Eron hamda Saudiya Arabistoni yetti yillik tanaffusdan keyin diplomatik aloqalarni tiklamoqda. Bu boradagi bitim 10 mart kuni Xitoy poytaxti Pekinda Eron milliy xavfsizlik kengashi rahbari Ali Shamxoniy va Saudiya davlat vaziri Musaid bin Muhammad Al-Ayban tomonidan imzolandi.
Tehron va Riyoz o‘zaro ixtiloflarni muloqot orqali hal etish va ikki oy ichida elchixonalar ochishga kelishgan. Sulh yo‘lidagi dastlabki qadam o‘laroq ikki davlat tashqi ishlar vazirlari uchrashuvini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Yaqin Sharq mintaqasida muhim o‘rin tutuvchi ikki davlat 2016 yilda o‘zaro diplomatik munosabatlarni uzgan. Bunga Saudiyada shialar voizi Nimr al-Nimrning qatl etilishi, Tehronda esa podshohlik elchixonasiga o‘t qo‘yilishi sabab bo‘lgan.
So‘nggi vaqtlarga qadar Tehron va Riyoz munosabatlari o‘ta tarang bo‘lib kelgan. 2022 yil noyabr oyida hatto Eron Saudiya Arabistoniga hujum qilishga tayyorlanayotgani haqida xabar tarqalgan.
7 yillik tanaffusdan keyin yarashuv bitimini imzolashda Xitoy raisi Si Szinpin vositachilik qilgan. Sulh kelishuviga O‘mon va Iroq ham vositachi sifatida hissa qo‘shgan.
AQSh Tehron–Riyoz munosabatlari izga tushayotganini olqishlagan.
Foto: Reuters