EXHTning Minsk guruhi bo‘yicha sobiq hamraisi, AQSh vakili Richard Hogland Janubiy Kavkaz barqarorligiga tahdid solayotgan holat haqida gapirdi, deb xabar beradi “Trend” agentligi.
Gap shundaki, oxirgi paytlarda Qorabog‘dagi ayirmachilik kayfiyatidagi guruhlarning provokatsiyasi kuchaydi. O‘zini alohida ma’muriy hudud deb da’vo qilayotgan guruhlar harbiy mashg‘ulotlar ham o‘tkazdi.
EXHTning Minsk guruhi bo‘yicha sobiq hamraisi Richard Hoglandga ko‘ra, suveren davlat hududida “mashg‘ulotlar” o‘tkazish nafaqat provokatsiya, balki noqonuniy xatti-harakat hamdir. Qayd etilishicha, hozirgi pallada rasmiy Yerevan rasmiy Boku bilan muloqot qilishi lozim va bu jarayonda Rossiya va YeXHTning Minsk guruhi muhim rol o‘ynashi mumkin.
Qorabog‘dagi ayirmachilik kayfiyatidagi guruhlarning harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazishi Janubiy Kavkaz iqtisodiy taraqqiyotiga ham tahdid tug‘dirayotgani aytilmoqda.
Amerikalik boshqa bir ekspert Piter Teys hozirgi pallada Armaniston 2020 yil 10 noyabrda imzolangan uch tomonlama hujjat talablarini bajarishi maqsadga muvofiq ekanini ta’kidlaydi.
“Rossiya Federatsiyasi Qorabog‘da bu kabi “harbiy manyorlar”ga yo‘l qo‘ymasligi va zarur choralarini ko‘rishi maqsadga muvofiqdir. Xususan, Rossiya Qoraboqqa qurol yetkazishni qisqartirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rishi lozim”, – deydi Piter Teys.
Tahlilchi Qorabog‘da noqonuniy ravishda harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazish holatiga xalqaro tashkilotlar, xususan, Yevropa Ittifoqi ham e’tibor qaratishi lozimligini ta’kidlagan.