Bugun Toshkent shahrida “Hilol-nashr” nashriyot-matbaa korxonasining markaziy kitob-axborot majmuasi ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda nashriyot xodimlari, olimlar va ziyolilar, kitobxon muxlislar ishtirok etdi.
Yangi majmua shinam va go‘zal kitob do‘koni, qiroatxona (kitoblarni shu yerning o‘zida o‘qish uchun sharoitlar yaratilgan), muzey (eksponatlardan Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning chop etilgan deyarli barcha kitoblari, qo‘lyozmalari o‘rin olgan), kitob taqdimoti va ma’rifiy tadbirlar uchun majlislar zalidan iborat.
“Hilol-nashr” nashriyotining bosh muharriri Erkin Malik majmua faoliyati bilan tanishtirar ekan, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu ziyo maskani hamon xalqimizga ilm ulashayotganidan mamnunligini ta’kidladi.
Nashriyot rahbari Ismoilhoji Muhammad Yusuf nashriyotning yutuqlari va kelgusidagi rejalari haqida so‘zladi.
“Oltin silsila” to‘plami muharrirlaridan Hasanxon Yahyo Abdulmajid kitobning nashr etilishi jarayoni haqida ma’lumot berdi. Muharrirning aytishicha, Islom olamidagi eng mashhur 9 hadis kitoblari tarjimasini o‘z ichiga olgan, 60 jilddan iborat ushbu akademik nashr Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh rahbarligida tarjima qilib bo‘lingan. Ayni paytda 5 ta jildi chop etildi. Boshqa jildlarini ham tahrir va nashrga tayyorlash ishlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston Musulmonlari idorasi fatvo bo‘limi boshlig‘i Abdulhamid Tursunov, Abdulloh hoji Ismoilov, yuridik fanlar doktori, professor Halim Boboyev, iqtisod fanlari nomzodi, “Farzandnoma” kitobi muallifi Obiddin Mahmudov ham fikr-mulohazalari va takliflari bilan o‘rtoqlashishdi.
“Hilol-nashr” nashriyoti matbaa majmuasi 2010 yildan matbaa faoliyatini boshlagan. 2011 yilda nashriyot uchun litsenziya olingan, 2012 yildan diniy-ma’rifiy va ilmiy kitoblar nashr etila boshlangan.
Hozirda nashriyot kitoblari Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Janubiy Koreyaga eksport qilinmoqda. Toshkentda 2 ta (Chorsu va Ko‘kcha filiallari), Andijon, Namangan, Marg‘ilon, Asaka, Samarqand, Denov, Urganch filiallari mavjud. Markaziy majmua Toshkent shahri, So‘galli ota ko‘chasi, 5-uyda joylashgan.
“Hilol-nashr” nashriyoti bosma va elektron kitoblarini kitoblardunyosi.uz va e-hilolnashr.uz saytlari orqali onlayn sotib olish ham yo‘lga qo‘yilgan.