb etadi.
Sakkiz ming kilometrdan ortiq qirg‘oq chizig‘iga ega Turkiya go‘zal sayohat bekatlari va O‘rtayer dengizi havzasining muhtasham portlariga mezbonlik qiladi. Jumladan, Istanbulning Galataporti gastronomiyadan xaridgacha, san’at va madaniyatdan tarixgacha – xilma-xil sayohat tajribalarini qidirayotgan sayyohlarning e’tiborini tortadi.
2022 yilda Galataport 150 ga yaqin kema va 350 ming yo‘lovchi va ekipaj a’zolarini qabul qildi. Kruiz turizmida o‘rni oshib borayotgan Istanbul ko‘plab kruiz yo‘nalishlari va turli sig‘imli kemalar tomonidan uy porti sifatida belgilangan. Ayni paytda Galataportning uy porti sifatidagi ulushi 50 foizga yetdi, bu ko‘rsatkichni yanada oshirish uchun sa’y-harakatlar davom etmoqda.
Galataport 29 ming m² yerosti kruiz terminaliga ega bo‘lib, kruiz turistlari qulay va xavfsiz sayohat imkoniga ega bo‘ladi. Red Dot Design mukofotiga sazovor bo‘lgan yerosti terminal zamonaviylik va tarixiylik uyg‘unlashgan dizayni bilan hayratda qoldiradi.
Barcha turdagi kruiz kemalarini qabul qilishga mo‘ljallangan Galataport hududning tarixiy va madaniy xususiyatlariga ko‘ra sayr marshrutini taqdim etadi. Bundan tashqari, ulkan majmuada turk va xalqaro oshxonalari, savdo va san’at markazlari, yopiq va ochiq ko‘rgazmalar mavjud.
Ayasofiya jome’ masjidi, Moviy masjid, Topkapi saroyi, Yerebatan sardobasi, Kapali charshi, Ziravorlar bozori, Galata qal’asi, Taksim maydoni, Dolmabahche saroyi kabi kabi mashhur inshootlar Galataportga yaqin joylashgan.
Majmuada, shuningdek, Mimar Sinan nafis san’at universiteti muzeyi va yangi Istanbul modern muzeyi mavjud. Ikki muzey ham turk va xalqaro san’at asarlari kollektsiyalari bilan mashhur.
XIX asrda Sulton Abdulmajid tomonidan qurilgan va ijodiy loyiha doirasida qayta tiklangan Tophane soat minorasi maydonida ham yil davomida jonli ijrolar, maxsus ochiq ko‘rgazmalar, madaniy tadbirlar va Beyo‘g‘lu kabi xalqaro festivallar o‘tkaziladi.
Mavzuga doir maqolalar:
Istanbulda ko‘p millionli fondga ega kutubxona foydalanishga topshirildi. 16.01.2023
Istanbul ikkinchi bor Yevropaning eng yaxshi shahri deb topildi. 06.10.2021