“Eng go‘zal hikoyatlar” tanloviga marhamat!

www.ziyouz.uz va www.qadriyat.uz saytlari “Eng go‘zal hikoyatlar” tanlovini e’lon qiladi. Tanlovda eng go‘zal, ibratli hikoyatlar tarjimalari bilan ishtirok etishingiz mumkin.

Tanlov tartibi:

Tanlov uchun o‘zingiz tarjima qilgan hikoyat(lar)ni [email protected] pochtasiga yuboring. Materiallar 2016 yil 24 apreliga qadar qabul qilinadi. G‘oliblar 2016 yil may oyi boshida e’lon qilinadi.

Tanlovga turli tillardan qilingan tarjimalar qabul qilinadi. Sahobalar, tobeinlar, keyingi ulamolar, shuningdek olimlar, dunyoning buyuk kishilari hayotidan ibratli lavhalar ma’qullanadi. Internet o‘quvchisi uchun qulaylik maqsadida qisqaroq hikoyatlar tanlansa maqsadga muvofiq.

Ishtirokchilar yuboradigan materiallar soni cheklanmagan. Qancha ko‘p hikoyat tarjima qilinsa, g‘olib bo‘lish imkoniyati oshadi. G‘oliblarni aniqlashda hikoyatning mazmuni, dolzarbligi, matnning badiiy xususiyatlari, manbaning ishonchliligi ham e’tiborga olinadi.

Tanlovga yuborilgan hikoyatlar www.ziyouz.uz va www.qadriyat.uz saytlarida e’lon qilinadi.

Tanlov talablari:

1. Hikoyat avval boshqa manbalarda chop etilmagan bo‘lishi kerak.

2. Hikoyatning manbasi va muallifi ko‘rsatilishi kerak.

3. Hikoyat o‘zbek tilida chiqqan turli manbalardan ko‘chirilmagan bo‘lishi kerak.

4. Hikoyat yuboruvchining o‘zi tomonidan tarjima qilingan bo‘lishi kerak.

5. Hikoyat qaysi tildan tarjima qilinganligi ham yozilishi kerak.

Tanlov g‘oliblari quyidagi mukofotlar bilan taqdirlanadilar:

1-o‘rin sohibiga – Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning 5 jildli “Xislatli hikmatlar sharhi” kitobi;

2-o‘rin sohibiga – Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning 4 jildli “Odoblar xazinasi” kitobi;

3-o‘rin sohibiga – Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning “Hadis va hayot” to‘plamidan 3 ta kitob.

IELTE o‘quv markazi qo‘shimcha mukofot ta’sis etdi: Tohir Malikning “Odamiylik mulki” kitobi va o‘quv markazda 3 oy bepul ta’lim olish huquqi.

Tanlovga homiylik masalalari bo‘yicha [email protected] pochtasiga murojaat qilishingiz mumkin.