Koreyslar bilan tanishuv jarayonida ularning ism-familiyalari e’tiboringizni tortishi aniq. Nimaga koreyslarning familiyalari deyarli bir xil? Darhaqiqat, Koreyada sanoqsiz Kim, Pak, Lilarni uchratishingiz mumkin. Lekin ularning qarindoshchilik rishtalari yo‘q. Qiziq… Uzoq Sharq an’analariga muvofiq, ism har doim familiyadan keyin yoziladi. Ko‘pchilik koreyslar o‘zini tanishtirayotganda amerikaliklar singari avval ismini, so‘ng familiyasini aytadi. Aslida esa mamlakat ichida eski an’anaga amal qilishadi.
Koreyslarning ismlari uch bo‘g‘indan iborat bo‘ladi. Masalan, bir koreysni oladigan bo‘lsak, Kim Im Su «Kim» uning familiyasi, «Im Su» ismi hisoblanadi. Koreyslarda otasining ismi qo‘shib aytilmaydi. Koreys ismlari Xitoy iyerogliflari orqali ifoda etiladi. Ya’ni, har bir ism o‘ziga xos falsafiy ma’noga ega. Ayollar va erkaklar ismlari deyarli farqlanmasada, ba’zi o‘rinlarda faqat ayollarga xos ismlar uchrab turadi.
Masalan, iyerogliflarda yoziladigan Mi ismi (ma’nosi: go‘zallik), Suk (tozalik), Xva (gul) kabi ismlar ayollarga nisbatan qo‘llaniladi. Erkaklarda uchraydigan Xo (yo‘lbars), Sok (tosh) singari ismlar ham Xitoy iyerogliflarida ma’noga ega. Demak, Pak Xva Mi ismi (gul-go‘zallik) ayollarda, Sok Xo (tosh-yo‘lbars) erkaklarga xos ismlardir.Shunday ismlar borki, ularni bir vaqtning o‘zida ham erkakka, ham ayolga nisbatan ishlatish mumkin. Masalan, Sin (shodlik), In (insoniylik) va boshqalar. Shuning uchun koreyslar ism tanlashda uzoq izlanmaydilar.
XIX asrning oxirlariga qadar koreys ayollarining ism—familiya huquqlari o‘zlarida emasdi. Ayollarni erlarining familiyasi yoki katta farzandining ismi bilan atashgan. Albatta, hozirgi kunga kelib, vaziyat o‘zgargan. Endilikda koreys ayollarining ism-familiya tanlashi erkin. Familiya bilan bog‘liq statistik ma’lumotlarga e’tiborimizni qaratamiz: 1980 yil hisob-kitoblariga ko‘ra, Koreya aholisining barchasi jami 298 familiyadan foydalanar ekan. 10 familiya eng ko‘p ishlatiladi. 1985 yilda Janubiy Koreya aholisi 44 millionni tashkil etgan bo‘lsa, shularning 8 millioni Kim, 6 millioni Li, 3,5 millioni Pak, 2 millioni Chxve (ruschasiga Soy), 1,8 millioni Chon familiyali odamlardir.
Bundan tashqari, Yun, Chan, Lim, Xan, O, Sim, So kabi familiyalar ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Bu biz uchun qiziq tuyulishi mumkin. Ammo koreyslar bunga e’tibor berishmaydi. Bir xil familiyalik ular uchun tushunmovchilik keltirib chiqargan holatlar kuzatilmaydi.Agar Koreyaga yo‘lingiz tushsa, ko‘plab Kimlar bilan muloqotda bo‘lasiz, Lilarning ham suhbatidan bebahra qolmaysiz, Paklar bilan tanishasiz. Ajablanmang, har 10 koreysdan 8 tasini Kimlar tashkil etadi.
Otabek YO‘LDOShEV tayyorladi