Husayn Quliyev: Mustaqillik kuni – Ozarboyjon hayotida muhim sana

O‘zbekiston va Ozarboyjon do‘stligi bir necha asrlik tarixga ega. Tili, madaniyati va qadriyatlari uyg‘un bo‘lgan ikki mamlakat XXI asrda ham hamkorlikni rivojlantirishga intilmoqda. Ozarboyjon Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Husayn Quliyev bilan suhbat shu haqda bo‘ldi.

– Elchi janoblari, 18 oktyabr Ozarboyjon Mustaqillik kunini bayram qiladi. Ushbu cana xalqingiz uchun qanchalik qadrli?

– Tarix shuni ko‘rsatmoqdaki, mustaqillikka erishishdan ko‘ra uni saqlab qolish mushkulroq kechar ekan. Bu borada har qanday sinovga tayyor turmoq va yuzaga kelgan qiyinchiliklarni yengib o‘tmoq lozim. Ozarboyjon bir asr mobaynida ikki bora suveren davlat tuzish imkoniga ega bo‘ldi. Afsuski, ilk imkoniyat tashqi kuchlarning aralashuvi, ichki kurashlar va mintaqadagi siyosiy beqarorlik sabab boy berildi. 1918 yilda vujudga kelgan Ozarboyjon Demokratik Respublikasi bor-yo‘g‘i 23 oy yashadi. Oradan 70 yil o‘tib, yana bir bor shunday vaziyat yuzaga keldi. Sovet imperiyasi qulagach, Ozarboyjon boy berilgan mustaqillikni tiklashga muvaffaq bo‘ldi.

1991 yil 18 oktyabrda Ozarboyjon Respublikasi Oliy Kengashi sessiyasida “Ozarbayjonning davlat mustaqilligi to‘g‘risida” konstitutsiyaviy qonun qabul qilindi. Ushbu tarixiy hujjatga muvofiq, Ozarboyjon xalqi uzoq yillar intiqib kutgan ozodlik va mustaqillikni qo‘lga kiritdi.

1991 yil 29 dekabrda Ozarbayjonda umumxalq ovoz berish tadbiri bo‘lib o‘tdi. Referendumda ishtirok etgan aholining 95 foizdan ko‘prog‘i “Ozarbayjonning davlat mustaqilligi to‘g‘risida” konstitutsiyaviy qonunni yoqlab ovoz berdi.

1992 yil 2 martda davlatimiz BMTga a’zo bo‘lgan kundan boshlab jahon hamjamiyati bizni tan oldi.

Ozodlikning ilk kezlari qaltis tarixiy vaziyatga to‘g‘ri keldi. Bir muddat keyin hatto mustaqillikni boy berish xavfi paydo bo‘ldi. Arman qurolli guruhlari agressiyasi oqibatida boshlangan Birinchi Qorabog‘ urushi, ayrim davlat arboblarining uquvsizlarcha siyosati hamda ichki siyosiy kurashlar yosh mustaqil respublika taqdirini xavf ostida qoldirdi. Hokimiyat tepasiga taniqli siyosiy arbob Haydar Aliyev kelgach, xavf-xatarlar yengib o‘tildi.

Davlatimizning siyosiy va iqtisodiy tayanchi yildan-yilga mustahkamlanmoqda. 1991 yilda qo‘yilgan davlat mustaqilligi poydevori ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylanmoqda. Ayni paytda iqtisodiyotni taraqqiy ettirish, davlatchilikni mustahkamlash hamda milliy-madaniy qadriyatlarni muhofaza qilishga katta e’tibor berilmoqda.

Bugun Ozarboyjon ham siyosiy, ham iqtisodiy nutqai nazardan mutaraqqiy davlatlardan biri sanaladi. Iqtisodiy taraqqiyot sur’ati bo‘yicha mamlakatimiz nafaqat mintaqada, balki dunyoda ko‘zga ko‘rinarli natijalarga erishdi. Mintaqadagi yirik loyihalarning barchasida Ozarbayjonning ishtiroki mavjud. Ozarboyjon energiya resurslarining jahon bozoriga olib chiqilishi ham Janubiy Kavkazda tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash, ham xalqimizning farovonligini ta’minlashga xizmat qildi.

