Birlashgan Millatlar Tashkilotining bosh kotibi Kofi Annan o‘zining dunyo rahbarlariga qilgan murojaatini quyidagi so‘zlar bilan boshladi: “Men dunyo mamlakatlari rahbarlarini Yer kurrasida qashshoqlik bilan eng yuqori darajada kurashishga da’vat etaman.
Bu degani, hech bo‘lmasa 2015 yilga qadar 1 mlrd. o‘ta qashshoq aholi sonini kamaytirishimiz kerak.” Ko‘plab mamlakatlarda odamlar nihoyatda nochor ahvolda, pana-pastqam, hech qanday sharoitlari bo‘lmagan hujralarda yashaydi. Boshqalar esa iloji boricha arzon ijara puli to‘lanadigan mahallalarni tanlashadi. Sababi ularning boshqa iloji va imkoniyati yo‘q. Kam daromad, hech qanday ta’limga ega bo‘lmaslik, ustiga-ustak sog‘liqlarida ko‘plab muammolari bor insonlar o‘z hayotlarini yaxshilay olmaydi.
Oxirgi paytlargacha kambag‘allik va qashshoqlikni faqatgina mablag‘, ya’ni pul bilan bog‘lashar edi. Endilikda shaxsning topish-tutishiga qo‘shimcha uning ma’lumoti, sog‘lig‘i, tanlash va tayinlash huquqi, erkinligi ham qo‘shildi. Eng asosiysi, so‘nggi yillarda odamlarning sog‘ligi salbiy tarafga o‘zgarmoqda. Bu esa o‘z navbatida kishilarni to‘liq kun ishlashiga to‘sqinlik qilib, maoshining kamayib ketishiga sabab bo‘lmoqda. Vujudga kelayotgan kasallikka sovuqqonlik bilan qarash, ko‘p hollarda noxushliklarni davolashga mablag‘ topa olmaslik oila rahbarlarini boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘yadi va boshqa oila a’zolarini yanada qiyin ahvolga solib qo‘yadi.
O‘rta yoki umumta’limga ega bo‘lmaganlar, qo‘lida hech qanday hunari yo‘q fuqarolar, birinchilardan bo‘lib kambag‘al va qashshoqlar sinfiga kiradi. Chunki aksariyat hollarda ularga juda oz miqdorda maosh to‘lanadi yoki umuman ishsizlik holatiga tushib qolishadi. Bu halqa kelajak sari bog‘lanib ketaveradi. Zotan, ushbu oilalarda bolalarni o‘qitishga, ularga ilm yoki hunar o‘rgatishga mablag‘ topilmaydi. Oila boshliqlarining unda-bunda topadigan pullari faqatgina zo‘rg‘a yegulikka yetadi.
Ko‘plab mamlakatlarda kambag‘allarning asosiy qismini ayollar va bolalar tashkil qilmoqda. Ba’zi ota-onalar yosh qiz va o‘g‘illarini haddan tashqari barvaqt ishlashga majbur qilishadi. Maktabga borish va ta’lim olish haqida gap ham bo‘lmaydi.
Afrikaning ko‘plab hududlarida aynan qashshoqlik turli xil yuqumli kasalliklarga, jumladan, OITSga olib kelayapti, deb ta’kidlamoqda dunyoning yetakchi shifokorlari. Ushbu davosi yo‘q kasallik jadal ravishda ko‘payib, ijtimoiy va iqtisodiy inqirozga olib bormoqda. Raqamlarga qaraganda 1999 yilning oxirida Yer yuzida chamasi 34 mln. kishi OITSga duchor bo‘lgan. 2010 yilgacha esa tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, shu xastalik tufayli Afrika qit’asining o‘zida 40 mln. bola yetim qolishi mumkin.
BMTning kuzatishicha, 38 eng kambag‘al mamlakatlardan 20 tasi yoki urush holatida yoki urushdan endigina chiqqan mintaqalar. Eng ko‘p nochor ahvolda yashovchilar Janubiy Osiyo mintaqasida qayd etilgan. Kambag‘allarning eng yuqori qismi Afrikaning Saxara cho‘liga yaqin hududlarida kuzatilgan. Umum aholining roppa-rosa 46,3 foizi katta qiyinchiliklarda kun kechirmoqda. Taxminan 1 mlrd. odam umuman hech qanday ta’lim va ma’lumotga ega emas. 1 mlrd.dan oshiqrog‘i esa toza ichimlik suvini iste’mol qilish imkoniyatidan bebahra.
