Eron tarkibidagi Janubiy Ozarbayjon hududida yashayotgan ozarbayjon millatiga mansub aholi uchun o‘z ona tilida ta’lim olish muhim masala sanaladi. Bu haqda Diaspora faoliyati jurnalistlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat birlashmasi raisi Fuad Husaynzodaning maqolasida so‘z boradi.
“Bugungi kunda dunyo ozarbayjonlarining birdamligini yanada mustahkamlash maqsadida ham davlat darajasida, ham jamoat va ilmiy tashkilotlar darajasida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Ular tufayli xorijda yashayotgan yurtdoshlarimizning hamjihatligi xalqimiz va millatimizning mushtarak manfaatlari yo‘lida mustahkamlanmoqda. Biz dunyo ozarbayjonlarining birdamligi va birligi deganda Erondagi (Janubiy Ozarbayjon) vatandoshlarimizni ham nazarda tutamiz. U yerda yashayotgan 40 milliondan ortiq yurtdoshlarimizning har qanday muammo va qiyinchiliklari doimiy e’tibor markazida. Chunki ular ham xalqimizning tili va dini bir bo‘lgan vakillaridir”, – deb yozadi Fuad Husaynzoda.
2022 yil 25 noyabr kuni Bokuda bo‘lib o‘tgan “O‘rta yo‘lak bo‘ylab: geosiyosat, xavfsizlik va iqtisodiyot” xalqaro konferentsiyasining ochilishidagi nutqida prezident Ilhom Aliyev ham Eronda yashayotgan ozarbayjonlarning dunyoviy rivojlanish vektorini himoya qilish uchun barcha imkoniyatlar ishga solinishi haqida gapirgandi.
“Ozarbayjonda tahsil rus tilida olib borilayotgan 340 maktab faoliyat yuritadi. Bundan tashqari, respublikadagi 10 maktabda darslar gruzin tilida. Gruziyada 116 ozarbayjon tilli maktab mavjud. Eronda ta’lim arman tilida olib boriladigan maktablar bor, ammo ozarbayjon tilida ta’lim beriladigan birorta maktab yo‘qdir. Buni qanday tushunish mumkin? Agar kimdir bu ichki ishlarga aralashish deb aytsa, biz buni butunlay rad etamiz. Ozarbayjonning tashqi siyosati kundek ravshan – biz hech bir davlatning ichki ishlariga aralashmaganmiz va aralashmaymiz. Biz Eron maktablarida ozarbayjon tilida o‘qitish masalasini ko‘taramiz, aks holda o‘z ona tilida so‘zlashadigan Eron ozarbayjonlari tilning adabiy tarkibiy qismini yo‘qotadilar va Ozarbayjon tili faqat kundalik darajada qoladi”, – degan I.Aliyev.
Fuad Husaynzodaning qayd etishicha, Erondagi ozarbayjonlar ko‘p yillar davomida o‘z ona tillarida ta’lim olish va davlat muassasalarida undan foydalanish uchun kurashib kelmoqda. Chunki Eronda ozarbayjon tilidagi nashrlar taqiqlangani, milliy huquqlar uchun kurashayotgan yoshlar bosim ostida ekani aytiladi.
Muallif Erondagi vatandoshlarga ozarbayjon tilini o‘rgatish borasida virtual loyihalarni amalga oshirish muhim deb hisoblaydi.
“Eronda vatandoshlarimizning milliy va madaniy uyg‘onishi uchun madaniyat sohasida ishlar olib borish kerak. Quvonarlisi, qancha taqiqlar bo‘lmasin, ozarbayjonlar u yerda o‘z tillarini unutmaydilar. Endi ularning milliy o‘ziga xosligi, tarixi, shaxsiyati va qadriyatlarini tan olish ishlari kuchaymoqda. Albatta, texnologiya, internet tomonidan taqdim etilgan imkoniyatlardan foydalanish, yanada faol targ‘ibot ishlarini olib borish zarur”, – deb xulosa qiladi F.Husaynzoda.
Avvalroq “The Geopolitics” jurnali ham Erondagi ozarbayjonlarning til, milliy va madaniy o‘zlik bilan bog‘liq huquqlari poymol etilayotgani, bu boradagi cheklovlar olib tashlanishi kerakligi haqida yozgan edi.