Jurnalistning o‘ldirilishi Ukrainada eski siyosiy tizim inqirozini boshlab berdi
Xabaringiz bor, yaqinda Ukraina bosh prokurori Svyatoslav Piskun mamlakatning taniqli jurnalisti, marhum Georgiy Gongadzening qotillari topilganini ma’lum qildi. “Qotillar jinoiy buyurtmani bajarishgan.
Mazkur buyruq kim tomonidan berilganini yaxshi bilamiz”, deya bayonot bergan mamlakatning birinchi raqamli prokurori, afsuski, jinoyat ortida turgan tashkilotchilar nomini ochiq e’tirof etmadi. Bosh prokuror ayblanuvchilarning ikki nafari militsiya xodimi ekanini ma’lum qilganda, ko‘pchilik hayron ham bo‘lmadi: anchadan buyon qotillik davlat amaldorlari, xususan, militsiya tomonidan amalga oshirilgani taxmin qilinayotgandi. Muxolifat esa suiqasd bevosita Ukraina sobiq rahbari Leonid Kuchma topshirig‘i bilan uyushtirilganini ta’kidlayotgandi.
…Hammasi 2000 yilning kuzida ro‘y berdi. 16 sentyabr kuni ishdan uyiga qaytayotgan Georgiy Gongadze poytaxt Kiyevda noma’lum kishilar tomonidan o‘g‘irlab ketildi. Jurnalistning o‘lik yoki tirikligi bir necha haftagacha ma’lum bo‘lmadi. Nihoyat, oradan biror oycha o‘tgach, Kiyev yaqinidagi o‘rmondan Gongadzening boshi kesib tashlangan tanasi topildi (Jasad marhum jurnalistga tegishli ekani xorijlik mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan bir necha ekspertizalardan keyingina aniqlandi). Qotillar shafqatsizlik bilan o‘ldirilgan jasadni yoqib yuborgan edilar, marhumning boshi esa yo‘q edi.
Ochiq va achchiq so‘zli jurnalistning bu tariqa dahshatli o‘lim topishi Ukraina jamoatchiligini karaxt ahvolga solib qo‘ydi. Muxolifat Gongadzening o‘limida prezident Kuchmaning qo‘li borligini da’vo qildi. Mamlakat bo‘ylab Kuchma hukumatiga qarshi norozilik chiqishlari avj oldi. Muxolifat da’vosida ham asos borday edi. Chunki «Ukrainskaya pravda» (Ukraina haqiqati) deb atalgan Internet-nashr bosh muharriri bo‘lgan Georgiy Gongadze chiqishlarida prezident Leonid Kuchmani korruptsiyaga yo‘l qo‘yishda ayblar, o‘z elektron gazetasida hukumat mansabdorlari kirdikorlarini fosh qiluvchi materiallarga katta o‘rin berardi. Boz ustiga, u televidiye va radio orqali chiqishlarida ham korruptsiya botqog‘iga botgan rahbariyat to‘g‘risida jiddiy ayblovlar ilgari surardiki, bu holat tanqid egalariga yoqmasligi tabiiy edi. Qisqasi, yozganlari ko‘proq qora bo‘yoqlarda bo‘lgan jurnalist hukumatga noqulay raqobatchiga aylangandi.
Georgiy Gongadze o‘limi bilan bog‘liq tergov jarayoni dastlab sun’iy ravishda sekinlashtirildi. Ya’ni, qorlar yog‘ib, izlar bosilib ketishi uchun fursat kutildi. Hatto, oradan besh yil o‘tib tashkil etilgan yangi hukumat a’zolarining e’tiroficha, qotillikka daxldor ayrim muhim hujjatlar yo‘q qilib yuborildi. Hukumat vakillari «Ukrainskaya pravda» muharriri tasodifiy qotillik qurboni bo‘lgani, uning ortida hech qanday siyosiy kuchlar mavjud emasligini e’lon qilishdi. Shu bilan yopig‘liq qozon yopig‘lig‘icha qolganday edi. Lekin xalqaro tashkilotlar, jurnalistning yaqinlari va ko‘p ming sonli tarafdorlari norozilik namoyishida davom etdilar. Ish shu darajaga yetdiki, Yevropa Ittifoqi kabi nufuzli tashkilot rahbariyati Ukraina prezidenti Kuchma oldiga Gongadzening qotillarini topish talabini qo‘ydi. Shu bilan «tuya go‘shti yeb yotgan» jinoiy ish yana qayta o‘rganila boshlandi.
Ba’zida yurt fidoyilarining o‘limi ham xalq uchun ulkan ijobiy o‘zgarish keltirishi mumkin. Ukrainalik jurnalist Georgiy Gongadzening o‘limi ham 48 millionlik ukrain xalqi uchun o‘ziga xos siyosiy o‘zgarishlar, erkinlik davrini boshlab keldi.
Xabaringiz bo‘lsa, AQShning o‘tgan asrdagi prezidentlaridan biri Richard Nikson «Uotergeyt» deb nomlangan jinoiy ish bo‘yicha muddatdan oldin iste’fo berishga majbur bo‘lgandi. Ayrim zukko tahlilchilar o‘sha tarixiy voqeaga ishora qilib Gongadze qatli bilan bog‘liq jinoyatni «Kuchmageyt» deb atay boshlashdi. Ochig‘i, Gongadzening o‘limi Ukraina shundoq ham tang bo‘lib turgan vaziyatni yanada murakkablashtirdi. Shu tariqa oradan bir necha yil o‘tib umummilliy namoyishlar va hokimiyat o‘zgarishiga olib kelgan siyosiy inqiroz ildiz otdi.
