Shveytsariyalik taniqli professor Daniyel Ganser «NATOning maxfiy qo‘shinlari: G‘arbiy Yevropada terrorizm» (NATO‘s secret Armiyes: Terrorism in Western Europe) deb nomlangan kitobini nashrdan chiqardi. Tarixchi olimning tadqiqotlariga ko‘ra, o‘tgan 50 yil vaqt davomida AQSh maxsus xizmatlar vositasida G‘arbiy Yevropa davlatlarida bir qator qo‘poruvchilik harakatlari sodir etgan. Ko‘pincha so‘l qanot siyosiy guruhlar zimmasiga yuklangan teraktlarni uyushtirishda NATOning maxfiy guruhlari ham faol ishtirok etgan. Olimning ta’kidlashicha, musulmon davlatlaridagi neft resurslarini egallash va islom diniga nisbatan qo‘rquv uyg‘otishda beqarorlik strategiyasi deb atalgan ushbu kurash usulidan hozir ham foydalaniladi. Quyidagi suhbatda professor Daniyel GANSER butun dunyoda katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan ushbu tadqiqot yuzasidan ayrim savollarga javob beradi.
— NATOning maxfiy armiyalariga bag‘ishlangan kitobingizda yolg‘on terror va beqarorlashtirish strategiyasining nechog‘lik xatarli ekanini ochib berishga uringansiz. Aslida beqarorlashtirish strategiyasi deganda nimani tushunmoq lozim?
— Beqarorlik strategiyasining mohiyati shundaki, kimdir tomonidan sodir etilgan jinoiy xatti-harakat ustalik bilan boshqalar gardaniga yuklanadi. Ushbu taktika odamlarni qo‘rquv va tahlika solishda qo‘llaniladi. «Sovuq urush» davrida beqarorlashtirish strategiyasidan unumli foydalangan NATOning maxfiy tuzilmalari AQShning Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) tomonidan moliyalashtirilgan va o‘qitilgan. Bu jarayonda ingliz josuslik xizmati (MI-6) ham faol qatnashgan. Masalan, 1970-yillarda Italiya maxsus xizmati maxfiy armiya ko‘magi bilan ko‘plab teraktlar sodir etgan. Aholi orasida kuchli qo‘rquv paydo bo‘lishiga olib kelgan qo‘poruvchilik harakatlari kommunistlar zimmasiga yuklangan. Siyosiy guruhlar terror va yolg‘on vositasida hokimiyat uchun kurash olib borishgan.
— Bu gaplarni, albatta, jiddiy tadqiqotlarga tayangan holda aytyapsiz. Biroq baribir Yevropa davlatlari hukumatlarining NATO, Markaziy razvedka boshqarmasi va maxsus xizmatlarga erk berib, o‘z fuqarolari xavfsizligiga tahdid solganiga ishonish qiyin…
— Bilasizmi, butun Yevropani o‘rgimchak to‘ri kabi o‘z komiga olgan terror bilan bog‘liq maxfiy tarmoq markazida NATO turgan. Shimoliy ittifoqning Maxfiy rejalashtirish qo‘mitasi (Clandestine Planning Committee — CPC) beqarorlik siyosatini olib borishda asosiy tashkilotchi va ijrochi vazifasini bajargan. Biroq nozik jihat shundaki, garchi ushbu maxfiy tashkilotlarning faol ish olib borgani inkor etib bo‘lmas dalillar bilan tasdiqlangan bo‘lsada, qo‘poruvchilik harakatlarini aynan kimlar sodir etgani ma’lum emas. Yolg‘on teraktlar boshida kim turgan, kim buyruq bergan, NATO, Yevropa maxsus xizmatlari va MRB o‘rtasida vazifalar qay tariqa taqsimlangan? Afsuski, bu savollarga jo‘yali javob beradigan hujjatlar saqlanib qolmagan.
— Qiziq, nahotki, maxfiy qo‘shinlar G‘arbiy Yevropaning barcha davlatlarida faoliyat olib borgan bo‘lsa?..
