Turkiya Respublikasi qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vaziri, doktor Bekir Pakdemirli boshchiligidagi katta delegatsiya O‘zbekistonga keng ko‘lamli tashrifni amalga oshirmoqda. Bu haqda Turkiya elchixonasi matbuot bo‘limi xabar berdi.
Vazirga 10 nafar boshqarma boshlig‘i, yana bir qator vazirlik mulozimlari, ekspert hamda tadbirkorlar hamrohlik qiladi. Delegatsiya joriy yilning 7-11 fevral kunlari qishloq, o‘rmon va suv xo‘jaligi sohalarida muhim uchrashuvlar o‘tkazishi belgilangan.
“25 milliard dollarli eksport hamda 48 milliard dollarli qishloq xo‘jalik mahsuloti bilan dunyoning o‘ninchi yirik qishloq xo‘jaligi davlati bo‘lgan Turkiya, chorvachilik bo‘yicha Yevropada birinchi o‘rinda ekanligi bilan global qishloq xo‘jalik iqtisodiyotida kuchli o‘ringa ega. Shuningdek, dunyoning uchinchi yirik urug‘lik banki sig‘imiga ega bo‘lib qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xilma-xilligi bo‘yicha ham o‘z o‘rnini saqlab kelmoqda. Sabzavot, meva va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarish va eksport qilish bilan shug‘ullanuvchi Turkiya ko‘plab mahsulotlarda global qishloq xo‘jaligi bozoriga ta’sir ko‘rsatish qobiliyatiga ega yetakchi davlat sifatida qishloq xo‘jaligi, o‘rmon va suv sohalaridagi faoliyat va tajribalarini do‘st va qardosh davlatlar bilan baham ko‘rishda davom etib kelmoqda”, – deyiladi elchixona matbuot xizmati xabarida.
Doktor Bekir Pakdemirli boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev, Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisi Nizomiddin Bakirov, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Bahromjon Norqobilov va O‘simliklar karantini davlat inspektsiyasi rahbari Ibrohim Ergashev bilan ikki mamlakat qishloq xo‘jaligi sohasidagi aloqalarni yaxshilash maqsadida keng ko‘lamli qo‘shma yig‘ilishlar o‘tkazadi. Shuningdek, ikki davlat qishloq xo‘jaligi ishbilarmonlari va vazirlar ishtirokida biznes forum bo‘lib o‘tadi, sarmoyaviy imkoniyatlar o‘rganiladi, o‘zaro tajriba almashiladi va muhim hujjatlar imzolanadi.
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 7 fevral kuni Toshkentda ikki davlat Qishloq xo‘jaligi ijroiya qo‘mitasining III yig‘ilishi boshlandi. O‘zbek-turk uchrashuvi Qishloq xo‘jaligi sohasidagi texnik, ilmiy va iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi ikki tomonlama bitim doirasida tashkil etilgan. Qishloq xo‘jaligi ijroiya qo‘mitasining bundan avvalgi yig‘ilishi 2018 yil 18 aprel kuni Buxoroda o‘tkazilgan edi.