Germaniya Orolbo‘yi mintaqasi uchun Trast jamg‘armasiga ko‘mak ajratdi

16 mart kuni O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik Trast jamg‘armasi faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi bitimni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari Sarvar Hamidov, Germaniya Federativ Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Tilo Klinner, BMTning O‘zbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi vazifasini bajaruvchi Konsuelo Vidal ishtirok etdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjatda Germaniya hukumatining Orolbo‘yi bo‘yicha Trast jamg‘armasiga 700 ming dollar ajratilishi ko‘zda tutilgan. Mablag‘lar murakkab ekologik vaziyatning mintaqa aholisiga salbiy ta’sirini kamaytirishga qaratilgan manzilli qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlariga yo‘naltiriladi.

Tadbirda infratuzilmani takomillashtirish, innovatsiyalar va mintaqaviy hamkorlikni ilgari surish orqali Orolbo‘yi mintaqasining barqaror iqtisodiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash ustuvorligi ta’kidlandi. Shu nuqtai nazardan Germaniyaning hissasi milliy va mahalliy hamkorlar, BMT, NNT, FJT tizimidagi qator tashkilotlar va ilmiy doiralar sa’y-harakatlarining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Orolbo‘yi mintaqasida qo‘shma dasturlar va moliyaviy ko‘mak tufayli oziq-ovqat, iqtisodiy, ijtimoiy, ekologik, shuningdek, sog‘liqni saqlash sohasidagi muammolarni hal qilish imkoni paydo bo‘ldi.

Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Germaniyaning O‘zbekistondagi elchisi doktor Tilo Klinner ushbu ustuvor yo‘nalishdagi yutuqlar nafaqat O‘zbekiston fuqarolari, balki Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari aholisi uchun ham manfaat keltirishi, Orol fojiasi salbiy oqibatlarini global miqyosda kamaytirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladi.

Germaniya hukumati bilan kelishuv imzolanishi xalqaro hamjamiyatning Orol dengizi inqirozidan jabr ko‘rgan odamlarning ekologik, iqtisodiy va ijtimoiy muammolarini hal etish bo‘yicha umumiy sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga sodiqligini tasdiqlaydi.

Ma’lumot uchun, Trast jamg‘armasining ustuvor yo‘nalishlari doirasida Qoraqalpog‘istonning Beruniy, Taxtako‘pir, Bo‘zatov, Qo‘ng‘irot va Mo‘ynoq tumanlari hamda Nukus shahrida 7 ta loyiha amalga oshirilib, 16 million dollardan ortiq mablag‘ jalb etildi.