— Tadqiqotlar davomida maxfiy armiyalar birgina Italiyada emas, butun G‘arbiy Yevropa mamlakatlari — Frantsiya, Belgiya, Gollandiya, Norvegiya, Daniya, Shvetsiya, Finlyandiya, Turkiya, Ispaniya, Portugaliya, Avstriya, Shveytsariya, Gretsiya, Lyuksemburg va Germaniyada ish olib borgani aniqlandi. Lekin bu o‘rinda bir jihatga oydinlik kiritib o‘tmasak bo‘lmas. Maxfiy armiyalar avval-boshda birinchi navbatda Sovet Ittifoqining ehtimoliy hujumlarini bartaraf etish maqsadida tashkil etilgan. NATOning Stay behind («dushman ortida bo‘lish» ma’nosida) nomi bilan tanilgan guruhi aynan yuz berishi mumkin bo‘lgan Sovet okkupatsiyasiga qarshi safarbar qilingan. Biroq keyinroq maxfiy harbiy guruhlar o‘z matlabidan chekinib Yevropa mamlakatlarida qo‘poruvchilik harakatlari uyushtirishga tushib ketgan. Siyosiy kurashda ko‘rinmas qurol sifatida foydalanilgan maxfiy guruhlar uyushtirgan teraktlar uchun so‘l partiyalar aybdor bo‘lib qolavergan.
— Tuhmat tufayli jabr ko‘rgan so‘l partiyalar nega shu paytgacha hukumatlardan tekshiruv o‘tkazishni talab qilib chiqmadi?
— Nega so‘l kuchlar tekshiruv talab qilmas ekan?! Masalan, Italiya kommunistik partiyasi hukumatdan mamlakatda «Gladio» nomi bilan faoliyat yuritgan yashirin armiya xususida tushuntirish berishni ko‘p bora talab qilgan. Biroq har safar bu ma’lumotlar davlat siri o‘laroq maxfiy tutilgan. Faqatgina 1990 yilda mamlakat bosh vaziri Julio Andreotti «Gladio» yashirin tarzda ish olib borgani va u NATO, MRB va MI-6 bilan yaqin aloqada bo‘lganini tan oldi.
Keyinroq sudya Felis Kasson Italiyaning Peteano shahrida 1972 yili amalga oshirilgan dahshatli teraktlar hukumat da’vo qilganidek, so‘l partiyalar emas, mamlakatdagi fashistlar guruhi a’zosi Vinchentso Vinchigerra tomonidan amalga oshirilganini isbotladi. Tergov davomida Italiya maxsus xizmati yordamiga suyanganini tan olgan Vinchentso Vinchigerra maxfiy tarmoqlar butun Yevropa bo‘ylab ishlashini ma’lum qilgan edi.
Darvoqe, maxfiy armiyalar masalasiga oydinlik kiritilishini talab qilgan Yevropa parlamenti deputatlari 1990 yilning noyabrida NATO va AQShning o‘sha paytdagi prezident katta Jorj Bushga norozilik xati yuborgan edilar. Biroq bu bilan hech narsa o‘zgarmadi. Hozirga qadar maxfiy armiya borasida Yevropaning uch davlati — Italiya, Shveytsariya va Belgiyadagina tekshiruvlar o‘tkazilgan.
— Hozirgi ahvol qanday? Maxfiy armiyalar, davlat nazoratidan tashqarida bo‘lgan tizimlar hali ham ishlayaptimi?
— Tarixchi uchun bu savolga javob berish qiyinroq. Biroq kitobimda bu masalada ham dalillarga tayanib fikr yuritishga harakat qilganman. Rasmiy tekshiruv xulosasiga ko‘ra, Italiyadagi «Gladio» guruhi tugatilgan. Shveytsariyada ko‘plab portlashlar uyushtirgan «R 26» armiyasi ham tarqatib yuborilgan.
Biroq boshqa davlatlar xususida aniq gap aytish qiyin. Masalan, Frantsiya prezidenti Fransua Mitteran maxfiy tizimlar tugatilganini e’lon qilgan edi. Biroq keyinroq prezident yolg‘on ma’lumot bergani fosh bo‘ldi. Frantsuz maxsus xizmati rahbari, admiral Per Lakost hattoki 1990-yillar boshida ham mamlakatda yashirin harbiy guruh ish olib borayotganini tasdiqladi. Shu bois ham, hammasi tugadi deb oxirgi xulosa aytish qiyin. Garchi «Gladio» rasman tarqatilgan bo‘lsada, beqarorlik strategiyasini davom ettirish uchun yangi tuzilmalarni tashkil etish hech gap emas…
— AQSh va NATO beqarorlik strategiyasini boshqa hududlarda ham amalga oshirdimi?
— Albatta, boshqa hududlarda ham yolg‘on terror usulidan foydalanilgan. Masalan, 1953 yili Eronda ro‘y bergan portlashlar jinoyati dastlab kommunistlarga qo‘yildi. Biroq bu neftni nazoratga olish maqsadida MRB hamda MI-6 tomonidan amalga oshirilgani ma’lum bo‘ldi. Boshqa bir misol: 1954 yili Misrda amalga oshirilgan teraktlar musulmonlar tomonidan qilingan degan xabarlar tarqaldi. Pirovardida esa terakt Mossad agentlari tomonidan uyushtirilgani, Isroil shu yo‘l bilan Buyuk Britaniya qo‘shinlarining arab davlatida qolishiga erishmoqchi bo‘lgani aniqlandi.