– Bugun O‘zbekiston Ozarboyjon bilan robitalarni yanada mustahkamlashga intilmoqda. Rasmiy Boku Toshkent bilan hamkorlik munosabatlariga qay darajada ahamiyat beradi?

– Ozarboyjon va O‘zbekiston tarixan do‘st va birodar mamlakatlardir. Xalqlarimizni nainki davlatlararo munosabatlar, mushtarak milliy qadriyatlar, an’analar, uyg‘un til va madaniyat ham bog‘laydi. Mustaqillikka erishilgach, 1995 yilda mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik aloqa o‘rnatildi. Hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishi va rivojlanishi Ozarboyjon milliy yetakchisi Haydar Aliyev va O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning nomi bilan bog‘liq. O‘tgan 20 yil ichida o‘zaro aloqalar yuqori darajaga ko‘tarildi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida turli sohalarga oid 100 dan ziyod bitim imzolandi.

O‘zbekiston Ozarbayjonning dunyodagi, xususan, Markaziy Osiyodagi asosiy hamkorlaridan biri sanaladi. Mamlakatlar o‘rtasida siyosiy ishonch mavjud va ikki davlat xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar doirasida bir-birini qo‘llab-quvvatlaydi. O‘zbekiston arman-Ozarboyjon va Tog‘li Qorabog‘ ziddiyatlarini Ozarboyjon suverenitetiga hurmat, hududiy yaxlitlik va chegara daxlsizligini saqlagan holda hal etish lozim, deb hisoblaydi. O‘zbekistonning bu boradagi pozitsiyasini Ozarboyjon rahbariyati qadrlaydi.

 – Xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy aloqalar tarixi olis o‘tmishga borib taqaladi. Bu o‘rinda birgina tarixiy fakt – ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy o‘z asarlarida Ozarboyjon xalqining buyuk shoiri Nizomiy Ganjaviyga yuksak ehtirom ko‘rsatganini eslab o‘tish kifoya. Madaniy-gumanitar hamkorlik xususida ham so‘zlab bersangiz.

– To‘g‘ri ta’kidladingiz, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stona aloqalar poydevori bir necha yuz yil muqaddam qo‘yilgan. Bu o‘rinda tarixiy, etnik va madaniy mushtaraklikni ta’kidlashni istardim. Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqalarida topilgan noyob arxeologik boyliklar, moddiy madaniy meros yodgorliklari esa xalqlarimiz aloqalari ildizi ko‘hna moziy qatlarida yashirin ekaniga guvohlik beradi.

Chindan ham, adabiyot bo‘yicha robitalarimiz hamisha katta ahamiyat kasb etib kelgan. To‘g‘ri qayd etganingizdek, o‘rta asrlar Ozarboyjon adabiyoti O‘rta Osiyo hukmdorlari va shoirlari tomonidan yuksak baholangan. Ozariy nazm durdonalarini oddiy xalq ham ishtiyoq ila mutolaa qilgan. (Bugun birodar O‘zbekistondagi eng yirik oliy ta’lim dargohlaridan biri – Toshkent davlat pedagogika universiteti Nizomiy Ganjaviy nomi bilan atalishidan g‘oyat mamnunmiz.) Ayni choqda, Ozarboyjon xalqi ham o‘zbek ijod ahli yaratgan boy ma’naviy merosni ayricha qadrlaydi. O‘rta asrlar Ozarbayjonida buyuk musavvir Kamoliddin Behzod ijodi yuqori baholangan. U Ozarboyjon mumtoz miniatyurasining shakllanishiga mislsiz ta’sir ko‘rsatgan.

So‘nggi yillarda madaniy sohadagi hamkorligimizda ham yangi sahifa ochildi. Keyingi paytlarda muntazam ravishda ommaviy madaniy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Ikki mamlakat madaniyat namoyandalari hamkorlikda yangi ijodiy loyihalarni taqdim etmoqda. O‘ylaymanki, bularning bari xalqlarimiz o‘rtasidagi robitani yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

S.Salim suhbatlashdi