Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirining Yevropa va Amerika masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, mamlakat parlamenti a’zosi Alan Dunkan O‘zbekistonga tashrif buyuradi. Bu haqida Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi 16 dekabr kuni xabar berdi.
Shu tariqa Alan Dunkan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev inaguratsiyasidan keyin mamlakatimizga tashrif buyuradigan birinchi xorijiy amaldor bo‘ladi.
“O‘zbekistonga tashrif buyurib, Prezident Shavkat Mirziyoyevni saylovdagi g‘alabasi bilan qutlash imkoni paydo bo‘lganidan juda xursandman. Men Prezident boshlab bergan islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlayman va ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlashda O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlik qilishga umid qilaman. Bizning mudofaa sohasidagi terrorizmga qarshi kurashish borasidagi uzviy hamkorligimiz mintaqa xavfsizligini ta’minlashda avvalgidek muhim ahamiyatga egadir”, – degan ser Alan Dunkan.
Britaniyalik yuqori martabali amaldor O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga ham ishonch bildirgan.
“Prezidentning biznes muhitini yaxshilash va mamlakatda xususiy sektor rolini kengaytirish borasidagi qarori mazkur ulkan va rivojlanayotgan biznesga Britaniya kompaniyalari e’tiborini qaratishga yordam beradi”, – deya qo‘shimcha qilgan u.
Ser Alan Dunkanning Toshkentga safari davomida O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiya va savdo vaziri Elyor G‘aniyev va Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev bilan uchrashishi ko‘zda tutilgan.