— Beqarorlik strategiyasini amalga oshirish paytida asosiy e’tibor ommada qo‘rquv uyg‘otishga qaratilishini aytib o‘tdingiz. Bu usul hozir ham qo‘llanilmayaptimi? Ya’ni, kecha kommunistlarga qarshi kayfiyat uyg‘otilgan bo‘lsa, bugun musulmonlarga nisbatan salbiy munosabat shakllantirilmayaptimi?
— Ha, aynan o‘xshash jihatlar yo‘q emas. Iroq urushiga tayyorgarlik chog‘ida Saddam Husayn ommaviy qirg‘in quroliga ega ekani, hatto Bag‘dod va «Al-qoida» tashkiloti o‘rtasida aloqalar mavjudligi da’vo qilindi. Haqiqatdan yiroq yolg‘on vositasida musulmonlar terrorizmni butun dunyoda yoyishyapti degan tasavvur hosil qilishga urinishdi. Aslida esa bu urush ortida energiya resurslarini egallash maqsadi yashiringan edi.
— 2001 yili Yevropa Ittifoqi terrorga qarshi kurashni kuchaytirdi. Biroq keyinroq ma’lum bo‘ldiki, bu tadbirlar Markaziy razvedka boshqarmasiga odamlarni o‘g‘irlash, maxfiy qamoqxonalarda qiynashga imkon bergan ekan. Bu vaziyatda Yevropa davlatlari AQShga bo‘lgan sadoqati va itoatining qurboni bo‘lmadimi?
— Yevropa davlatlarining AQShga e’tirozli munosabati har doim ham zaif bo‘lgan. Germaniya kantsleri Angela Merkel xonim Guantanamoda shart-sharoit, inson huquqlari masalasida Oq uyga e’tiroz bildirgan paytda Qo‘shma Shtatlar aniq tushuntirish berdi: Germaniya Iroq muammosida teng sherik, mamlakat maxsus kuchlari urush olovini yoqishga hissa qo‘shishgan. Shunday bo‘lgach, Germaniya jim turishi kerak!..
— Maxsus xizmatga ommani aldash imkoni berilgan bir sharoitda NATO o‘z fuqarolarining huquqlarini qanday qilib himoya qilishi mumkin?
— «Sovuq urush» davrida maxfiy armiyalar tomonidan amalga oshirilgan teraktlar xususida gap ketganda, NATO rahbariyati aniq bir javob berishdan o‘zini olib qochadi. 11 sentyabr voqealaridan keyin NATO hujumkorlik yo‘lini tanladi. Holbuki, u Yevropa xalqlarini Sovet Ittifoqi xurujidan himoya qilish uchun tuzilgan edi. Shimoliy ittifoq musulmon mamlakatlarning neft va gazini egallash uchun tashkil etilmagan edi.
Evropa odatda eng kuchli davlat bilan hamkorlik qilish kerak degan tamoyildan kelib chiqadi. Shu bois ham Yevropa parlamentariylari AQShning u yoki bu front uchun qo‘shimcha kuchlar kerakligi borasidagi bosimiga osongina yon beradi. Yevropa mamlakatlari qancha ko‘p yon berar ekan, shuncha kuchli tobe bo‘lib qolaveradi.
— Ommani yolg‘on bilan ovutish bugun qay darajada tarqalgan? Ushbu jinoiy faoliyatga to‘siq bo‘lish imkoni bormi?
— Xavotirli jihati, bugungi kunda terrorizmga qarshi kurash energiya resurslarini egallash yo‘lidagi harakat bilan qorishib ketgan. Qo‘shma Shtatlar nuqtai nazariga ko‘ra, kurash strategik muhim nuqtada joylashgan Ozarbayjon, Turkmaniston, Qozog‘iston, Fors ko‘rfazida esa Saudiya Arabistoni, Kuvayt, Eron, Iroq energiya manbalari ustidan nazorat uchun olib borilyapti. E’tibor bersangiz, terrorizmga qarshi kurash neft va gaz jamlangan nuqtada qizg‘in ketyapti.
Evropa mamlakatlari uyg‘onishi, beqarorlik strategiyasi qanday ishlayotganini anglashi lozim. Va nihoyat, ular AQShga «yo‘q» deyishni ham o‘rganishi kerak.
www.inosmi.ru sayti materiali asosida
Abdul Sobir tayyorladi