Xitoylik tadbirkorlar ichki Mo‘g‘ulistonda joylashgan Chingizxon maqbarasini qayta ta’mirlab, sayyohlikni yo‘lga qo‘ymoqchilar. Bu esa, o‘z navbatida darxadlarning kuchli noroziligiga sabab bo‘ldi. Darxadlar janubda Xitoydagi avtonom Mo‘g‘ul viloyatidan Rossiyaning Zabaykale o‘lkasigacha bo‘lgan keng hududda ko‘chmanchi tarzda hayot kechiruvchi Xon avlodlaridir.
Chingizxon maqbarasida asosan diniy narsalar, cho‘yan qozon va yog‘och but haykallari kabi tarixdan hikoya qiluvchi qimmatbaho ashyolar bor. Darxadlarning fikricha, maqbaraning qayta qurilishi va uni foyda keltiruvchi sayyohlik qadamjosiga aylantirish Chingizxonning ruhini bezovta qiladi. Chingizxon maqbarasi Ordos platosida (ichki Mo‘g‘uliston) joylashgan. Bino uch gumbazli shaklda qad ko‘targan. Ko‘rinishidan maqbara binosi qurilganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Ammo, rivoyatlarga qaraganda, Chingizxon 1227 yilgi so‘nggi harbiy yurishidan oldin o‘limidan so‘ng shu yerga ko‘mishlarini vasiyat qilgan ekan.
Darxadlar maqbara ichida Chingizxonning moychirog‘ini ham saqlashadi. Xon bu chiroqdan diniy ibodatlar o‘tkazishda foydalangan ekan. Har yili mahalliy mo‘g‘ullar bu yerda diniy marosim o‘tkazadilar. Yog‘och chelak to‘la sutni maqbara ichkarisiga qo‘yishadi. Ularning fikricha, chelak teshiklaridan sut qancha ko‘p to‘kilib, qumga singib ketsa, kelgusi yil shuncha hosildor va barakali bo‘ladi. Maqbarani yirik sayyohlik kompleksiga aylantirishni rejalashtirgan xususiy «Dunlyan» firmasi vakili hamon darxadlarni ko‘ndirish bilan ovora. Xugedjiletu xonning o‘ttiz to‘qqizinchi avlodidir.
«To‘qqiz yoshli o‘g‘lim Soneko mendan keyin ham mening ishimni davom ettirib, marosimlarga bosh bo‘lishini xohlayman», deydi u. Kelib chiqishi Chingizxonga borib taqaluvchi darxad ayol ham xitoylik ishbilarmonlar g‘oyasiga qarshi fikr bildirdi: «Biz bu qurilishga qarshi chiqamiz, — deydi u. — Xitoyliklarning biz uchun maqbara qurishlarining keragi yo‘q. Ularni bizning nomimizdan foyda ko‘rishlarini xohlamaymiz. Har bir an’anamiz, dinimiz va qarashlarimiz biz uchun juda aziz».
Ko‘pchilik mo‘g‘ullar «madaniy inqilob» davridagi dahshatlarni unutganlaricha yo‘q. Ma’lumotlarga qaraganda, 10 mingdan 17 minggacha mo‘g‘ullar kommunistik terror qurboni bo‘lganlar. 87 ming aholi og‘ir bosimga duchor qilindi, 346 ming darxad repressiya qilingan. Ular ushbu masalada BMTning Inson huquqlari xalqaro markaziga yozma murojaat qilishdi. Ular milliylikning yo‘qolib borayotganidan tashvishdalar. Hozirda ichki Mo‘g‘ulistonda 19 mln. xitoy, 4 mln. mo‘g‘ul yashaydi. Shundan 2 mln. mo‘g‘ul o‘z ona tilida gaplashadi. 1 millioni mo‘g‘ul yozuvini unutganlari yo‘q. Shunday ekan, ularning xavotirlarini tushunish mumkin.
Shahobiddin MUSAEV tayyorladi