Foto: Cenat matbuot xizmati
4 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva AQSh Davlat kotibining jamoatchilik bilan halqaro aloqalar bo‘yicha yordamchisi vazifasini bajaruvchi Elizabet Kennedi Tryudoni qabul qildi.
Senat matbuot xizmatiga ko‘ra, uchrashuvda O‘zbekiston–Amerika hamkorligining bugungi holati va istiqbollari, jumladan, parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Parlamentlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirishda “O‘zbekiston bo‘yicha Kokus”ning (do‘stlik guruhi) o‘rni va faoliyati samaradorligi ta’kidlab o‘tildi.
Muloqot davomida siyosiy, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, jumladan ayollar tadbirkorligi hamda xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini kuchaytirish, gender tenglikni ta’minlash borasida fikr almashildi. Shu bilan birga, ikki davlat hukumatlari o‘rtasidagi muntazam siyosiy aloqalarni faollashtirish, mahalliy hokimiyat organlari bilan yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘yish lozimligi, bunday yondashuv barcha sohalarda ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan kengaytirishga xizmat qilishi qayd etildi.
AQSh elchixonasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Davlat kotibi yordamchisi v.b. Elizabet Kennedi Tryudo Tanzila Norboyeva bilan muloqotda rasmiy Vashington islohotlar jarayonini qo‘llab-quvvatlash hamda siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi ustuvor vazifalarni amalga oshirish yo‘lida O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi.
Eslatib o‘tamiz, Tryudo xonim 28 sentyabrdan 9 oktyabrgacha qadar davom etadigan safari davomida Nepal, Birlashgan Arab Amirliklari, O‘zbekiston va Qirg‘izistonda bo‘ladi. Ushbu tashriflar AQSh diplomatik missiyalarining siyosiy masalalar bo‘yicha ishlari, ustuvor ma’lumotlarni almashish, xususan, Rossiya va Xitoyning yolg‘on axborotlariga qarshi turish, Afg‘oniston xalqini doimiy qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy tenglik, OAV erkinligi va iqlim masalalariga bag‘ishlangan.
Avval xabar berganimizdek, AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken joriy yil mart oyida Vashingtonda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuvda ham mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, qonun ustuvorligi va inson huquqlarini ta’minlash yo‘lidagi islohotlar davom etishiga xayrixohlik bildirgan, respublika suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligi qo‘llab-quvvatlanishini ta’kidlagan edi.