14 sentyabr kuni Toshkentda Malayziya hamda O‘zbekiston o‘rtasida sayyohlik yo‘nalishidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga bag‘ishlangan “Truly Malaysia Roadshow” tadbiri bo‘lib o‘tdi. Moskvada boshlangan, Toshkentda o‘tayotgan ushbu tadbirlar turkumi Olmaota va Istanbulda davom etadi.
Tadbir doirasida tashkil etilgan matbuot anjumanida Malayziya turizm agentligi bosh direktori o‘rinbosari Iskandar Mirza Muhammad Yusuf, Malayziyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Hendi Assan, agentlikning Olmaota idorasi vakili Nor Shazli bin Azmi va “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasi vakili qatnashdi.
“So‘nggi ikki yil biz uchun mushkul kechgan bo‘lsa-da, chegaralarimiz qayta ochilgach, 2 million sayyohni qabul qilish bo‘yicha dastlabki maqsadimizga erishdik. Bu esa 8,6 milliard ringgit daromad keltirdi. Shunga ko‘ra biz xorijlik sayyohlarni qabul qilish bo‘yicha rejamizni qayta ko‘rib chiqdik. Bu yil 9,2 mln sayyohni qabul qilish va turizmdan 26,8 milliard ringgit daromad qilish ko‘zda tutilgan. Biz bundan-da yuqori natijalarga umid qilamiz”, – dedi Iskandar Mirza Muhammad Yusuf.
Yuqori martabali mehmon O‘zbekiston ham Malayziya uchun sayyohlik bo‘yicha muhim hamkor ekanini ta’kidladi.
“O‘zbekiston Malayziya uchun rivojlanayotgan muhim bozorlardan biri ekanini ta’kidlashdan mamnunman. 2019 yilda biz O‘zbekistondan Malayziyaga dam olish uchun kelgan 12031 sayyohni qabul qildik, bu o‘tgan yilga nisbatan 3,1 foizga ko‘pdir. Ayni paytda Toshkentdan Malayziyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam qatnovlar yo‘q. Avvalroq “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasi Kuala Lumpurga haftasiga 2 marotaba qatnovni amalga oshirar edi. Biroq pandemiya tufayli parvozni to‘xtatishga to‘g‘ri keldi. O‘zbekiston sayyohlik hamjamiyatining faol qo‘llovi hamda mahalliy aholining yuqori talabi tufayli aviakompaniya Malayziyaga qatnovda davom etishiga aminmiz”, – dedi u.
Malayziya turizm agentligi bosh direktori o‘rinbosari o‘zbekistonlik sayyohlarda qiziqish uyg‘otadigan maskanlarga ham e’tibor qaratdi.
“Biz birinchi navbatda betakror orol va sohillarimiz, shuningdek, o‘ziga xos madaniy maskanlariga alohida e’tibor qaratamiz. Bu borada o‘zbekistonlik sayyohlar orasida qumli sohillari bilan tanilgan Langkavi orollarini misol keltirish mumkin. Shuningdek, sharqiy sohillarda Perxentian va Redang, Penang va Sabax kabi orollarimiz ham bor. Malayziyaning bebaho qadriyati bu – etnik va madaniy xilma-xillikdir. Mushtaraklik va uyg‘unlik asosida shakllangan meros festivallarimiz, me’morchiligimiz, kiyimlarimiz, tilimiz, milliy oshxonamiz va boshqa sohalarda namoyon bo‘ladi”, – dedi notiq.
Matbuot anjumanida Malayziyaning mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Hendi Assan ham sayyohlik bo‘yicha hamkorlik istiqbolli ekanini ta’kidladi. Ayni choqda, diplomat sayyohlik almashuvini oshirishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov muhim o‘rin tutishiga e’tibor qaratdi. Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, joriy yil noyabrdan Toshkent – Kuala Lumpur – Toshkent yo‘nalishidagi muntazam qatnovlar qayta yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda.
“Truly Malaysia Roadshow” tadbiri davomida ikki mamlakat sayyohlik operatorlari, mehmonxona egalarining hamkorligini jonlantirish yo‘llari muhokama qilindi. “B2B” formatidagi uchrashuvlarda loyiha va rejalar yuzasidan fikrlashildi.
Eslatib o‘tamiz, Malayziya turizm, san’at va madaniyat vaziri Nensi Shukri turizmni O‘zbekiston bilan hamkorlikdagi strategik yo‘nalishlari biri ekanini ta’kidlagan edi.
Joriy yil 19 may kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Malayziya tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida ham turli masalalar qatorida turizmni rivojlantirish, muntazam va charter reyslarini tiklash masalalari muhokama qilingan.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, “Tourism Malaysia” nomi bilan tanilgan turizm agentligi Malayziya turizm, san’at va madaniyat vazirligi qoshida faoliyat yuritadi. Malayziyani sayyohlik uchun afzal hudud sifatida targ‘ib qilish agentlikning bosh vazifasidir.
Eslatib o‘tamiz, Malayziya to‘liq emlangan sayyohlarga mamlakatga kirish tartibini soddalashtirgan, ular karantin yoki test topshirish majburiyatidan ozod qilingan. Sayyohlik sug‘urtasi va MySejahtera ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tish talabi ham bekor qilingan.
Mavzuga doir maqolalar:
Malayziya vaziri: “Turizm va madaniyat – O‘zbekiston bilan hamkorlikning strategik yo‘nalishlari”. 07.07.2022
Malayziya sayyohlarga chegaralarini to‘liq ochmoqda. 06.04.2022