Germaniyaning yirik nashriyot uyi O‘zbekistonda olmon tili darsliklarini yaratish va chop etishga ko‘maklashadi

Germaniyaning “Klett-Verlag” nashriyoti hamda “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu hujjatga ko‘ra, ikki nashriyot O‘zbekiston umumta’lim maktablari uchun 2022-2023 o‘quv yiliga olmon tili darsliklarini yaratish va ularni chop etish borasida yaqindan hamkorlik qiladi.

“O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi direktori To‘lqin Muhammadiyev boshchiligidagi delegatsiya Germaniyaga amaliy safar doirasida Shtuttart shahridagi yirik nashriyot korxonalaridan biri – “Ernst Klett Sprachen” kompaniyasi direktori Mattias Rupp  bilan uchrashdi, deb xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi.

Muloqot davomida Germaniya kompaniyasi rahbari olmon tilidagi o‘quv adabiyotlarini  ishlab chiqish va yetkazib berish bo‘yicha o‘zbekistonlik hamkorlar bilan aloqa o‘rnatishga qiziqish bildirgan.

Muzokara natijasida O‘zbekiston umumta’lim maktablari uchun 2022-2023 o‘quv yiliga olmon tili darsliklarini yaratish va ularni chop etish bo‘yicha “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi va “Klett-Verlag” nashriyoti o‘rtasida memorandum imzolangan.

Endilikda O‘zbekiston xalq ta’limi vazirligi hamda ikki nashriyot o‘rtasida  uch tomonlama shartnoma tuzilishi kutilmoqda.

Germaniyaning “Klett-Verlag” nashriyoti o‘quv dasturlari, darsliklar tayyorlash hamda chop etish borasida xalqaro tajribaga ega. Noshirlik uyi bu borada yetakchi ta’lim maskanlari bilan hamkorlik qilib keladi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 4 noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan an’anaviy olmon tili o‘qituvchilarining 14-anjumanida Germaniyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi, huquqshunoslik fanlari doktori Tilo Klinner O‘zbekiston olmon tilini o‘rganuvchilar soni bo‘yicha Osiyoda 1-o‘rinda ekanini mamnuniyat bilan qayd etgan edi.

Ma’lumotlarga qaraganda, hozirda O‘zbekistondagi 1600 maktabning 300 mingdan ziyod o‘quvchisi olmon tilini o‘rganmoqda. 10 ta maktabda olmon tili chuqurlashtirilgan holda o‘qitiladi. 6 ta o‘rta ta’lim maktabi esa olmon tili bo‘yicha diplom (DSD) berish huquqiga ega. Oliy o‘quv muassasalarida mazkur tilni o‘rganayotganlar soni 19 mingni tashkil etadi. Hozirda olmon tilini bog‘cha, maktab va universitet bosqichlarida, uzluksiz ravishda o‘qitishga e’tibor qaratilmoqda.

Shu mavzudagi maqola:

Toshkentda olmon tilining yosh bilimdonlari bellashdi. 16.11.2021