2023 yilning 1 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Ëshlar ishlari agentligi tomonidan tashkil qilinayotgan, xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirishga qaratilgan navbatdagi “IBRAT Camp” start oldi. “IBRAT Camp”ning ushbu yangi mavsumi jahonning top universitetlariga kirish uchun kerakli maslahat, bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratiladi.
6-20 aprel kunlari davomida oromgoh tashkiliy jamoasi 7000 ga yaqin talabgorlardan arizalarni qabul qilib oldi. Ikkinchi bosqichga saralangan 600 nafar nomzod suhbatdan o‘tkazilib, 400 nafar ishtirokchi tanlab olindi.
Oromgoh ikki qismdan iborat bo‘lib, bir haftalik dastur davomida bakalavriyat bosqichiga o‘qishga kirmoqchi bo‘lgan abituriyentlarga mo‘ljallangan bo‘ladi. Yana bir haftalik mashg‘ulotlar magistratura bosqichiga kirish uchun zarur bilim va ma’lumotlar ulashadi.
Bu safargi “IBRAT Camp” trenerlari jamoasi Freshman Academy mutaxassislari, Yevropa va AQShda tahsil olib qaytgan o‘zbekistonlik yoshlardan tarkib topgan.
Seminar va amaliy mashg‘ulotlardan tashqari taniqli ekspertlar bilan master klasslar, jamoani jipslashtiruvchi o‘yinlar, baxs-munozara va notiqlik bo‘yicha ko‘rik-tanlovlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Ma’lumki, o‘zbekistonlik yoshlar orasida rivojlangan mamlakatlardagi universitetlar, xususan, jahonning QS va Times Higher Education (THE) kabi reytinglari bo‘yicha kuchli yuztalikka kiruvchi bilim yurtlariga hujjat topshirish va kirish hozircha ommalashmagan. Birgina Oksford universiteti misolida, aksariyat aholisi yoshlardan tashkil topgan 36 millionlik O‘zbekistondan bor-yo‘g‘i 5 nafar talaba o‘qiydi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha mamlakatimiz Bangladesh (52), Pokiston (71), Ruminiya (132), Nigeriya (102) va Misr (26) kabi mamlakatlardan ortda turibdi. Loyiha maqsadi shunday universitetlarga kirish orzusini targ‘ib qilish orqali rivojlangan mamlakatlarga borib, bilim va tajriba to‘plab kelish madaniyatini ommalashtirishdan iborat.
Arab, fors, hind, urdu va ingliz tillarini bilgan, ilk o‘zbek matbaachi ma’rifatparvarlaridan biri Ishoqxon Ibrat hayot yo‘lidan ilhomlanib, 2021 yilning iyun oyidan boshlab o‘tkazilayotgan mazkur loyiha davomida 2650 nafar yigit-qizlar qatnashdi. Oromgoh davomida paydo bo‘lgan g‘oya asosida 2022 yilda “Ibrat Farzandlari” loyihasi yo‘lga qo‘yilgan edi. Bugun “Ibrat Farzandlari” YouTube kanalini 250 mingta obunachi kuzatmoqda, 14 ta xorijiy til bo‘yicha tayyorlangan videodarslar 8 million martadan ko‘p marotaba ko‘rildi.