“Falling Walls Lab”: 3 daqiqa ichida 30 yillik qarashlarni o‘zgartirish mumkin…

Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universitetida (TXVU) “Falling Walls Lab” tanlovining O‘zbekiston bosqichi bo‘lib o‘tdi. Xalqaro tanlovda o‘zbekistonlik 10 ziyod yosh iqtidor sohibi ta’lim, muhandislik, axborot texnologiyalari, sog‘liqni saqlash, sotsiologiya, texnika kabi yo‘nalishlardagi innovatsion g‘oya va novatorlik tashabbuslar bilan qatnashdi.

Ishtirokchilarni TXVU rektori Bahrom Mirqosimov hamda Germaniya elchisining muovini Kristofer Fuks qutladi.

Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi shafeligidagi tashkil etilgan tanlov qatnashchilari jamiyat hamda ilm-fan taraqqiyotiga xizmat qiluvchi loyiha hamda tashabbuslarni 3 daqiqada maromiga yetkazib taqdim etishlari talab etildi.

Iqtidorli yoshlarning ijodiy loyihalari O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Sirojiddin Mirzayev, Boxumdagi Rur universiteti tadqiqotchisi Johanna Rust, Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi madaniyat ishlar bo‘yicha attashesi Horieh Adlkhah hamda boshqa nufuzli mutaxassislardan iborat hakamlar hay’ati tomonidan baholandi.

Tanlovda ta’lim, muhandislik, IT, sog‘liqni saqlash, sotsiologiya kabi yo‘nalishlardagi novatorlik g‘oyalari taqdim etildi.

Ijodiy bellashuv yakunida Jizzax politexnika instituti talabasi Jaloliddin Yunusov xalqaro tanlovning milliy bosqichi g‘olibi deb topildi. Muhandislik yo‘nalishida tahsil olayotgan J.Yunusov motorlarni ichxam va samarador qilish bo‘yicha original loyihani taqdim etdi.

“Falling Walls Lab”ning milliy bosqich g‘olibi Germaniya poytaxti Berlin shahrida joriy yil 9 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan yakuniy bosqichda qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi. Dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan 100 nafar finalchi “Falling Walls Lab”ning katta sahnasida mutlaq g‘oliblik uchun kurashadi. Innovatsion loyiha va g‘oyalarni olimlar, tadbirkorlar, siyosatchilar, jurnalistlar hamda fuqarolik jamiyati faollaridan iborat nufuzli hakamlar hay’ati baholaydi, jarayonni yetakchi ommaviy axborot vositalari kuzatib boradi.  Mutlaq g‘olib pul mukofotidan tashqari o‘z g‘oya hamda tashabbuslarini xalqaro miqyosda tanitish imkonini qo‘lga kiritadi.

Ijodiy g‘oyalarni xalqaro miqyosda tan olingan ekspertlar baholab bordi.

“Falling Walls Lab” tanlovi shu nomli jamg‘arma tomonidan ta’sis etilgan. Eng muhimi, xalqaro tanlov yosh kashshoflar hamda bo‘lajak daholarga ilm-fan, ishlab chiqarish, biznes hamda ijtimoiy yo‘nalishdagi innovatsion tashabbus, kontseptsiya va loyihalarini yuzaga chiqarish, amaliyotga tatbiq etish va dunyo miqyosida hamkoru hammaslaklar topish imkonini tuhfa etadi.

Xalqaro tanlov Germaniya ta’lim va tadqiqotlar vazirligi, Berlin senati hamda “Google”, “Huawei” kabi kompaniyalar tomonidan moliyalashtiriladi. Loyiha, ayni choqda, Germaniya tashqi ishlar vazirligi hamda Akademik almashuvlar xizmati (DAAD) tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.

1961 yili barpo qilingan Berlin devori GFR va GDR o‘rtasidagi chegara vazifasini o‘tagani ma’lum. Salkam 30 yil davomida yagona olmon xalqi orasida g‘ov bo‘lgan devor 1989 yilning 9 noyabrida quladi. Berlin devorining qulashi nafaqat Germaniya xalqi, balki butun dunyoda erk, ozodlik va demokratiya yo‘lidagi kurashayotgan millatlarga o‘ziga xos ilhom manbai bo‘ldi. Berlin devori qulaganining 20 yilligi munosabati bilan ta’sis etilgan “Falling Walls Lab” tanlovi ham butun sayyoramiz bo‘ylab yangi g‘oyalarni kashf etishga xizmat qilmoqda.

C.Calim