Joriy yil 10 noyabr kuni Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili, Yevropa Komissiyasi vitse-prezidenti Federika Mogerini hamda YeIning Xalqaro hamkorlik va taraqqiyot bo‘yicha komissari Neven Mimitsa O‘zbekistonga keladi. YeIning O‘zbekistondagi delegatsiyasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yuqori martabali mehmonlar Samarqandda o‘tadigan “Evropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” shaklidagi 13-vazirlar mashvaratida qatnashadi.
EI delegatsiyasi tashrifi doirasida bir qator ikki tomonlama muzokaralar, xususan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuv rejalashtirilgan.
“Markaziy Osiyo Yevropa Ittifoqi uchun strategik ahamiyatga ega mintaqa hisoblanadi. Xavfsizlik masalalaridan tortib radikalizm va ekstremizmga qarshi kurashda, savdo-sotiqdan fuqarolik jamiyati sohalarigacha Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari kuchli hamkorlar hisoblanadi. Ushbu yillik yig‘ilishimiz bizga so‘nggi yillardagi yutuqlarni tahlil qilish, shuningdek, fuqarolarimizning manfaati uchun jadal o‘sish, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan yangi kun tartibini belgilashga noyob imkoniyatni taqdim etadi”, – degan Federika Mogerini xonim tashrif arafasida.
EIning Xalqaro hamkorlik va taraqqiyot bo‘yicha komissari Neven Mimitsa ham YeI Markaziy Osiyo bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyorligini bildirgan.
“Evropa Ittifoqining salkam 1,2 milliard yevroga teng yordami mintaqaning barqaror rivojlanishiga qaratilgan. Markaziy Osiyodagi hamkorlarimiz bilan biz ish o‘rinlarini yaratish, yaxshi boshqaruv, chegaralarni boshqarish va suv resurslaridan unumli foydalanish, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaymiz”, – degan Neven Mimitsa.
“Evropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” formatidagi vazirlar yig‘ilishida xavfsizlik, iqtisodiy rivojlanish, siyosat, shuningdek, mintaqada Yevropa Ittifoqining o‘rni kabi masalalar ko‘rib chiqiladi. Shu kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va YeI oliy vakili/vitse-prezidenti Federika Mogerini ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tadi.
Samarqandga tashrifi doirasida Federika Mogerini “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” mavzuidagi xalqaro konferentsiyada nutq so‘zlaydi.
Shu mavzudagi maqolalar:
Federika Mogerini: “EI – Markaziy Osiyo hamkorligida foydalanilmagan imkoniyatlar mavjud”. 06.10.2016
Ostonada Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo tashqi siyosat mahkamasi rahbarlari uchrashdi. 23.12.2015