Falastin elchisi O‘zbekiston bilan hamkorlikni ijobiy baholadi

Falastin Davlatining O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi Favqulodda va muxtor elchisi, doktor Muhammad Tarshahani Toshkentda bir guruh jurnalistlar bilan uchrashdi.

Diplomat Falastin va O‘zbekiston hamkorligining bugungi holatini qoniqarli deb baholadi.

Qayd etilishicha, ikki tomon ham siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor.

O‘zbekiston va Falastin tarafi ikki tomonlama munosabatlar, shuningdek, BMT, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik istiqbollarini muntazam muhokama qilib kelmoqda. Xususan, 2018 yil 1 avgust kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Toshkent shahriga tashrif bilan kelgan Falastin Tashqi ishlar va ekspatriantlar vaziri Riyod al-Malikiy bilan uchrashgan edi.

O‘zbekiston tomoni Falastin xalqi bilan uning o‘z suveren davlatini tashkil etish intilishlari borasida birdam va Falastinning Yaqin Sharqdagi mojarolarni tinchlik muzokaralari o‘tkazish yo‘li bilan bartaraf etish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Diplomatning ma’lum qilishicha, kelgusi oylarda ham yuqori darajadagi uchrashuvlar rejalashtirilmoqda.

Elchi Muhammad Tarshahani ommaviy axborot vositalarida “asr kelishuvi” deb atalayotgan, Yaqin Sharqdagi ziddiyatlarni hal etish bo‘yicha AQSh tomoni taklif etayotgan tashabbusga ham munosabat bildirdi.

Joriy yil iyun oyida Bahrayn poytaxti Manamada ikki kunlik uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda AQSh ma’muriyatining Yaqin Sharq ixtilofi bo‘yicha tashabbusi – “asr kelishuvi”ning iqtisodiy jihatlari muhokama qilindi. Falastin tomoni ushbu tadbirga boykot e’lon qildi. Elchi Muhammad Tarshahaniga ko‘ra, ushbu tashabbus Falastin xalqi manfaatlarigi muvofiq kelmaydi.

Diplomat muloqot asnosida Falastindagi milliy birdamlik masalasiga ham to‘xtaldi.

Elchi Muhammad Tarshahani mavjud vaziyatda xalqaro hamjamiyat qo‘llab-quvvatlovi har qachongidan ham muhim ekanini ta’kidladi.

Sobir Salim