Germaniyaning yetakchi klinikasi O‘zbekistonga noyob telemeditsina robotini topshirdi

23 mart kuni Toshkentda – Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazida zamonaviy masofaviy tibbiy xizmatlar ko‘rsatish stantsiyasi taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu stantsiya Berlindagi Charité klinikasida faoliyat olib borayotgan masofaviy tibbiy xizmatlar markaziga ulanadi. Bu bilan Toshkent va Berlindagi shifokorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’lumot almashinuvi imkoniyati yaratilmoqda.

Germaniya elchixonasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu loyiha  Robert Kox nomidagi institut, Berlindagi Charité klinikasi hamda Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi o‘rtasidagi hamkorlikning ilk bosqichidir. Zamonaviy masofaviy tibbiy xizmatlar ko‘rsatish stantsiyasini topshirish marosimida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Ulug‘bek Sobirov,  Germaniya elchisi Gyunter Overfeld hamda RShTYoIM va Robert Kox nomidagi institutning yetakchi mutaxassislari ishtirok etdi.

Ushbu tashrif davomida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va Charité universitet klinikasi o‘rtasida telemeditsina sohasida hamkorlik memorandumi ham imzolandi, deb xabar beradi Sog‘liqni saqlash vazirligi. 

“O‘zbekistonga tashrif buyurish imkoniyati tug‘ilganidan xursandmiz. Klinikamiz rahbariyati mamlakatingiz bilan hamkorlik o‘rnatilishiga katta e’tibor qaratadi. Dastavval telemeditsina sohasida hamkorlik o‘rnatishni rejalashtirganmiz.  Ya’ni Germaniyaning 34 ta tibbiyot muassasasini birlashtirgan telemeditsina markazimiz endi xalqaro darajaga chiqadi, bunda O‘zbekiston birinchi mamlakat sifatida tanlab olindi. Ya’ni davlatingiz biz texnologiyalarimizni kiritayotgan birinchi mamlakat ekanini hisobga olsak, bu hamkorlik o‘ziga xos tarixiy ahamiyatga egadir”, – dedi Charité universitet klinikasi direktori o‘rinbosari Yoxim Zaybold.

Ta’kidlash joizki, Charité universiteti klinikasi Germaniyaning eng yaxshi tibbiyot muassasalari reytingida 1-o‘rinda turadi, shuningdek, u Yevropadagi eng yirik va yetakchi tibbiyot majmualaridan biri hisoblanadi. U zamonaviy diagnostika va davolashni, amaliyotchi shifokorlar va ilmiy xodimlarni o‘qitishni amalga oshiradi. Ushbu tibbiyot muassasasi o‘ta murakkab klinik holatlarni davolashda ajoyib tajribaga ega. Germaniyadagi tibbiyot va fiziologiya bo‘yicha Nobel mukofoti laureatlarining yarmidan ko‘pi aynan shu klinikada tahsil olgan va ishlagan.

Tashrif davomida Charité universitet klinikasi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga noyob telemeditsina uskunasini topshirdi.

“Uni yaratish bo‘yicha ishlar Charité klinikasi mutaxassislari tomonidan 2017 yildan beri amalga oshirilmoqda. Pandemiya sharoitida, inson omilisiz, bemorlarni masofadan turib tashxislash imkonini beruvchi ushbu robotlarni yaratish dolzarblashdi va bu jarayonni tezlashtirib yubordi. Natijada, noyob telemeditsina robotlari orqali Germaniyaning turli hududlaridagi 34 ta tibbiyot muassasasini birlashtira oldik, ya’ni mutaxassislar onlayn tarzda tajriba almashish imkoniga ega bo‘lishdi”, – deydi ushbu muassasa direktori o‘rinbosari Yoxim Zaybold.

Hozir Germaniyada ushbu texnologiya yordamida transportirovka qilib bo‘lmaydigan og‘ir bemorlarning  90 foizining holati joyida tahlil qilinib, mutaxassislar tomonidan to‘g‘ri davo choralari ko‘rilishiga erishildi. Germaniyada bu loyiha o‘zini to‘liq oqlagach, uni xalqaro darajaga olib chiqishga qaror qilindi va birinchi mamlakat sifatida O‘zbekiston tanlab olindi.

Qayd etish joizki, O‘zbekiston sog‘liqni saqlash mas’ullari koronavirus pandemiyasi davrida germaniyalik hamkasblari bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda. Xususan, 2020 yil avgust oyida koronavirusga qarshi kurashda ko‘maklashish uchun germaniyalik mutaxassislar O‘zbekistonga kelgan edi. Robert Kox instituti institut yetakchi ekspertlari, shuningdek, Frankfurt-Mayn va Dyusseldorf universitetlari klinikalarining yuqori malakali vrachlari hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi vakillaridan tashkil topgan nufuzli tibbiy guruh Samarqand, Buxoro, Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalarida bo‘lib, koronavirus infektsiyasiga chalingan bemorlarni davolashda bevosita ishtirok etgan.

Robert Kox institutining tajribali mutaxassislaridan iborat tibbiy guruh koronavirusga qarshi kurash doirasida 2020 yil noyabr oyida ham yurtimizga  tashrif buyurgan. Tashrif davomida germaniyalik shifokorlar Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi hamda Samarqand viloyatidagi ushbu sohaga ixtisoslashtirilgan shifoxonalar, tibbiy markaz va laboratoriyalar faoliyati bilan yaqindan tanishib, mahalliy shifokorlar bilan hamkorlikda ish olib borgan.

O‘zbekiston Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasiga ko‘ra, Robert Kox instituti bilan dalillarga asoslangan tibbiyot negizida klinik protokollarni tayyorlash bo‘yicha ham hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Robert Kox nomidagi institut (Robert-Koch-Institut, RKI) yuqumli kasalliklarga qarshi kurash borasida nafaqat Germaniya, balki dunyoda e’tirof etilgan ilmiy muassasalardan biri sanaladi. 1891 yilda ta’sis etilgan institut 130 yillik faoliyati mobaynida katta ilmiy yutuqlarga erishgan.

2020 yil avgust oyida Germaniya hukumati O‘zbekistonga koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash doirasida qo‘shimcha 2 million yevro ajratishini ma’lum qilgan. 2020 yil 28 iyul kuni esa Germaniya O‘zbekistonga kislorod ballonlari, tibbiy niqoblar, aravachalar va kombinezonlardan iborat insonparvarlik yordami yuborgan.

S.Salim