Yangi ikkidaryo.com sayti ishga tushdi

Markaziy Osiyoning bepoyon kengliklarini ikki qon tomiri misol kesib o‘tgan Amu va Sir daryolari mehrga tashna dalalarni oziqlantirib, quyosh taftida qaqragan maysalarga jon kiritadi, yerga nish otgan ko‘chatlar ko‘ksiga hayot rezalarini ekadi, azim daraxtlarni gulbof libosga burkab, zaminga yashil gilam to‘shaydi…

 

Hali murg‘ak ekanman, O‘zbekiston otlig‘ sarzaminda tug‘ilmoq iqbolidan xushbaxt ongim tubini qamragan hayol puchmoqlarida Amu va Sir degan bu ikki jontomirning ana shunday timsoli gavdalanar edi. Ular nafaqat ona tabiatga, balki ulug‘vor tamaddunga ham boshlanma bergan ikki asos ekanligi keyinroq anglandi. Har tomoni sahro bilan o‘ralgan Movarounnahr diyorining zarrin mato o‘rtasidagi munaqqash chechak misol chiroy ochib turganini yana qanday tushuntirish mumkin? Ikki daryoning hayotbaxsh suvlari sahrolar qalbida yam-yashil bog‘iston yaratar ekan, u yerda hazrat Odam avlodlarining bir bo‘lagi panoh topdi, ularning kuchi bilan Movarounnahrning tabiatiday go‘zal, rang-barang, betakror bir madaniyat insho etildi. Ya’ni bandaning qo‘llari bilan barpo bo‘lgan hilqat Alloh yaratgan chiroydan nusxa oldi. Balki shuning uchundir, O‘rta Osiyo mintaqasi ibtidoiy inson qaror topgan eng ko‘hna go‘shalardan biri bo‘lish bilan birgalikda, dunyoning eng qadimiy va buyuk madaniyatlaridan biriga beshik ham bo‘ldi.
Bundan sakkiz ming yillar muqaddam mintaqamizga ilk dehqonchilik madaniyati kirib keldi. Ziroatchilarning o‘troq turmush tarzi ma’naviy balog‘at uchun shart-sharoit yaratib berdi. Ziroatchilarning ko‘plab manzilgohlari kengayib, shahar qiyofasiga kela boshladi. Shu tariqa shaharchilik madaniyati vujudga keldi. Ayni paytda O‘rta Osiyoning shimolida ko‘chmanchi madaniyat ildiz otib, u ham o‘ziga xos taraqqiyot yo‘lidan bordi.
Lekin bu buyuk yo‘lning boshlanishi edi. Asrlar ketidan asrlar o‘tdi, avlodlar almashaverdi, eski xalqlar yerini yangilari egallab bordi, til, qiyofa o‘zgarib bordi. Lekin bir narsa o‘zgarmadi – o‘lkamiz yirik, qudratli saltanatlar va buyuk madaniyat uchun Vatan bo‘lib qolaverdi. Ushbu yerda kindik qoni to‘kilgan, mintaqa xalqlarining ko‘ksini g‘ururga to‘ldirgan siymolar nomini marvarid misoli ipga tizsak, yerni quchgulik bir shoda yaraladi. Xorazmiy, Farg‘oniy, Imom al-Buxoriy, Forobiy, Ibn Sino, Beruniy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Bobur… Bu eng asosiy nomlar, madaniyatimizning oltin butog‘i; hali kumush butoqni tashkil etuvchi yuzlab nomlar borki, ularning faoliyati va ijodi yetarli darajada o‘z bahosini olgani yo‘q.
Mana shunday bobolarning merosxo‘ri bo‘lmish O‘rta Osiyoning bugungi xalqlari o‘zlarining ildizlari naqadar teran ekanligini yetarli darajada anglaydimi? Ularga qoldirilgan ulug‘vor merosni, yuksak ma’naviy xazinani qanday tasarruf qilmoqda? Yuqorida zikr etilgan shaxslar nomini ardoqlash bilan bir vaqtda ularga munosib avlod bo‘lmoqni o‘z dillariga tugmoqdami?
