Dunyoning 12 mamlakatidagi FETÖ terrorchi tuzilmasiga qarashli 79 ta tuzilma (o‘quv dargohlari, nodavlat tashkilotlari) yopildi yoki davlat tasarrufiga o‘tkazildi.
Onado‘li axborot agentligi xabariga ko‘ra, bu haqda Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlut Chovusho‘g‘li ma’lum qilgan.
Vazir ayni paytda terrorchilikda ayblanayotgan Fathulla Gulen va uning maslakdoshlarini AQShdan Turkiyaga ekstraditsiya qilish borasida muzokaralar davom etayotganini qayd etgan.
Ta’kidlanishicha, Turkiya Tashqi ishlar vazirligi bu borada AQSh Adliya vazirligi bilan doimiy muloqotda bo‘lib turibdi.
Mavlut Chovusho‘g‘li xorijiy mamlakatlardan hozirga qadar FETÖga aloqador ko‘plab shaxslar ushlab kelinganini bildirgan.
Avvalroq Turkiya Bosh vaziri Binali Yildirim AQShning yangi saylangan Prezidenti Donald Trampga yo‘llagan tabrigida FETÖ yetakchisini tez muddatga Turkiyaga keltirish masalasini ko‘targan edi.
“Terrorchilar boshlig‘i tez fursatda Turkiyaga ekstraditsiya qilinsa, Anqara va Vashington munosabatlarida yangi sahifa ochilgan bo‘lar edi”, – degan Binali Yildirim Qo‘shma Shtatlarning yangi saylangan rahbariga.
Umuman, Turkiya rahbariyati Fathulla Gulen boshchilik qilayotgan xalqaro tuzilma butun dunyo xavfsizligiga tahdid solayotganini aytib kelmoqda. Masalan, joriy yil dekabrda Germaniyada o‘tgan YeXHT mashvaratida Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlut Chovusho‘g‘li FETÖ dunyodagi boshqa terrorchi tuzilmalardan farq qilmasligi, shu bois unga qarshi kurashni kuchaytirish lozimligini uqtirgan.
Mazkur nutqai nazar mintaqadagi vaziyatni yaqindan o‘rganib kelayotgan olim va kuzatuvchilar tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanmoqda. Masalan, Rossiyadagi Sharqshunoslik, xalqaro aloqalar va jamoatchilik diplomatiyasi markazi direktori, turkolog Vladimir Avatkov Fathulla Gulen harakati Rossiya va Markaziy Osiyo uchun ham xatarli ekanini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 15 iyul kuni Turkiyada bir guruhlar harbiylar tomonidan davlat to‘ntarishiga urinish sodir etildi. Mamlakat rahbariyati, huquq-tartibot idoralari va xalqning sa’y-harakati bilan isyon bartaraf qilingan. Turkiya rahbariyati mazkur jinoyat AQShda yashayotgan Fathulla Gulen va uning terrorchi tashkiloti tomonidan uyushtirilgani borasida yetarli dalillar mavjudligini bildirgan. Davlat to‘ntarishiga urinish vaqtida 240 dan oshiq kishi qurbon bo‘lgan, 1500 dan ortiq kishi jarohatlangan. Harbiy isyon xalqaro hamjamiyat tomonidan keskin qoralangan.
Tahlilchilarga ko‘ra, 15 iyul fitnasi ortida dunyoning yirik saltanatlari – geosiyosatning katta o‘yinchilari turgan. Terrorchilar esa ularning qo‘lida qurol bo‘lgan, xolos.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on esa demokratik yo‘l bilan saylangan davlat boshqaruvi idoralariga qarshi chiqqan harbiylarni caraton o‘smasiga o‘xshatgan va barcha boshqaruv organlari bunday viruslardan tozalanishini aytgan.
Sobir Salim
Shu mavzudagi maqolalar:
Mehmet Akarja: “Turkiyani parchalab tashlamoqchi bo‘lgan kuchlarning umidi chippakka chiqdi”. 18.10.2016
Vladimir Avatkov: “Fathulla Gulen Rossiya va Markaziy Osiyoga do‘st bo‘lmaydi”. 17.08.2016