“Chegaralarni qurol yordamida o‘zgartirishga qarshimiz” – Turkiya Rossiyaning Ukrainaga qo‘shin tortishiga munosabat bildirdi

Turkiya  Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlarining Ukrainaga qarshi harbiy operatsiyasini nomaqbul deb hisoblaydi va rad etadi. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vazirligining bayonotida so‘z boradi.

“Bu hujum Minsk kelishuvlarini buzish bilan bir qatorda xalqaro huquqning qo‘pol buzilishi hisoblanadi hamda mintaqamiz va butun dunyo xavfsizligiga jiddiy tahdid soladi”, – deyiladi bayonotda.

Ta’kidlanishicha, mamlakatlarning hududiy yaxlitligi va suverenitetini hurmat qilishni zarur deb hisoblaydigan Turkiya chegaralarni qurol yordamida o‘zgartirishga qarshi.

“Biz Rossiya Federatsiyasini ushbu adolatsiz va noqonuniy xatti-harakatlarni imkon qadar tezroq to‘xtatishga chaqiramiz. Ukrainaning siyosiy birligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashimiz kelgusida ham davom etadi”, – deyiladi rasmiy Anqara bayonotida.

Bir necha kun Turkiya TIV Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan xalqaro huquq me’yorlariga muvofiq Ukrainaga tegishli bo‘lgan Donetsk va Lugansk hududlarini alohida respublika sifatida tan olinishi yuzasidan ham bayonot berib, bu holatni Ukrainaning siyosiy birligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini buzish deb baholagan edi.

Eslatib o‘tamiz, 24 fevral tongida Rossiya qurolli kuchlari Ukrainaga bostirib kirdi. Bu amaliyot nufuzli xalqaro tuzilmalar tomonidan qoralandi. Xususan, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Rossiya prezidenti V.Putindan Ukrainadan qo‘shinni zudlik bilan olib chiqib ketishni talab qildi.