Bu savollarga har kim o‘zi uchun javob topadi degan umiddamiz. Bizning maqsadimiz esa – o‘tmishdan o‘z bilganlarimizni jonkuyar, kechmishiga befarq qaramaydigan har bir insonga yetkazish, mintaqamiz tarixi va madaniyatiga oid turli-tuman qiziqarli ma’lumotlarni baholi qudrat ulashish, ko‘hna madaniyat vorislari bo‘lmish o‘zbeklarning tarixiy yo‘lini, ma’naviy ildizlarini xolisona yoritish, o‘zbeklar bilan asrlar davomida et bilan tirnoq misol ahil-inoq yashab kelgan qardosh xalqlar – uyg‘urlar, qoraqalpoqlar, tojiklar, qozoqlar, qirg‘izlar, turkmanlarning o‘tmishiga nazar tashlash, ularning o‘zaro qardoshlik va madaniy aloqalarini kuzatib borish. Ana shunday hayrli maqsadlarni amalga oshirishdagi bir qadam o‘laroq www.ikkidaryo.com veb-sayti yuzaga keldi.
www.ikkidaryo.com – O‘zbekistonning hamda barcha qo‘shni mamlakatlarning tarixi va madaniy merosiga bag‘ishlangan ilmiy-ommabop resursdir. Sayt yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan, turli kasb va qiziqishlarga ega bo‘lgan keng jamoatchilikka mo‘ljallangan. Shuning uchun unda sof ilmiy maqolalar bilan qatorda ilmiy-ommabop va badiiy asarlar, video- va audiomateriallar ham muntazam ravishda berib boriladi.
Bizda yoritiladigan asosiy mavzular, yuqorida aytilganidek, O‘rta Osiyoda o‘tmishda mavjud bo‘lgan davlatlar va xalqlarning siyosiy va madaniy tarixi, buyuk siymolarning hayoti va ilmiy-ma’naviy merosi, o‘zbek xalqining va boshqa qardosh xalqlarning tarixi, etnogenezi, etnografiyasi, antropologiyasi, madaniyati, adabiyoti, san’atidir. Lekin ushbu resursni yaratishdan ko‘zda tutilgan yana bir maqsad bor. Oxirgi o‘n yilliklarda ma’lum doiralarda O‘rta Osiyo xalqlari tarixiy merosiga bepisandlik bilan qarash, bu haqda butun dunyoga jar solish, o‘tmish haqiqatlarini buzib ko‘rsatish, o‘zlarini “bilimdon mutaxassis” qilib ko‘rsatib, o‘zbeklar va boshqa xalqlar nomidan turli ig‘volarni tarqatish, eng asosiysi – ularni o‘z ildizlaridan ajratishga, buyuk bobolarga hech qanday aloqasi yo‘q, kechagina osmondan “lop” etib tushib qolgan o‘tmishi yo‘q, ildizi tayinsiz manqurtlar to‘dasi qilib ko‘rsatishga urinish odat tusiga kirib bormoqda. Shunday ekan, bizning galdagi maqsadimiz – mana shunday iddaolarni puchga chiqarish, dunyo ahlini o‘zbeklar va qardosh xalqlarning tarixi bilan tanishtirish ishini allaqanday hasadgo‘ylar ixtiyorida qoldirmay, tariximiz va madaniy merosimizga o‘z munosabatimizni ko‘rsatish, o‘tmishimizni o‘z nuqtai nazarimizdan yoritish hamdir. Shu bois biz nafaqat o‘zbek tilida, balki o‘zbek tilini bilmaydigan mushtariylarimiz uchun rus va ingliz tillarida ham materiallar joylashtirib borishni ko‘zda tutganmiz.
Veb-saytimizning “Tarix” bo‘limida siz yuqorida aytib o‘tilgan barcha sohalarga oid maqolalarni topishingiz mumkin. Mavzu qamrovi juda keng – siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy tarix, antropologiya, etnografiya, etnogenez, genetika, numizmatika va h.k.larga oid ilmiy izlanishlar va hamda ilmiy-ommabop ma’lumotlar. Ularning barchasi birinchi navbatda mintaqadagi eng ko‘psonli millat – o‘zbeklarga, hamda ularga qardosh boshqa xalqlarga oid.
“Adabiyot” bo‘limi yurtimizda islomgacha bo‘lgan davrda yuzaga kelgan adabiy-tarixiy manbalar, islomiyat davrida ravnaq topgan mumtoz adabiyot, oxirgi bir yarim asr mobaynida rivojlanib kelayotgan zamonaviy adabiyotga bag‘ishlanadi. Bu bo‘limdagi materiallardan siz adabiyotimizga o‘zlarining ulkan hissasini qo‘shgan Alisher Navoiy, Lutfiy, So‘fi Olloyor, Huvaydo, Mashrab, Nodira, Ogahiy singari shoir va yozuvchilar hayoti va ijodi, ularning qalamiga mansub asarlarning mazmuni va ahamiyati, qardosh xalqlar bilan adabiy aloqalar, turli davrlardagi adabiy jarayonlar haqida bilib olasiz.
