11 dekabr kuni Toshkentda Qozog‘iston mustaqilligining 24 yilligi munosabati bilan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Unda Qozog‘istonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Boribay Jeksembin ma’ruza qilib, ikki davlat o‘rtasida yaqin qo‘shnichilik va hamkorlik tobora mustahkamlanib borayotganini ta’kidladi.
“Qozog‘iston va O‘zbekiston mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik ko‘plab dolzarb masalalarda umumiy pozitsiyaga ega ekani, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida izchil hamkorlik qilib kelayotganini mamnuniyat ila qayd etishni istardim. Joriy yil noyabr oyida Qozog‘iston Respublikasi hamda O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganiga 23 yil to‘lganini ham aytib o‘tish joiz. Ikki qo‘shni va birodar davlat robitalari Abadiy do‘stlik va strategik hamkorlik to‘g‘risidagi bitimga muvofiq holda, keng ko‘lamli aloqalarning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha yanada mustahkamlanishiga ishonaman”, – dedi Qozog‘iston elchisi Boribay Jeksembin.
Qayd etilishicha, jahon moliyaviy inqiroziga qaramay, savdo-iqtisodiy aloqalar kengaymoqda. Joriy yilning 9 oyi yakuniga ko‘ra, ikki mamlakat o‘zaro savdo aylanmasi 2,2 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. Shu tariqa, Qozog‘iston O‘zbekistonning uch asosiy savdo hamkoridan biri bo‘lib qolmoqda.
“O‘rta asrlarning buyuk mutafakkiri va faylasufi Abu Nasr al-Forobiy “Davlat donishmandlik ila idora etilsa, raiyat xavfu xatarsiz hayot kechiradi”, degan edi. Ushbu naqlni dono siyosati bilan mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’min etayotgan ikki davlat yetakchilari faoliyatiga ham tatbiq etish mumkin”, – dedi Qozog‘iston elchisi.
Rasmiy Ostona mintaqada xavfsizlikni ta’minlash yo‘lida bir qator xalqaro tashabbuslarni ilgari surdi. Masalan, BMT Bosh Assambleyasi shafeligida “Islom terrorizmga qarshi” xalqaro forumi o‘tkazishni taklif qildi.
Qozog‘istonning yadro quroli tarqalishiga qarshi “ATOM” loyihasi ham diqqat sazovordir. Loyiha nomi inglizcha “Abolish Testing. Our Mission” qisqartmasidan olingan bo‘lib, “Bizning maqsadimiz – sinovlarga barham berish” degan ma’noni anglatadi.
Loyihadan ko‘zlangan maqsad – dunyoni yadro qurolidan xoli etishdir. Yadrosiz dunyo bunyod etish borasida Qozog‘iston va O‘zbekistonning pozitsiyasi to‘la uyg‘un ekani quvonarli, ayni choqda, tabiiydir. Ushbu va boshqa tashabbuslarni ro‘yobga chiqarish tegishli shart-sharoitlarni yaratish, eng asosiysi, Qozog‘istonning 2017-2018 yillarda BMT Xavfsizlik Kengashiga muvaqqat a’zo bo‘lishini taqozo etadi. Ma’lumki, bu borada Qozog‘iston izchil saylov kampaniyasi olib borib, xalqaro hamjamiyatning qo‘lloviga umid qilmoqda. Fursatdan foydalanib, Qozog‘istonning nomzodini qo‘llab-quvvatlagani uchun O‘zbekistonga samimiy minnatdorlik bildiraman”, – dedi Boribay Jeksembin.
Joriy yil noyabr oyi oxirida Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev xalqqa murojaatida inqirozga qarshi besh yo‘nalishdagi vazifalarni belgilab berdi. Bunga ko‘ra, Qozog‘istonda moliya sektorini barqarorlashtirish, byudjet siyosatini optimallashtirish, xususiylashtirish va iqtisodiy raqobatni rag‘batlantirish, yangi sarmoyaviy hamda ijtimoiy siyosatni amalga tatbiq etish ko‘zda tutilgan.
Elchi Boribay Jeksembinning ta’kidlashicha, Qozog‘iston yetakchisi e’lon qilgan yangi “Nұrlы jol” (Nurli yo‘l) ciyosati mamlakatni yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Sobir Salim