Yaqin Sharqda «Quyma qo‘rg‘oshin» harbiy operatsiyasi davom etmoqda, vaziyat esa o‘nglanganicha yo‘q
Nima bo‘ldi?
Falastinda 2006 yilgi parlament saylovlarida g‘alaba qozongan XAMAS tashkiloti bilan Isroil hukumati o‘rtasida bundan yarim yil oldin tinchlik bitimi imzolangan edi. 19 dekabr kuni mazkur ahdnoma yakuniga yetdi. Rasmiy Tel-Aviv muddatni yana uzaytirishni taklif etdi, ammo XAMAS bunga javoban Isroilning janubiy tumanlarini o‘qqa tutdi. Natijada 27 dekabr kuni Isroil harbiylari tomonidan G‘azo sektorini jangarilardan tozalash maqsadida «Quyma qo‘rg‘oshin» operatsiyasini boshladi.
Isroil tomoni o‘z havo zarbalari olti oylik sulh tugaganidan beri G‘azodan yahudiy davlati hududiga muntazam ravishda uyushtirilayotgan raketa hujumlariga javoban amalga oshirilayotganini aytgan. Isroil harbiylari hozir mintaqadagi terrorchilarning boshqaruv tizimlari, kazarmalar, ilmiy laboratoriyalar bazalari, politsiya mahkamalari, qurol-yarog‘ omborxonalarini o‘qqa tutmoqda. Isroil tomoni harbiy operatsiyani borgan sari kuchaytirayotgan bir paytda XAMAS ham bunga javoban yer osti tunnellaridan qurol-yarog‘lar olib kirib, Isroilga raketa zarbalarini bermoqda. Isroil tomoni chegaralarni qo‘shimcha harbiylar hisobiga kuchaytirgan.
Birinchi kun
Isroil harbiylari 27 dekabr mahalliy vaqt bilan soat 11 dan 30 daqiqa o‘tganda «Quyma qo‘rg‘oshin» operatsiyasini boshladi hamda G‘azo sektoriga 50 samolyot va vertolyotlar yordamida birinchi zarbalarni berdi, shu kuni qariyb 170 ta ob’ekt nishonga olingan. Oqibatda 225 nafar odam halok bo‘lgan, qariyb 700 nafar fuqaro jarohatlangan. Mutaxassislar hisob-kitobicha, bu Isroilning G‘azo sektorida 1967 yildagi 6 kunlik operatsiyasidan keyingi eng yirik amaliyotdir.
6 yanvar
Isroil harbiylari G‘azoga, G‘azodan esa XAMAS jangarilari Isroilning janubiy hududlariga raketa zarbalari berishdi. Shu kunga qadar 400 nafardan ziyod odam halok bo‘lgan, jarohatlanganlar soni mingdan ortiq. Isroil mudofaa vaziri Exud Barak G‘azodagi harbiy harakatlar «qancha vaqtni taqozo etsa, shuncha muddat qolishi»ni aytgan.
Mamlakat Prezidenti E.Olmert harbiy operatsiya muvaffaqiyatli yakunlangunga qadar davom etishini bildirgan. XAMAS yetakchilaridan biri Xolid Mashal esa, G‘azodagi blokada olib tashlansagina Isroil bilan bitim tuzishini bildirgan. Yana bir ma’lumotga ko‘ra, G‘azo mintaqasining 20 kilometrlik hududida olib borilayotgan amaliyotlar 2009 yilning 31 martiga qadar davom etishi mumkin. Falastin rasmiylari ularning ma’muriyatlari «moliyaviy vayronagarchilik»ka yuz tutayotgani haqida ogohlantirganlar.
Yangi bayonot
Falastin ma’muriyati boshlig‘i va FATH harakati rahbari Mahmud Abbos Isroilning G‘azodagi hujumini qoraladi va XAMAS yo‘lboshchilarini yangi xunrezlikning oldini olish borasida hech qanday chora-tadbir ko‘rmaganlikda aybladi. FATH rahbari, agar Isroilning harbiy harakatlari XAMAS rejimining tugashi bilan yakunlansa, G‘azo sektoridagi hokimiyatni o‘z qo‘liga olishini ma’lum qilgan.
Uchinchi intifada
XAMAS yetakchisi Ismoil Xoniya hujumlarni «Falastin tarixidagi eng ayanchli xunrezlik» sifatida ta’rifladi. Damashqda chiqish qilgan XAMASning yana bir yetakchisi – Xolid Mashal uchinchi intifadani boshlashga chaqirdi. (Intifada – arabcha qutulish degani, bu o‘rinda xalq qo‘zg‘oloni, degan ma’noda. Isroilga qarshi Falastinning birinchi intifadasi 1986 yilda boshlangan va 1993 yilda Falastin muxtoriyati tashkil etilishi bilan yakunlangan edi, ikkinchisi 2000-2004 yillarda davom etib, Yosir Arofatning vafotidan so‘ng yakunlangan.)
