E-SUD milliy elektron sudlov axborot tizimidan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida Farg‘ona vodiysidagi fuqarolik ishlari bo‘yicha o‘n beshta tumanlararo sudga 57 komplekt zamonaviy kompyuter topshirildi, deb xabar beradi AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati.
Joriy yil 13 oktyabr kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudida mazkur hodisaga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosari – fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Xolmo‘min Yodgorov, AQShning mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Pamela Spratlen, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili o‘rinbosari Farid Karaxanov ishtirok etdi.
Yangi texnika O‘zbekiston Oliy sudi, AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi, BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan “O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik” qo‘shma loyihasi doirasida taqdim etildi.
Umumiy narxi 60 ming AQSh dollarini tashkil etgan texnika E-SUD innovatsion elektron axborot tizimiga ulanish imkonini yaratadi. Bu esa ishlarni ko‘rib chiqishda vaqtdan unumli foydalanish va odil sudlovga erishish darajasini oshirishga turtki beradi.
Tadbir doirasida mehmonlar sud devonxonasini ko‘zdan kechirib, E-SUD tizimining barcha bosqichlardagi faoliyati bilan tanishdilar. Tadbir yakunida ishtirokchilarga loyiha doirasida tayyorlangan “Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilish tartibi”, “Mehnat huquqiy munosabatlaridan kelib chiqadigan nizolar”, “Oila va nikoh munosabatlaridan kelib chiquvchi nizolar bo‘yicha sud amaliyoti” va “Sudning hal qiluv qarorini tuzish bo‘yicha amaliy qo‘llanma” kabi kitoblar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
E-SUD milliy elektron sudlov axborot tizimi 2013 yilda ishlab chiqilgan bo‘lib, avval-boshda faqat bittagina sudda ishlagan. Bugunga kelib tizimga respublikaning barcha 75 ta fuqarolik ishlari bo‘yicha sudi ulangan. Mamlakat bo‘yicha 950 ga yaqin mutaxassis E-SUD tizimidan foydalanishni o‘rgatishga bag‘ishlangan treninglarda qatnashdi. E-SUD tizimining joriy etilishi natijasida xizmat ko‘rsatish samaradorligi 50 foizga oshdi va hujjatlarni yo‘qotib qo‘yish holati bartaraf etildi.