Evropa Ittifoqi Markaziy Osiyoda yangi dasturni amalga tatbiq etishga kirishmoqda

Evropa Ittifoqi barqaror iste’mol hamda ishlab chiqarish va mintaqada yashil iqtisodiyotga o‘tishni  qo‘llab-quvvatlash maqsadida Markaziy Osiyo uchun “Osiyo o‘zgarishlarini qo‘llab-quvvatlash” (SWITCH-Asia) dasturini amalga oshirishga kirishmoqda. Bu haqda YeIning O‘zbekistondagi delegatsiyasi matbuot xizmati xabar beradi.

Mazkur dastur taqdimoti ertaga  Qirg‘izistonning Bishkek shahrida o‘tkaziladi. Anjumanda Markaziy Osiyoda dasturni joriy qilish, barqaror iste’mol va ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq muammolar va mavjud imkoniyatlar muhokama qilinadi. Yig‘ilish qatnashchilari, shuningdek, keyingi uch yil davomida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston uchun mo‘ljallangan ishlar rejasini belgilaydilar.

Tadbir “Osiyo o‘zgarishlarini qo‘llab-quvvatlash” dasturi doirasida Barqaror iste’mol va ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash (BIICh) fondi, Yevropa Komissiyasi, Xalqaro hamkorlik va taraqqiyot bo‘yicha bosh direktorat (DG DEVCO) va Yevropa Ittifoqining manfaatdor delegatsiyalari hamkorligida tashkil etiladi. Milliy hukumatlar rasmiylari, YeI vakillari, BMT agentliklari va asosiy manfaatdor taraflar (biznes, ilmiy doiralar, nodavlat tashkilotlari, KMO‘K va boshqalar) Markaziy Osiyoning beshta mamlakatini kamuglerodli, resurslarni tejovchi va aylanma iqtisodga o‘tishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan BIICh modellarini rivojlantirish va uning ahamiyatiga bag‘ishlangan qizg‘in muhokamalarda qatnashadilar.

Ushbu taqdimot Yevropa Ittifoqi–Markaziy Osiyo forumi va 6-7 iyul kunlari bo‘lib o‘tadigan vazirlar uchrashuvi bilan bir paytga o‘tayotgani ramziy ma’noga ega. Zero, forumda yangi Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo strategiyasi taqdim etiladi. Ushbu strategiya, xususan, atrof-muhit, suv resurslari va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij bitimini amalga oshirish sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi muayyan bandni ham o‘z ichiga oladi.

Qayd etish joizki, barqaror iste’mol va ishlab chiqarish modellaridan yashil iqtisodiyotga va barqaror rivojlanishga o‘tishning dolzarbligi ko‘plab mamlakatlar tomonidan tobora ko‘proq e’tirof etilmoqda. Ushbu o‘zgarish muvofiq siyosat, rag‘batlantirish salohiyatiga ega tatbiq etish mexanizmlari, xabardorlik va ta’lim sifatini oshirish, shuningdek, innovatsiya va mas’uliyatni talab qiladi.

Ma’lum qilinishcha, Qozog‘iston va Qirg‘iziston mahalliy KMO‘K va xususiy sektorga asoslangan milliy yashil iqtisodiyot strategiyasini ishlab chiqish jarayonida turibdi. Xususan, Qozog‘iston energiya samaradorligini oshirish, ekologik xavfsiz texnologiyalarni qo‘llash va mamlakat tabiiy resurslarini barqaror boshqarish bo‘yicha tadbirlarni tobora kengaytirmoqda.

Qirg‘iziston esa organik qishloq xo‘jaligidan energiyani tejovchi yoritish va qayta tiklanadigan texnologiyalarga, shuningdek, yashil texnologiyalar kompaniyalariga mo‘ljallangan maxsus iqtisodiy zonani yaratishga qaratilgan tashabbuslar orqali ekologik toza rivojlanish modelini izlamoqda. Qirg‘iziston, shuningdek, mamlakat yashil iqtisodiyotining ustuvor yo‘nalishlarini belgilovchi qonunchilik bazasini ishlab chiqishga ham sodiqdir.

O‘zbekiston hukumati esa energiya samaradorligi va qayta tiklanadigan energiya manbalariga, xususan, quyosh energiyasini rivojlantirishga qaratilgan muhim qadamlar qo‘ydi.

Tojikiston ham muhim atrof-muhitni muhofaza qilish dasturlarini amalga oshirishga intilmoqda.

Barqaror iste’mol va ishlab chiqarishga o‘tish siyosiy, iqtisodiy, institutsional, qiziqish va texnologik o‘zgarishlar talab qiladi. Bu barqaror iste’mol va ishlab chiqarish tamoyillari, yondashuvlari va strategiyalarini birgalikda qo‘llash orqali amalga oshirildi. Kelgusi yillarda (2019-2022 yillar) Markaziy Osiyoning beshta mamlakati Osiyo o‘zgarishlarini qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida BIICh fondi mutaxassislaridan yordam oladilar.

“Osiyo o‘zgarishlarini qo‘llab-quvvatlash” (SWITCH-Asia) dasturi 2007 yilda YeI tomonidan joriy etilgan bo‘lib, dastur doirasida o‘tgan yillar davomida Osiyodagi o‘nlab mamlakatlardagi barqaror iste’mol va ishlab chiqarish jarayonlari rag‘batlantirildi. Endilikda dastur Markaziy Osiyo mamlakatlarini ham qamraydi.