Bundestagda amaliyot imkoniyati. Xalqaro parlament stipendiyasi dasturi uchun ariza qabul qilish boshlandi

Foto: AFP

Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi Xalqaro parlament stipendiyasi (IPS, Internationales Parlaments-Stipendium des Deutschen Bundestages) dasturi uchun ariza qabul qilish boshlanganini e’lon qildi. Germaniya Bundestagi prezidenti homiyligida tashkil qilingan dastur yosh iqtidor egalariga olmon parlamenti tizimi bilan nazariy va amaliy jihatdan tanishish imkoniyatini beradi.

5 oylik dastur malakasi, shaxsiy fazilatlari va qarashlariga ko‘ra o‘z mamlakatida boshqaruv yoki multiplikativ funktsiyaga ega bo‘lgan oliy o‘quv yurtlarining yosh bitiruvchilariga mo‘ljallangan.

Kelgusi yil uchun rejalashtirilgan dastur 2024 yil 1 martdan 31 iyulga qadar davom etadi.

Tanlovda ishtirok etish talablari quyidagilardan iborat:  O‘zbekiston fuqaroligi; tamomlangan oliy ta’lim; olmon tilini yuqori darajada bilish (minimal B2); siyosat va jamiyat sohasida, shuningdek, Germaniya tarixida aloqalarni o‘rnatishga yuqori qiziqish; fuqaroviy faollik; yosh chegarasi: grant olish vaqtida 30 yoshgacha (ishtirokchi 1994 yil 1 martdan keyin tug‘ilgan bo‘lishi kerak).

Arizalar 2023 yil 31 iyulgacha Toshkentdagi Germaniya elchixonasiga topshirilishi shart. Barcha hujjatlar elektron formatda [email protected] manziliga yuboriladi. Elchixona eslatmasiga ko‘ra, hujjatning sarlavhasida arizachining ismi va familiyasi ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak. Agar ishtirokchi hujjatlarni maxsus dastur yordamida kichraytirilgan hajmda jo‘natmoqchi bo‘lsa, faqat “.zip” kengaytmali arxiv faylini yaratuvchi dasturdan foydalanishi zarur.

1986 yildan buyon tashkil etilayotgan dastur o‘tgan yillar davomida ishtirokchi davlatlar ro‘yxatini kengaytirib bormoqda. Germaniya parlamenti faoliyati va qonun ijodkorligi tizimi bilan yaqindan tanishish, demokratik qadriyatlar va madaniy xilma-xillikni anglashni mustahkamlash maqsadida tashkil etilayotgan dastur ilmiy-amaliy seminarlar, Bundestagda amaliyot va boshqa maxsus tadbirlarni o‘z ichiga oladi.

Xalqaro parlament stipendiyasi Germaniya va ishtirokchi davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan uzoq muddatli siyosiy sarmoya sanaladi. Dasturga doir qo‘shimcha ma’lumotlarni Bundestagning rasmiy saytidan olish mumkin.