26 sentyabr kuni Ozarboyjonda mamlakat Konstitutsiyasiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tdi. Davlat agentligi xabariga ko‘ra, Ozarboyjon Prezidenti Ilhom Aliyev ovoz berish jarayonida ishtirok etdi. Shu kuni Saylovlarni kuzatish bo‘yicha Yevropa akademiyasi missiyasi rahbari Goris Emiel Stefan hamda missiya a’zolarini qabul qilgan Prezident Ilhom Aliyev referendumni yuksak saviyada o‘tkazish uchun barcha chora-tadbirlar ko‘rilganini ma’lum qildi. O‘z navbatida, missiya a’zolari ovoz berish jarayoni osoyishta kechganini bildirdi.
Ozarboyjon Markaziy saylov komissiyasi (MSK) raisi Mazaxir Panaxovning 27 sentyabr kuni jurnalistlarga ma’lum qilishicha, referendumda ovoz berish huquqiga ega fuqarolarning 69,7 foizi (3 671 707 kishi) qatnashgan.
Trend agentligiga ko‘ra, 5627 ta uchastkada ovoz berish jarayoni Saylov kodeksiga muvofiq uyushtirilgan va referendumda fuqarolar faollik ko‘rsatgan.
“MSKga rasman shikoyat kelmadi. MSKning ishonch telefoniga informatsion xarakterdagi murojaatlar qilindi, xolos”, – degan M.Panaxov.
Referendumga muvofiq, Ozarboyjon Konstitutsiyasining 23 ta moddasiga o‘zgartirish kiritish va Asosiy Qonunni yangi olti modda bilan boyitish ko‘zda tutilgan. Jumladan, referendumga mamlakatda ikkita vitse-prezident lavozimini joriy etish, prezident vakolatini 5 yildan 7 yilga oshirish, davlat rahbariga Milliy Majlisni tarqatib yuborish va navbatdan tashqari saylovni belgilash vakolatini berish, prezident saylovida yosh chegarasini bekor qilish, parlament saylovida qatnashish yoshini 25 yoshdan 18 yoshgacha tushirish kabi masalalar qo‘yilgan. Qayd etilishicha, mazkur o‘zgartirish va qo‘shimchalar Ozarboyjonning zamonaviy taraqqiyoti talablaridan kelib chiqib taklif etilgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga qaraganda, saylovchilarning 91,2 foizi prezidentlik muddatining 5 yildan 7 yilga uzaytirilishini yoqlab, 4,7 foiz saylovchi bunga qarshi ovoz bergan. 89,3 foiz saylovchi davlat boshqaruvida vitse-prezidentlar institutining kiritilishiga rozilik bildirgan bo‘lsa, 5,8 foiz saylovchi mazkur tashabbusga qarshi chiqqan. Shuningdek, 91 foiz saylovchi prezidentlikka nomzod ko‘rsatish yoshi chegaralanishining olib tashlanishini ma’qullagan.
Referendum yakunlari rasman 21 oktyabrda e’lon qilinishi kutilmoqda.
Referendum jarayonini 30 ta xorijiy mamlakat hamda ko‘plab xalqaro tashkilotlar kuzatuvchilari kuzatib borgan. Jumladan, Frantsiya Senati a’zosi Andre Rishar ovoz berish jarayoni shaffof tarzda o‘tganini qayd etgan.
“Ozarboyjon Prezidenti Ilhom Aliyev madaniy, ijtimoiy, iqtisodiy va diplomatik jabhalarda mamlakatni rivojlantirish bo‘yicha strategik qarashga ega ekanini kuzatdik”, – degan Andre Rishar.
Eslatib o‘tamiz, 26 sentyabr kuni Ozarboyjonning O‘zbekistondagi elchixonasida ham saylov uchastkasi ochildi. Bu yerda Ozarboyjon fuqarolari umumxalq ovoz berishiga qo‘yilgan masalalar yuzasidan o‘z munosabatini bildirish imkoniga ega bo‘ldi.
Sobir Salim