G20: Turkiya global iqtisodiy mashvaratga mezbonlik qildi

15-16 noyabr kunlari Turkiyaning Antaliya provintsiyasi Belek shahrida yilning eng muhim iqtisodiy mashvarati – “Katta yigirmalik” (G20) sammiti bo‘lib o‘tdi. Sayyoramizning qudratli mamlakatlari rahbarlari ishtirokidagi anjumanda jahon iqtisodiyoti ahvoli, iqlim o‘zgarishlari kabi masalalar muhokama etildi. “Katta yigirmalik”ning ayni paytdagi raisi va mezbon Turkiyaning taklifiga binoan, sammit dasturiga terrorizmga qarshi kurash va qochoqlar masalasi ham kiritildi.

“Katta yigirmalik” sammiti Parijda joriy yil 13 noyabr kuni ro‘y bergan qo‘poruvchilik harakatlari qurbonlari xotirasiga hurmat yuzasidan sukut saqlash bilan boshlandi. Sammit raisi, Turkiya prezideti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Frantsiya davlati va xalqiga ushbu fojia munosabati bilan hamdardlik bildirdi.

Turkiya yetakchisi “Katta yigirmalik” iqtisodiy masalalar qatori siyosiy va ijtimoiy barqarorlik muammolariga ham e’tibor qaratishi lozimligini ta’kidladi.

“Terrorizm barchamizga, bizning osuda hayotimizga va barqarorligimizga tahdid solmoqda. Turkiya sammit ishtirokchilari xavfsizlik borasida bundan-da faol hamkorlik qilmog‘i lozim deb hisoblaydi”, – dedi Rajab Toyib Erdo‘g‘an.

Turkiya rahbari terror tegirmoniga suv quyayotgan qashshoqlik, ishsizlik kabi illatlarga qarshi kurashish muhimligini ham qayd etdi.

Tomonlar terrorizmga qarshi iqtisodiy jabhada faol kurashish, xususan, axborot almashinuvini kuchaytirish, qo‘poruvchi guruhlarning moliyaviy manbalariga barham berish, chegara nazorati va aviatsiya xavfsizligini kuchaytirishga kelishib olishdi.

“Katta yigirmalik” yetakchilariga ko‘ra, “terrorizmni biror bir din, millat, tsivilizatsiya yoki etnik guruhga nisbat berib bo‘lmaydi”.

Sammitda dunyoning og‘riqli muammosi bo‘lib qolayotgan qochoqlar masalasini ham adolat nuqtai nazaridan hal etish lozimligi ta’kidlandi.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Munning taklifiga ko‘ra, Yaqin Sharq qochoqlariga yordam ko‘rsatish bo‘yicha amaliy harakat rejasi tuzish lozim. Ikkinchi jahon urushidan keyin AQSh G‘arbiy Yevropa davlatlariga ko‘mak uchun “Marshall rejasi”ni ishlab chiqqan edi. BMT Bosh kotibining ta’kidlashicha, Yaqin Sharq qochoqlariga yordam rejasi ham shu kabi amaliy ahamiyat kasb etmog‘i shart. BMT yetakchisi suriyalik 4 milliondan ziyod qochoqni o‘z bag‘riga olgan Turkiya, Iordaniya, Livan kabi davlatlarga minnatdorlik bildirdi va boshqa mamlakatlarni ham amaliy harakatga undadi.

Sammit ishtirokchilari an’anaga ko‘ra global iqtisodiy vaziyatni ham muhokama qildi. Mashvaratda qayd etilishicha, moliyaviy buhron davom etayotgan qaltis bir pallada global o‘sishni 2018 yilga qadar 2 foiz darajada saqlab qolish, ishsizlikni kamaytirish lozim.  

“Katta yigirmalik” yetakchilari, shuningdek, Xalqaro valyuta jamg‘armasini isloh etish, ovoz va kvotalarni teng va xolis taqsimlash masalasini ham ko‘rib chiqdi. Bu borada qabul qilingan kommyunikeda AQSh Xalqaro valyuta jamg‘armasi bo‘yicha islohotlarni ratifikatsiya qilishga da’vat etilgan.

Antaliya sammiti doirasida “Katta yigirmalik” davlatlarining 2015-2016 yillarga mo‘ljallangan korruptsiyaga qarshi kurash harakat dasturi ham qabul qilindi. Shuningdek, atrof-muhit ifloslanishi va iqlim o‘zgarishlari sammit kun tartibidagi muhim masalalardan bo‘ldi. Muzokaralarda sayyoramiz ekologik musaffoligi va iqlim barqarorligini saqlash hayot-mamot masalasi ekani ta’kidlandi.

2016 yil “Katta yigirmalik”ning raislik navbati Turkiyadan Xitoyga o‘tadi. Antaliya sammiti Xitoy raislik davrida e’tibor qaratadigan asosiy yo‘nalishlar haqidagi taqdimot bilan yakunlandi.

Turkiya “Katta yigirmalik”ka raislik davrida bir yoqadan bosh chiqargan holda, dunyo bo‘yicha iqtisodiy o‘sishga erishishni asosiy maqsad etib belgiladi. Shu masqadda Turkiya ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar, xotin-qizlar va yoshlarning mehnat bozoriga integratsiyasini ta’minlash, dunyo miqyosida notenglikni kamaytirish bo‘yicha strategiya ishlab chiqdi va shu asosda amaliy chora-tadbirlar ko‘rdi. Turkiya raisligida 2014 yil 1 dekabrdan hozirga qadar 70 dan oshiq uchrashuv, shu jumladan, davlat rahbarlari va vazirlar darajasidagi anjumanlar o‘tkazildi.

“Katta yigirmalik” (G20) – Argentina, Avstraliya, Braziliya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Hindiston, Indoneziya, Italiya, Kanada, Xitoy, Meksika, Rossiya, Saudiya Arabistoni, AQSh, Turkiya, Frantsiya, JAR, Janubiy Koreya, Yaponiya va Yevropa Ittifoqi kabi dunyoning qudratli mamlakat va birlashmalaridan tashkil topgan iqtisodiy-moliyaviy klub. Dunyo yalpi ichki mahsulotining 85 foizi, xalqaro savdoning 75 foizi “Katta yigirmalik” hissasiga to‘g‘ri keladi.

Sobir Salim