Salkam 840 mln. kishi to‘yib ovqatlanolmaydi. Shu raqamning uchdan bir qismi taxminan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar ochlikdan turli xil kasalliklarga duchor bo‘lishadi. Yer sharining 20 foiz boy aholisi yoki rivojlangan mamlakatlar fuqarolarining 86 foizi ichki yalpi mahsulotlardan foydalanish imkoniyatiga ega. Ammo qolgan qismi rivojlanayotgan va urush holatidagi davlatlar fuqarolari xuddi shu ko‘rsatkichning faqat 1 foizidan foydalana oladi.
Jahonning boy 3 kishisining aylanma mablag‘i 48 kambag‘al mamlakatlarning ichki yalpi mahsulotiga teng. Yer yuzida har 7 soniya ichida bir bola ochlikdan yoki to‘yib ovqatlanmaslik natijasida vujudga keladigan kasalliklardan nobud bo‘ladi. Tanzaniya davlatining oxirgi yillardagi qarzlarini qaytarishi uchun sarflagan puli, boshlang‘ich ta’lim va sog‘liqni saqlashga ishlatadigan mablag‘idan 9 baravar ko‘p. Ganduras davlatining qarzlari esa, uning eksport salohiyatidan 208 foiz ortiq. Ganduras har yillik byudjetining 55 foizini qarzlarga to‘lashga majbur.
1999 yilda Xalqaro valyuta fondi va dunyo banki qarzdor mamlakatlar kreditlarini to‘lash uchun imtiyozli stavkalarni qabul qilish va o‘ta qarzi ko‘payib ketgan mamlakatlar qarzlarining ma’lum qismini kechish to‘g‘risida dastur qabul qildi. Ushbu ro‘yxatga 41 mamlakat kiritilib, qarz miqdoridan kelib chiqqan holda 70 foizgacha bo‘lgan mablag‘ni kechib yuborishga qaror qilindi. Shunda ko‘rsatkich 170 mlrd. dollarni tashkil qilishi ko‘zda tutilgan edi. Biroq shu vaqtgacha yuqorida ko‘rsatilgan mamlakatlarning faqat ba’zilarigina ushbu imkoniyatlarni qo‘lga kirita oldi.
Lekin dunyoning rivojlangan mamlakatlarida ham bu borada ko‘plab muammolar vujudga kelgan. Masalan, AQShda 2001 yil mart oylaridagi rasmiy hisob-kitoblarga qaraganda, AQSh aholisining 32,9 millioni qashshoq deya tan olingan. 2002 yilga kelib esa, ularning soni 34,6 mln kishini tashkil qilgan. O‘z kunini qiyinchilik bilan ko‘rayotgan AQSh aholisining 12,5 millioni qashshoqlik darajasidan birozgina yuqori turadi va kam ta’minlangan aholi qatlamiga kiradi.
Kosta-Rika, Kuba, Shri-Lanka, Vetnam hamda Hindistonning Kerala shtatida vaziyatni yaxshilash uchun talaygina ishlar qilindi. Yuqorida qayd etilgan mamlakatlarda bolalar o‘limi sezilarli darajada qisqardi. Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoyaga katta e’tibor qaratildi. Bolalarning 50 foizdan ortiqrog‘i boshlang‘ich ta’lim maktablariga chiqa boshladi.
Xuddi shu iqtisodga ega davlatlar qatorida bu katta yutuq hisoblanadi. Misol tariqasida Hind okeanida joylashgan Mavriki orolini qayd etish mumkin. Bu kichkina davlat oxirgi yillar ichida harbiy xarajatlarni yarmiga qisqartirib, tejab qolingan pullarni boshlang‘ich va o‘rta ta’limga, sog‘liqni saqlashga sarflamoqda. Natijada orol fuqarolarining 98 foizi tibbiy ko‘rikdan tez-tez o‘tib turib, shifoxonalarda davolanmoqda. Aholining 97 foizi esa toza ichimlik suvini iste’mol qiladigan bo‘ldi.
Albatta, jarayon ijobiy ko‘rsatkichlar sari yo‘nalmoqda. Biroq, dunyoda bu borada hali qilinadigan ishlar talaygina.
Sarvar Fayzullayev
(BMTning «Ming yillik hisoboti» asosida tayyorlandi.)