Yoxud yangi hukumat taraddudi
27 sentyabr kuni Germaniya bundestagi uchun o‘tgan saylovda mo‘jiza ro‘y bermadi, voqealar kutilmagan o‘zanga burilib ketmadi. Taxmin qilinganidek, kantsler Angela Merkel boshchiligidagi xristian-demokratik ittifoq/xristian-sotsialistlar ittifoqi, ya’ni konservatorlar g‘alaba qozondi. Ikkinchi yirik siyosiy kuch sanalgan sotsial-demokratlar va ular nomzodi Frank-Valter Shtaynmayer mag‘lubiyatga uchradi. Saylovda omadli ishtirok etgan erkin demokratik partiya – liberallar boshiga esa davlat qushi qo‘ndi. Hozirda ushbu partiya konservatorlar bilan birga koalitsion hukumat tuzish harakatida. Saylov mamlakatdagi qizg‘in siyosiy jarayonning debochasi bo‘ldi deyish mumkin. Negaki, o‘ziga xos boshqaruv tizimiga ega Germaniyada ba’zan saylovdan ham ko‘ra hukumat tashkil etish jarayoni qizg‘inroq kechadi.
Saylovchi ko‘proq kimga ishonch bildirdi?
Hisob-kitoblarga qaraganda, xristian-demokratik ittifoq/xristian-sotsialistlar ittifoqi bloki 33,8 foiz, ya’ni 2005 yilgi saylovga nisbatan 1,4 foiz kamroq ovoz yig‘ishga erishdi. Zamonaviy Germaniya davlatining yorqin siyosatchisi Konrad Adenauer asos solgan siyosiy harakat bu gal bundestagdagi 228ta o‘ringa da’vogarlik qilmoqda.
So‘nggi yillarda vitse-kantsler va tashqi ishlar vaziri vazifalarini bajarib kelgan Frank-Valter Shtaynmayer rahbarligidagi sotsial-demokratlar partiyasi esa 23% foiz ovoz oldi. Bu GFRga asos solinganidan buyon partiyaning eng yomon ko‘rsatkichi sifatida baholanmoqda. Negaki, partiya parlamentdagi 146 o‘rinni egallayotgan bo‘lsada, 11,2 foiz saylovchilari ishonchini yo‘qotdi. O‘n bir yil hukumatda o‘tirgan sotsial-demokratlar muhim pozitsiyani boy berdi. Shu bois ham, partiya saylov tugashi bilan o‘zini yangi hukumatga muxolif deb e’lon qildi.
Erkin demokratik partiya o‘z tarixidagi eng yaxshi natijaga erishdi. 14,6% ovoz to‘plagan liberallar parlamentdagi 94 o‘ringa ega bo‘lishi kutilmoqda. Saylovda imkoniyati doirasida ishtirok etgan so‘llar partiyasi – 11,9%, yashillar – 10,7% ovoz yig‘di. Bundestagning yaqin tarixidagi 17-caylovda 62 mln. aholi 27ta partiya uchun ovoz berdi. Ammo partiyalar soni yigirmadan oshsada, parlamentdagi asosiy o‘rinlar yuqorida zikr etilgan partiyalar tomonidan taqsimlab olindi (ko‘plab davlatlarda bo‘lgani kabi Germaniyada ham umumiy saylovchilarning besh foiz ovozini olgan partiyagina parlamentga o‘ta oladi).
Sotsial-demokratlar quyoshining botishi
Germaniya qonunchiligi bo‘yicha saylovda g‘alabaga erishgan partiya boshqa siyosiy partiya bilan birgalikda koalitsion hukumat tuzishi zarur. Bu gal xristian-demokratlar erkin demokratik partiya bilan koalitsion hukumati tashkil etadigan bo‘lib turibdi. Hozircha parlamentdagi 622 o‘rindan 332tasi mazkur ikki partiya a’zolariga tegishli. Darvoqe, ushbu o‘rinlar soni oshishi ham mumkin. Gap shundaki, nemis qonunchiligiga ko‘ra, har bir fuqaro ikkita ovozga ega. Ya’ni u avvalo, saylov uchastkasidagi o‘z nomzodiga ovoz beradi. Bunda eng ko‘p ovoz olgan nomzod g‘alaba qiladi (bu majoritar tizim deb ataladi). Ayni zamonda, saylovchi muayyan partiya uchun ham ovoz beradi. Mazkur ikkinchi ovoz hisoblanib, partiyalarga qo‘shimcha mandat sifatida beriladi (bu proportsional saylov tizimi sanaladi, ya’ni Germaniyada bir paytning o‘zida saylovning har ikki usuli qo‘llaniladi).
