Joriy yil 19 sentyabr kuni Eduards Stiprays Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari sifatida ish boshladi. Bu haqda Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi matbuot xizmati xabar beradi.
“Men Latviya Tashqi ishlar vazirligidagi faoliyatim doirasida Toshkentga bir necha bor tashrif buyurganman. O‘shanda go‘zal va mehmondo‘st mamlakatingizga yana qadam ranjida etish istagi tug‘ilgan edi. Orzum ushalib, YeI va O‘zbekiston aloqalarini yanada mustahkamlashga hissa qo‘shish imkoni paydo bo‘lganidan g‘oyat shodman. Ikki tomonlama robitaga oid talay masalalar yuzasidan o‘zbekistonlik hamkorlarimiz bilan samarali faoliyat olib boramiz degan umiddaman. Ushbu obod zaminda umrguzaronlik qilayotgan ajoyib insonlar bilan diydorlashishni intizorlik ila kutmoqdaman”, – deydi elchi E.Stiprays YeI delegatsiyasining Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida chop etilgan videomurojaatida.
EIning diplomatik vakolatxonasi O‘zbekistonda 2011 yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. E.Stiprays YeIning O‘zbekistondagi uchinchi elchisi sanaladi. Delegatsiyaning avvalgi rahbari Yuriy Shterk joriy yil avgustda o‘z vakolat muddatini tamomladi.
Eduards Stiprays Latviya tashqi siyosat mahkamasidagi faoliyatini 1993 yilda boshlagan. U Latviyaning Buyuk Britaniyadagi elchisi bo‘lgan, Tashqi ishlar vazirligi Ikki tomonlama aloqalar direktsiyasi, Prezident devonxonasi hamda Latviyaning YeIdagi doimiy vakolatxonasiga boshchilik qilgan. Shuningdek, Latviyaning YeIga kirish bo‘yicha delegatsiyasi kotibiyatini boshqargan. 2013 yildan 2016 yilga qadar Latviya Tashqi ishlar vazirligi Siyosiy direktori – Davlat kotibi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan. 2016 yil iyulda YeIning Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Federika Mogerini E.Stiprays YeIning O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbarligiga tayinlanganini ma’lum qildi.
Elchi E.Stiprays Latviya, Ukraina, Norvegiya va Frantsiya davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan. Latviya universiteti iqtisodiyot fakultetini tamomlagan. Frantsiya boshqaruv milliy maktabi va Shvetsiya xalqaro aloqalar institutida tahsil olgan. Ona tilidan tashqari rus, ingliz va frantsuz tillarini biladi.
Shu mavzudagi maqolalar:
Evropa Ittifoqi O‘zbekiston bilan turli sohalarda muloqotni kuchaytiradi. 12.05.2016
Yuriy Shterk: “Evropa Ittifoqi byurokratik tuzilma emas!” 17.11.2015