Ozarboyjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev O‘zbekistonning Bokudagi elchixonasida bo‘lib, Prezident Islom Karimovning vafoti munosabati bilan ta’ziya izhor etdi.
Ozarboyjon yetakchisi O‘zbekistonning ushbu mamlakatdagi Favqulodda va muxtor elchisi Sherzod Fayziyev bilan suhbatlashdi hamda elchixona motam kitobiga ta’ziya so‘zlarini yozib qoldirdi.
Ozarbayjon Prezidenti rasmiy sayti xabariga ko‘ra, Ilhom Aliyev Islom Karimovning vafoti munosabati bilan O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev nomiga ta’ziya maktubi yo‘lladi.
“Islom Abdug‘aniyevich Karimov mustaqil O‘zbekistonning birinchi prezidenti sifatida tarixga kirdi. Mamlakat suvereniteti va davlat mustaqilligiga erishish, uni taraqqiy ettirish va mustahkamlash, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy jabhalardagi yutuq va muvaffaqiyatlar, birodar O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyatga integratsiyalashuvi bevosita uning nomi bilan bog‘liqdir”, – deyiladi ta’ziya maktubida.
Qayd etilishicha, Islom Karimov uzoqni ko‘zlagan oqilona siyosati, boshqaruvchilik va arboblik iqtidori ila nafaqat O‘zbekiston, balki xorijiy ellarda ham hurmat-e’tibor qozongan edi.
“Ozarboyjon Islom Karimovni ko‘p asrlik do‘stlik an’analarini boyitish, xalqlarimiz o‘rtasida o‘zaro robitani mustahkamlash, mustaqillik yillarida ozarbayjon-o‘zbek davlatlararo munosabatlarini har jihatdan rivojlantirish va shakllantirishga ulkan hissa qo‘shgan chinakam do‘st sifatida e’tirof etadi va ardoqlaydi”, – deyiladi ta’ziyanomada.
Ozarboyjon yetakchisi musibat onlarida marhumning yaqinlari hamda birodar o‘zbek xalqiga hamdardlik bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov 2016 yil 2 sentyabr kuni vafot etdi. Shu munosabat bilan 2016 yil 3 sentyabrdan mamlakatimizda uch kunlik motam e’lon qilindi.
Marhum o‘zi tavallud topgan Samarqand shahrida dafn etildi. Dafn marosimida bir qator davlat va hukumat yetakchilari hozir bo‘ldi. Marosimda Ozarbayjon nomidan Milliy Majlis Raisi Oktay Asadov qatnashdi.