– Bu tarixiy damlardir. Birinchi, ikkinchi intifada davrida yelkama-elka turganimizdek, siyosiy kelishmovchiliklarimizdan qat’iy nazar, ikkinchi intifada uchun ham yelkadosh bo‘lamiz. Navbatdagi harakatni boshlar ekanmiz, nafaqat G‘azo, balki G‘arbiy Sohilda ham bugun birlashmog‘imiz lozim, – dedi XAMAS yetakchilaridan biri Xolid Mashal.
Dunyo ahli qanday fikrda?
Rossiyaning taklifiga binoan BMT Xavfsizlik kengashi Isroil va falastinliklarni harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatib, mintaqa aholisiga gumanitar yordamlar ko‘rsatishga qaratilgan bayonnoma qabul qilgan. Yevropa Ittifoqi, Frantsiya va Rossiya Isroilning hujumlarni zudlik bilan to‘xtatishi tarafdori. Arab davlatlari, Pokiston, Turkiya va Xitoy esa Isroil harakatini keskin qoralashgan.
Misr ham rasmiy Tel-Aviv harakatiga qarshi, ammo rasmiy Qohira mintaqadagi vaziyatda XAMASning ham aybi borligini aytgan. Xususan, Isroil yarador falastinliklar uchun Rafax shahrini ochib qo‘ygan, XAMAS esa bunga to‘sqinlik qilmoqda.
Kuchlar farqi
Isroil va XAMAS tashkiloti harbiylarining kuchlari aniq emas. Ayrim ma’lumotlarda XAMAS 20 mingdan ortiq jangarilarga egaligi aytilgan. Iqtisodiyotida harbiy sanoat asosiy o‘rinni egallaydigan Isroilda esa bu ko‘rsatkich yanayam ko‘proq ekani aytilmoqda.
Mojaroning ildizi qaerda?
degan savolga javob berishga harakat qilamiz: bu, avvalo, Isroil bilan arab davlatlari o‘rtasida o‘n yilliklar mobaynida o‘z yechimini topmay kelayotgan mojaro (1948, 1956, 1967, 1973, 1982 yillardagi arab–Isroil urushlari shular jumlasidan)ning bevosita davomidir. Ikkinchidan, xalqaro terrorizm, xususan Yaqin Sharq mintaqasida qator jangari guruhlarning paydo bo‘lishi, ularning Isroilga qarshi o‘ta reaktsion kayfiyatdagi jangarilik urinishlari bugungi mojarolarga olib keldi.
Prezident Jorj Bush, uning rahbariyati Isroil va Falastin o‘rtasida tinchlikni targ‘ib qilishga yetarlicha e’tibor qaratmayapti, degan tanqidga «unday emas» deb javob qiladi.
Ichki nizolar
Falastindagi ikki yetakchi siyosiy harakat – FATH va XAMAS o‘rtasidagi birodarlik aloqalari g‘animlarcha munosabatga aylanganiga ancha bo‘ldi. Shu bois Falastinda qo‘shhokimiyat yuzaga kelgan. Mahmud Abbos boshchiligidagi FATH allaqachon Isroil davlatini tan olgan. Avval-boshdan yahudiy davlatiga qarshi bo‘lgan XAMAS esa bu masalada muxtoriyat raisi bilan hamfikr emas (2004 yilning o‘zida Islom qarshilik harakatining ikki yirik yetakchisi – Ahmad Yosin va Abdulaziz Rantisiy Isroil xavfsizlik kuchlari tomonidan o‘ldirilgan edi. Shundan keyin XAMAS yahudiy davlatiga qarshi ayovsiz kurash e’lon qilgan).
Mahmud Abbos – 1967 yilgi chegara bo‘yicha G‘azo hududi, G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddusni o‘z ichiga olgan Falastin davlatini tashkil etish tarafdori. XAMAS harakati esa tarixiy chegaralar tiklanishini va Falastin o‘ziga qarashli bo‘lgan barcha hududlarga egalik qilishini istaydi.
Xo‘sh, endichi?
Mintaqadagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun Rossiya, AQSh va BMT kabi davlatlarning ta’sirini yana ham kuchaytirish e’tiborga molik. Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatishning juda ko‘plab vositalari bor. Ammo bu vositalarga tomonlar qanday munosabatda bo‘lishadi – ko‘p narsa shunga bog‘liq.
Behbud Botirov