Turkiya 2053, 2071 yillarga mo‘ljallangan maqsadlarni amalga oshirishda aslo og‘ishmaydi. Bu haqda mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Turkiya milliy bayrami – Respublika e’lon qilinganining 99 yilligi munosabati bilan yo‘llagan tabrikda gapirgan.
Mamlakatning 81 muzofoti aholisini milliy bayram bilan qutlagan Erdo‘g‘on Respublika tamalini qo‘ygan Mustafo Kamol Otaturk hamda muzaffar turk qo‘shini qahramonlarini hurmat bilan yodga oldi.
Siyosatchi mamlakat so‘nggi yillarda xalqaro maydonda va ichki hayotda erishgan yutuqlarni sanab o‘tgan.
“Turkiya hukumati tomonidan so‘nggi 20 yil davomida demokratiya, taraqqiyot yo‘nalishlarida amalga oshirilgan inqilobiy o‘zgarishlar tufayli biz nafaqat milliy irodamiz yo‘lidagi to‘siqlarni, ayni choqda, jamiyat va davlat o‘rtasida tiklangan devorlarni ham yiqitishga muvaffaq bo‘ldik. Turli g‘ovlarga qaramay, biz Turkiyani milliy birligi va birodarligini munosib muhofaza etuvchi, demokratiya borasida namuna ko‘rsatuvchi, iqtisodiyoti jozibador, diplomatiyasi esa e’tirofga loyiq davlatga aylantira oldik”, – dedi Turkiya rahbari.
Ta’kidlanishicha, rasmiy Anqara Suriyadagi gumanitar fojiadan Rossiya–Ukraina inqiroziga qadar ko‘plab ziddiyatlarni hal etishda jonbozlik ko‘rsatishda davom etadi.
R.T.Erdo‘g‘on energetika, mudofaa, qishloq xo‘jaligi, turizm, transport, ta’lim, sog‘liqni saqlash kabi yo‘nalishlardagi yutuqlarni qayd etar ekan, Respublika bayramining 100 yilligi munosib zafarlar bilan qarshilanishiga ishonch bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, 1923 yil 29 oktyabrda Turkiya Buyuk Millat Majlisi tomonidan Turkiya respublika deb e’lon qilingan. O‘shandan buyon mazkur sana milliy bayrami sifatida tantana qilinadi.