Erevanda general Garegin Njdega haykal o‘rnatilgani xalqaro huquq va insoniylikka zid deb baholandi

Ikkinchi jahon urushida qatnashgan ozarbayjonlik faxriylar Yerevanda fashist generali Garegin Njdega haykal o‘rnatilgani munosabati bilan Rossiya prezidenti Vladimir Putinga murojaat yo‘lladi. Bu haqda Vesti.az xabar beradi.

Gitlerga yaqin bo‘lgan general Garegin Njde (Ter-Arutyunyan) Vermaxtning armanlardan iborat 30 ming kishili jazo legionini tashkil qilgan.

Maktubda ushbu shaxsga yodgorlik o‘rnatilgani Ikkinchi jahon urushida insoniyat tinchligi uchun jon fido etgan ko‘p millatli askarlarning ruhiga hurmatsizlik deb ataladi.  

Ozarbayjon Xalqaro aloqalar tadqiqot markazi rahbari Rufiz Gonagov Interfaks agentligiga bergan intervyusida fashist generalini qahramon sifatida ko‘rsatishga urinish xalqaro huquq va insoniylikka zid ekanini ta’kidlagan.

“U Eron, Rossiya, Bolgariya, Kavkaz, jumladan, Ozarbayjon va Sharqiy Onado‘lidagi qonli qirg‘inlarda ishtirok etgan. Njde, shuningdek, Vedibasar va Zangezurda tinch aholi qonini to‘kkani ham ma’lum. U Ikkinchi jahon urushi yillarida fashistlarga yaqindan ko‘mak bergan”, – degan R.Gonagov.

Isroilning The Jerusalem Post gazetasi ham yodgorlik o‘rnatilganini qoralagan. Xususan, professor Efraim Zuroff Uchinchi reyx bilan hamkorlik qilganlarni qahramonga aylantirish xavfli tendentsiya ekanini qayd etgan.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova esa mazkur masalada bunday munosabat bildirgan: “Rossiya natsizmning barcha ko‘rinishlarini qahramonlik deb talqin etilishiga qarshi ekanidan barchaning xabari bor. Ushbu haykal nega o‘rnatilganini tushuna olmadik”.

Manbalarga ko‘ra, arman millatchilik harakati a’zosi bo‘lgan Garegin Njde Birinchi Bolqon urushida bolgar armiyasi, Birinchi jahon urushida esa rus armiyasi tarkibida jang qilgan. 1942 yil dekabrda Berlinda natsistlar bilan hamkorlik qilgan Arman milliy kengashiga a’zo bo‘lgan. Shu yili general Dro (Drastamat Kanayan) bilan arman legionini tashkil etgan.

General Njde gitlerchilar bosib olgan Ukraina va Polshada jazo operatsiyalarini amalga oshirishda ayblanadi. U 1945 yili Bolgariyada sovet razvedkasi tomonidan qo‘lga olingan va 1948 yili harbiy jinoyatchi sifatida 25 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. U 1955 yili qamoqxonada vafot etgan.

Rasmiy Yerevan G.Njdeni milliy qahramon deb hisoblaydi. Armaniston parlamenti raisi o‘rinbosari  Eduard Sharmazanov Njdeni  mamlakat ozodligi uchun kurashgan vatanparvar deb atagan.

Armaniston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Tigran Balayan esa mamlakatning iqtidordagi partiyasi Njdening g‘oyalari asosida tashkil etilganini bildirgan.

G.Njdening Yerevandagi haykali fashizm ustidan qozonilgan G‘alabaning 71 yilligidan ikki hafta o‘tib 28 may kuni tantanali ochilgan. Marosimda Armaniston prezidenti Serj Sargsyan qatnashgan.