Saudiya Arabistonining Jidda shahrida birinchi Islom san’ati biyennalesining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi xabariga ko‘ra, xalqaro ko‘rgazmada mamlakatimizning boy Islom madaniyatini xalqaro jamoatchilikka keng yoritib beruvchi, qadimiy o‘lka turmush tarzi va gazlama matolari jilosini o‘zida mujassam etgan 17 ta noyob muzey ashyolari taqdim etilmoqda.
Eksponatlar VIII asrga oid muborak Katta Langar Qur’oni, X-XII asrlarga taalluqli Samarqand va Afrosiyob sopol ko‘za va kosalari, mashhur muhaddis Imom al-Buxoriyning XVII asrga mansub “as-Sahih” kitobi nusxasi, buxorocha erkaklar to‘nlari va poyabzallar hamda boshqa buyumlardan iborat.
23 aprelga qadar davom etadigan Islom san’ati biyennalesi Diriya jamg‘armasi tomonidan Saudiya Arabistoni madaniyat vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan.