Qadim zamonda bir chol-u kampirning bir echkisi bo‘lgan ekan. Bu cholu kampir echkining sutini sotib kun ko‘rar ekan. Biroq ular echkiga yaxshi ovqat bermay, ikki mahal sog‘ishar ekan.
Kunlardan bir kuni echki o‘tlab yurib, otasi aytgan ko‘kalam tog‘ esiga tushibdi. Echkining otasi aytgan ekanki: “Bolam, mabodo qiynalib qolsang, o‘sha yoqqa borsang, juda maza qiladigan joy. Ko‘m-ko‘k o‘tlar ko‘p, tiniq suvlar shildirab oqib turadi”. Echki egasidan juda xafa bo‘lib ketibdi. Echki “Hayyo-hayt” deb yo‘lga chiqibdi.
U yo‘lda ketayotsa, bir eshak uchrab qolibdi. Eshak echkiga:
— Yo‘l bo‘lsin, echkivoy, — debdi. Echki eshakka boshidan o‘tganlarini aytib beribdi. Eshak buni eshitib:
— Mening ham egam har kuni bug‘doy yanchitib, bir kun ham qornimni to‘yg‘izmaydi, — debdi. Mayli, echkivoy, men ham senga hamroh bo‘lay.
Ikkovi birga yo‘lga tushibdilar. Echki bilan eshak yo‘l yuribdi, yo‘l yursa ham mo‘l yurib, charchab, bir-birlari bilan hasratlashib ketayotgan ekanlar, birdan oldilaridan ho‘kiz chiqib qolibdi. Ho‘kiz, echki va eshakni ko‘rib, hol-ahvol so‘rashibdi. Eshak bilan echki boshlaridan o‘tganlarini ho‘kizga birma-bir aytib beribdilar. Ho‘kiz eshak va echkiga qarab, o‘zining qiynalganlarini aytib beribdi:
— Mening egam har kuni kun chiqishidan kun botishigacha o‘lguday ishlatadi, — debdi. Ho‘kiz, eshak bilan echki aytgan toqqa men ham boraman, deb ularga sherik bo‘lib yo‘lga tushibdi.
Eshak, echki va ho‘kiz birga yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yurib, go‘zal toqqa yetib borishibdi. Ular tog‘dagi o‘tlardan to‘yganicha yeb, keyin bir chinorning tagidagi chaldivorxonaga borib yotishibdi. Kechasi har xil hayvonlar kelib, eshikni buzib kirmoqchi bo‘lishibdi, kirisha olmay qaytib ketishibdi. Shundan keyin hamma uxlabdi. Echki tushida egasini ko‘ribdi. Egasi echkiga qarab: “Qayoqqa yo‘q bo‘lib ketding? Endi o‘sha yo‘q bo‘lgan kunlaringning haqini berasan”, deb echkiga qarab bir tayoqni ko‘tarib kelibdi. Echki qo‘rqqanidan, “ma-ma, ma-ma”, deb o‘rnidan turib ketibdi. Qarasa, tushi ekan. Ho‘kiz bilan eshak echkiga qarab:
— Nega uyg‘onding? — debdi.
Echki: — Men tushimda egamni ko‘rdim. U meni urmoqchi bo‘lib kelayotganda qo‘rqib, ma’rab yuboribman, — debdi. Buni eshak bilan ho‘kiz eshitib, rosa kulishibdi.
Kechqurun ho‘kiz: — Men ichkarida juda issiqlab ketdim, tashqarida yotaman, — debdi. Ho‘kiz o‘sha tun tashqarida yotibdi. Eshak bilan echki erta bilan o‘rinlaridan turib qarashsa, ho‘kiz sovuqda qotib qolibdi. Echki ho‘kizni uyg‘otib, biror joyga olib borib isitaylik deb, tevarak-atrofga qarasa, bir joyda tut ko‘rinibdi. Ular shu tut ko‘ringan joyga borishsa, bu ilonlar podshosi turadigan joy ekan. Ular ilonlar podshosi oldiga assalomu alaykum, deb kirib borishibdi. Ilonlar podshosiga qarab: — Biz sizdan yordam so‘rab keldik, — deyishibdi. Echki ilonga qarab: — Bizning uyimizga har kuni yirtqich hayvonlar kelishib tinchitishmaydi, — debdi. Ilon vaziriga: — Bironta ilonga buyur. U bularning eshigining tagida qorovul bo‘lib turishsin, — debdi. Ilonlardan biri qorovul bo‘lib turaveribdi.
Bir kuni yirtqich hayvonlar kelib qolibdi. Buni ilon ko‘rib, bittasining dumiga, ikkinchisining bo‘yniga yaqinlashibdi, keyin u ikkovini bo‘g‘ib olibdi. Buni ko‘rgan hayvonlar tiraqaylab qochib ketishibdi. Shu-shu yirtqich hayvonlar sira ham bu yerga qadam bosmaydigan bo‘libdilar. Echki, eshak va ho‘kiz murod-maqsadlariga yetibdilar.