“Tilshunoslik” bo‘limi ona tilimiz, mintaqada o‘tmishda iste’molda bo‘lgan va bugungi kunda qo‘llanilib kelayotgan tillarga oid maqolalarga mo‘ljallangan. Yuqoridagi bo‘limlar singari, bu bo‘limning mavzu ko‘lami ham nihoyatda keng – tillarni ilmiy tadqiq etishga bag‘ishlangan maqolalardan tortib tilshunos olimlar bilan suhbatlar, tilimiz tarixiga oid tarixiy materiallargacha.
“San’at” bo‘limida o‘zbek xalqi hamda uning ajdodlari asrlar mobaynida yaratib kelgan amaliy san’at sohalarini yoritadi. Ma’lumki, xalqimiz betakror tikuvchilik, to‘quvchilik, hunarmandchilik, me’morchilik an’analariga ega. Buxoro, Samarqand, Qo‘qon, Xiva va boshqa shaharlarda qad ko‘targan me’moriy obidalar, Rishton, Chust singari go‘shalarda avaylab kelinayotgan amaliy san’at an’analari buning yorqin dalilidir. Bularning barini muhtaram mushtariy uchun jonli, tafsilotlarda, yozma, audio va videomateriallar vositasida yoritib berishga harakat qilamiz.
“Ilm-fan” bo‘limi ajdodlarimizning ilmiy merosini yoritishga qaratilgan. Tariximiz Mirzo Ulug‘bek, Beruniy, Ali Qushchi, Tursun Zominiy singari olimu fuzalolarga boy. Ammo ularning bari ham tom ma’noda o‘rganilmagan, balki, hali o‘z tadqiqotchisini topmagandir, bir so‘z bilan aytganda, yetarli darajada tanilmagan. Bizning maqsadimiz – ular haqida, ular ilm-fan sahnida qo‘lga kiritgan yutuqlar borasida baholi qudrat bilim ulashish.
Xalqimiz boy madaniyatga ega. Bu merosning salmoqli qismini, adabiyot bilan bir qatorda, xalq og‘zaki ijodi, mumtoz musiqa, raqs an’analari ham tashkil etadi. Darhaqiqat, shashmaqom ohanglaridan sarmast bo‘lmagan, Xorazm lazgisiga davrani to‘ldirib raqs tushmagan, Boysun va Nurota dostonlaridan bahramand bo‘lmagan birorta o‘zbekni topa olmaysiz. Agar bular haqida ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalar, video va audiomateriallar topishni istasangiz – “Madaniyat” bo‘limiga marhamat.
“Dolzarb” bo‘limi tariximiz va madaniyatimizga oid oxirgi yangiliklar, turli arxeologik kashfiyotlar, yangi ilmiy va ilmiy-ommabop nashrlar haqida xabarlar uchun mo‘ljallangan. “Tadqiqot” bo‘limi esa til, adabiyot, madaniyat, tarixga oid yangi ilmiy izlanishlar, kichik tadqiqotlar uchun oshyondir. “Kutubxona” bo‘limi esa elektron shakldagi adabiyotlarga to‘ldirib boriladi.
Saytimiz forumida ro‘yxatdan o‘tib, o‘zbeklarning o‘tmishi, buguni, madaniyati, turmush tarzi haqida suhbat qurishingiz yohud o‘zingizda bor ma’lumotlarni boshqalarga ulashishingiz mumkin. Forumimizda ushbu yo‘nalishlarga doir bloklar va bo‘limlar tashkil qilingan.
Biz bilan matlabi va maslagi bir bo‘lgan o‘rtoq saytlar – www.e-tarix.uz hamda www.ziyouz.com ushbu yo‘nalishda uzoq yillardan buyon ibratli faoliyat yuritayotganligini eslatib o‘tamiz. Ulardan ham ko‘plab qiziqarli va noyob ma’lumotlarni topa olasiz. Biz esa, o‘z navbatida, ulardan ibrat olib, samarali mehnat qilishga va ko‘plarning ishonchini qozonishga harakat qilamiz.
Kimda-kim yuqorida tilga olingan mavzularga chuqur qiziqib, qalam tebratsa, tariximiz va madaniyatimiz jilolariga qalam vositasida sayqal berib, ilmiy, ilmiy-ommabop va badiiy asarlar yaratsa va ularni bizning saytimizga joylashni niyat qilsa, biz bunday kuyunchak insonlar bilan har qachon hamkorlik qilishga tayyormiz.
Xullas, tariximiz va madaniyatimizni yanada chuqurroq bilishni istasangiz, www.ikkidaryo.com saytiga xush kelibsiz!