Asli, erkin demokratik partiya va xristian-demokratlar o‘rtasida koalitsion hukumat tuzilishi yangilik emas. Bu ikki siyosiy kuch mashhur kantsler Gelmut Kol davridan boshlab – 1982-1998 yillar mobaynida siyosiy hamkor sifatida faoliyat yuritib kelgan. Biroq eski qadrdonlik munosabatlariga tayanib, konservatorlar va liberallar osongina koalitsiya tuzadi deyish to‘g‘ri emas. Chunki ikki partiya o‘rtasida ijtimoiy-iqtisodiy masalalarda o‘ziga xos farqli qarashlar mavjud.
Har kimniki o‘ziga…
Gido Vestervelle yetakchiligidagi liberallar mamlakat soliq tizimini isloh qilish va keskin soddalashtirish talabi bilan chiqmoqda. Ular taklif etayotgan kontseptsiya bo‘yicha fuqarolarni soliqqa tortish uch ko‘rinishda bo‘lishi – 20 ming yevrogacha daromad topadigan shaxslar 10 foiz, 50 ming yevrogacha daromad qiladiganlar 25 foiz, 50 ming yevrodan yuqori daromad topadiganlar esa 35 foiz soliqqa tortilishi kerak. Xristian-demokratlar esa ushbu tashabbusni nojiddiy reja deb baholagan.
Xristian-demokratlar Nyurnbergdagi Mehnat masalalari bo‘yicha federal idorani yanada kengaytirish tarafdori. Ular bu bilan ijtimoiy himoyani yanada kuchaytirishni maqsad qilishgan. Davlat xarajatlarini qisqartirishni niyat qilgan liberallar esa ushbu federal idora bahridan o‘tishni ma’qul ko‘rmoqda.
Liberallar xodimlarni ishdan bo‘shatish haqidagi qonun talablarini yengillashtirish, bu borada kichik va o‘rta korxonalarga ko‘proq erkinlik berishni taklif qilmoqda. Konservatorlarga esa mazkur reja manzur emas.
Erkin demokratlar Germaniyada umumiy harbiy majburiyatni bekor qilish va bundesverni professional armiyaga aylantirishni xohlaydi. Bu reja xristian-demokratlarning umumiy dasturiga muvofiq kelmaydi.
Konservatorlar va liberallar o‘rtasida bulardan tashqari, cog‘liqni saqlash va tibbiy sug‘urta borasida ham o‘ziga yarasha ziddiyatli nuqtai nazarlar bor.
Tashqi ishlar vazirimi yoki superministr?..
O‘zaro farqli yondashuvlarga qaramasdan, konservatorlar va liberallar koalitsion hukumat tashkil etish borasidagi dastlabki muzokaralarni boshladi. Xabarlarga ko‘ra, ikki siyosiy yetakchi – Angela Merkel va Gido Vestervelle o‘rtasidagi dastlabki uchrashuv 5 oktyabr – dushanba kuni o‘tishi mo‘ljallangan.
Aslidaku, kelgusi to‘rt yilda Germaniya kantsleri bo‘ladigan Angela Merkel xonim uchun hukumatni tezroq shakllantirish muhim. Negaki, jahonda moliyaviy inqiroz va keskin siyosiy vaziyat hukm surib turgan bir paytda hukumatni tezroq tuzish, ichki va tashqi siyosatni aniqlashtirib olish g‘oyat zarur. Qolaversa, yana sanoqli kunlardan keyin 9 noyabr kuni Germaniyada katta siyosiy tadbir – Berlin devori qulashining yigirma yilligi nishonlanadi.
Odatda, koalitsion hukumatda ishtirok etayotgan ikkinchi partiya yetakchisiga vitse-kantslerlik va tashqi ishlar vaziri lavozimi topshiriladi. Shu ma’noda, ko‘pchilik liberallar yetakchisi Gido Vestervelle vitse-kantsler va tashqi ishlar vaziri bo‘lishini taxmin qilayotgan edi. Ammo kuni kecha nemis matbuotida Gido Vestervelle superministr – bir paytning o‘zida moliya va iqtisodiyot vaziri bo‘lishi ehtimoli haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Ayrim kuzatuvchilar ham «Erkin demokratik partiya asosan ichki siyosatga oid islohotlarni ilgari surmoqda, shuning uchun partiya rahbari tashqi ishlar vaziri emas, superministrlikni egallagashi kerak» degan fikrni aytmoqdalar.
Asosiy qahramonlar esa bu borada aniq bayonotga berishga shoshilmayotirlar. Hukumat tashkil etish masalasida ham nemis diplomatiyasiga xos vazminlik yana bir karra namoyon bo‘lmoqda.
Abdul Sobir