
2017 yil 12 fevral kuni Turkmaniston ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim voqea – Prezident saylovi bo‘lib o‘tadi. Turkmanistonning O‘zbekistondagi elchixonasi xabar berishicha, bu galgi saylov 2007 va 2012 yildagi saylovlardan farq qiladi.
Birinchidan, bu galgi saylov yangi siyosiy voqelik va takomillashgan huquqiy sharoitda o‘tadi.
Ikkinchidan, 9 kundan keyin o‘tadigan saylovda mamlakatdagi barcha siyosiy partiyalar – Demokratik partiya, Sanoatchilar va tadbirkorlar partiyasi hamda Agrar partiya ishtirok etadi.
Turkmaniston Markaziy saylov komissiyasi 2586 ta saylov uchastkasi tashkil etgan. Chet eldagi fuqarolar esa mamlakatning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarida tashkil etilgan 39 ta saylov uchastkasida ovoz beradi.
Elchixona xabariga ko‘ra, saylov kampaniyasi 2013 yilda xalqaro huquq me’yorlari asosida ishlab chiqilgan Saylov kodeksi asosida olib borilmoqda. Mamlakat qonunchiligiga muvofiq, Turkmanistonda tug‘ilgan va so‘nggi 15 yil davomida shu yerda yashab faoliyat yuritgan, 40 yoshdan kichik bo‘lmagan va davlat tilini mukammal biladigan fuqarolar prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatiladi. Siyosiy partiyalar bilan birga fuqarolar tashabbus guruhlari ham o‘z nomzodini ilgari surishi mumkin.
Ayni paytda Prezidentlik saylovida qatnashayotgan Turkmaniston demokratik partiyasi 1991 yilda, Sanoatchilar va tadbirkorlar partiyasi 2012 yil avgustda, Agrar partiya esa 2014 yil sentyabrda tashkil etilgan. Demokratik partiya Turkmanistonning amaldagi rahbari Gurbanguli Berdimuhamedovni, Sanoatchilar va tadbirkorlar partiyasi “Risgal” aktsiyadorlik tijorat banki boshqaruv raisi Begmirat Ataliyevni, Agrar partiya esa Mari viloyati qo‘mitasi raisi Durdigilich Orazovni yuqori davlat lavozimiga nomzod sifatida ko‘rsatgan.
Qayd etilishicha, ushbu partiyalar o‘rtasidagi raqobat mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotiga yangi nafas olib kiradi, muqobilllikni ta’minlaydi va jamiyat hamda har bir fuqaro siyosiy madaniyatini yuksaltirishga, xalq va hokimiyat birligini mustahkamlashga, demokratik institutlar birlashuviga xizmat qiladi.
Prezidentlik saylovida qatnashish uchun fuqarolarning tashabbus guruhlaridan yana olti nafar nomzod ro‘yxatga olingan (Maksat Annanepesov – Turkmaniston oziq-ovqat sanoati davlat birlashmasi raisining o‘rinbosari, Jumanazar Annayev – Mari viloyati hokimining o‘rinbosari; Ramazon Durdiyev – Seydi neftni qayta ishlash zavodi direktori, Meretdurdi Gurbanov – Dashovuz viloyati hokimi o‘rinbosari, Serdar Jalilov – Ahal viloyati iqtisodiyot va taraqqiyot boshqarmasi boshlig‘i, Sulaymannepes Nurnepesov – “Garabogazsulfat” kompaniyasi bosh direktori).
Ayni paytda mamlakat ommaviy axborot vositalarida prezidentlikka nomzodlarning tarjimai holi va dasturi chop etilmoqda.
Elchixona xabariga ko‘ra, elektoratga munosib nomzodni saylash huquqi berilgan. Saylovni tashkil etishda esa mamlakatning keyingi yillarda orttirgan tajribasi va erishgan muvaffaqiyatlariga tayanilmoqda.
“2012 yildagi prezidentlik saylovida saylovda qatnashish istagini bildirgan 9 ta fuqarolar tashabbus guruhidan ikkitasi o‘z nomzodini ilgari surish uchun yetarli ovoz to‘play olgan edi. Joriy saylov kampaniyasida esa oltita tashabbus guruhi saylovchilarning yetarli ovozini to‘play oldi va bu turkman jamiyatda fuqarolar faolligi ortgani va xalqning mamlakat siyosiy hayotida faol qatnashayotganini ko‘rsatadi”, – deyiladi Turkmaniston elchixonasi xabarida.
Turkmaniston saylov komissiyasi mutaxassislari hududlarga chiqib, uchastka saylov komissiyasi a’zolari uchun seminarlar o‘tkazmoqda, komissiya rasmiy saytida ma’rifiy targ‘ibot olib borilmoqda.
Fuqarolar saylov huquqidan to‘laqonli foydalanishi uchun qonunchilikda belgilangan boshqa choralar ko‘rilmoqda.
Markaziy saylov komissiyasi qaroriga ko‘ra, prezidentlik saylovida muddatdan oldin ovoz berish joriy yil 2 fevraldan boshlab soat 08:00 dan 18:00 ga qadar o‘tkazilmoqda.
Turkmaniston saylov kampaniyasi qonunchilikka mos tarzda o‘tishini monitoring qilish uchun milliy va xalqaro kuzatuvchilar, YeXHT, MDH, ShHT kabi xalqaro tashkilotlar vakillarini taklif etgan. Ularga saylov kampaniyasi va ovoz berish jarayonini kuzatish borish imkoni yaratib beriladi.
Ayni paytda MDH kuzatuvchilar missiyasi shakllantirilmoqda. 2017 yil 27 yanvar holatiga ko‘ra, Markaziy saylov komissiyasidan ro‘yxatdan o‘tish uchun MDHning 53 nafar kuzatuvchi ariza bergan. Ular Ozarboyjon, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, O‘zbekiston kabi mamlakatlar, MDHning Parlamentlararo assambleyasi, MDH Ijroiya qo‘mitasi vakillaridir.
Keyingi o‘n yillikda Turkmaniston ijtimoiy-iqtisodiy sohada yutuqlarga erishdi, barqarorlik va tinchlikni saqlab qoldi. Bu jarayonda aholining siyosiy faolligi ortdi. Prezidentlik saylovi esa xalq hokimiyatini shakllantirishning o‘ziga xos vositasi sanaladi.
Mamlakatning chorak asrlik mustaqillik davri davlat boshqaruvining prezidentlik shakli eng maqbul ekanini ko‘rsatdi.
2016 yil 14 sentyabrda qabul qilingan mamlakat yangi Konstitutsiyasiga muvofiq, prezidentlik vakolati 5 yildan 7 yilga uzaytirilgan hamda davlat rahbarligi uchun 70 yoshlik yuqori yosh cheklovi bekor qilingan.
Mamlakatda so‘nggi prezidentlik saylovi 2012 yil fevralda o‘tkazilgan.
S.Salim