Tabiiyki, qotillikka aloqadorlikda ayblanayotgan Leonid Kuchma qonunchilik bo‘yicha «jinoyat» sifatida malakalanadigan da’volarni rad etdi. Lekin kutilmaganda, muxolifat tomonidan prezidentga qo‘yilgan ayblovni tasdiqlashi mumkin bo‘lgan daliliy ashyo chiqib qoldi: prezident qarorgohida xavfsizlik xodimi sifatida bir necha yillar ishlagan mayor Nikolay Melnichenko Kuchma mamlakatning o‘sha paytdagi ichki ishlar vaziri Yuriy Kravchenkoga Gongadzeni o‘ldirish to‘g‘risida buyruq berayotgani yozilgan audiokassetaga ega ekanini e’lon qildi. Odamlarni prezident tuzini yegan xavfsizlik xodimining bu tariqa o‘z valine’matiga qarshi guvohlik berishi bir hayratda qoldirgan bo‘lsa, davlat rahbarining qush uchib kirolmaydigan qarorgohida suhbatlarni yozib olish mumkinligi ikkinchi bor ajablantirdi.
Lekin dastlab katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan kasseta muammosi ham keyinroq tinchib ketdi. Tergov idoralari negadir audioyozuvlar tekshiruvini paysalga solishdi. Georgiy Gongadze o‘ldirilishi bilan bog‘liq jinoyat jiddiy tartibda o‘rganilishi uchun Ukrainada bor-yo‘g‘i… hukumat almashuvi zarur bo‘ldi.
Muxolifat yetakchisi sifatida ko‘p kunlik namoyish va chiqishlardan keyingina prezidentlik kursisini egallagan Viktor Yushchenko o‘z faoliyatining dastlabki davridanoq Georgiy Gongadze qotillarini topish uning or-nomus burchi ekanini e’lon qildi. Bu ish bilan prezidentning shaxsan o‘zi shug‘ullana boshladi. Mamlakat huquq-tartibot idoralari yangi prezident topshirig‘i bo‘yicha Gongadze ishini jiddiy o‘rganishga kirishdi. Tergov idoralari tomonidan marhum jurnalist qotilini topgan xodimga 1 million dollarlik mukofot ham va’da qilindi. Hatto ichki ishlar vaziri agar jinoyatga aloqador bo‘lgan, lekin tergovga yordam berib, ixtiyoriy ravishda aybini tan olgan militsiya xodimlari jazolanmasligiga ham va’da berdi. Jiddiy xohish-istak bilan kirishilgan ish dastlabki natijasini berdi: mamlakat bosh prokurori va ichki ishlar vaziri jinoyatda gumon qilinayotganlar qo‘lga olingani ma’lum qildi.
Biroq go‘yoki katta bir kashfiyot qilinganday bo‘lsada, bor-yo‘g‘i jinoyat ijrochilarining topilgani Gongadzening yaqinlari va advokatlarini qanoatlantirmayapti. Ular asosiy aybdor va qotillik tashkilotchisi aniqlanishi lozimligini talab qilmoqdalar. Prezident Yushchenko ham ayni fikrda. «Hozirda huquq-tartibot idoralari bilan birgalikda muhim savollarga javob topishim kerak, — deydi Ukrainaning yangi rahbari. — Qotillikni kim uyushtirdi, uning ortida kimlar turibdi, jinoyatga kim buyurtma berdi? Yaqin kunlarda ana shu savollarga javob topiladi. Tergov jarayoni muhim bosqichga kirdi».
Xo‘sh, Gongadzega qarshi suiqasdni kim tashkil qilgan? Qotillik ortida kim turibdi? Bu borada so‘nggi xulosasini e’lon qilmagan bo‘lsada, Viktor Yushchenko sobiq hukumat Gongadze o‘limini tekshirishda atayin sustkashlikka yo‘l qo‘yganini ochiq e’tirof etadi. Ukraina Oliy radasi (parlamenti) tarkibidagi Gongadzening o‘g‘irlanishi va o‘ldirilishini tadqiq qilish komissiyasi raisi Grigoriy Omelchenko fikri ham shunga yaqin.
Uning aytishicha, Leonid Kuchma Gondadzeni o‘ldirish to‘g‘risidagi buyruqni mamlakatning o‘sha paytdagi xavfsizlik xizmati rahbari Leonid Derkachga bergan. Xullas, Gongadze o‘limi tashkilotchiligida Ukrainaning sobiq rahbarlari — prezident Leonid Kuchma, ichki ishlar vaziri Yuriy Kravchenko va xavfsizlik xizmati rahbari Leonid Derkach gumon qilinayotgandi. Biroq kutilmaganda o‘tgan hafta yana bir o‘lim hodisasi ro‘y berdi. 4 mart kuni Yuriy Kravchenko, ya’ni Gongadzeni o‘ldirish to‘g‘risidagi buyruqni bevosita eshitgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan shaxs o‘z uyidan o‘lik holda topildi. Bu hodisa shundoq ham chigal vaziyatni battar og‘irlashtirdi. Lekin shubha-gumonlar rost-yolg‘on bo‘lishidan qat’i nazar, sobiq vazir ko‘p sirlarni o‘zi bilan olib ketgani aniq. Chunki u yana bir necha kundan keyin tergovchilar oldida so‘rov berishi kerak edi…
Sobirjon YoQUBOV