Blokadami yo qonuniy talab? Qorabog‘da 50 kundan buyon davom etayotgan aktsiya maqsadiga oydinlik kiritildi

2022 yil 12 dekabrdan buyon Ozarbayjon fuqarolik jamiyati vakillari va ekofaollar Qorabog‘ hududida – Xonkendi–Lochin yo‘lida norozilik namoyishi o‘tkazmoqda. 50 kundan buyon davom etayotgan aktsiyadan ko‘zlangan maqsad nima? O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi direktori Samir Abbosov ushbu masalaga oydinlik kiritdi.

Ma’lumki, 1990-yillar boshida Armaniston Ozarbayjon hududining 20 foiz qismini okkupatsiya qilgan. Rasmiy Bokuga ko‘ra, qariyb 30 yillik ishg‘ol davrida Ozarbayjonga tegishli konlardan chet el kompaniyalari jalb etilgan holda noqonuniy ravishda tabiiy boyliklar qazib olingan.

2020 yilning kuzida 44 kun davom etgan muhoraba natijasida Ozarbayjon xalqaro huquq me’yorlariga ko‘ra tan olingan hududlarini ozod qildi. 9 noyabr kuni Ozarbayjon, Armaniston va Rossiya davlat rahbarlari tomonidan imzolangan uch tomonlama bayonotga ko‘ra, mintaqaga vaqtincha (5 yil muddatga) Rossiya tinchlikparvar kuchlari joylashtirildi.

“Hozirda arman ayirmachilari Rossiya tinchlikparvar kuchlari joylashgan hududda faol harakat qilmoqda, ular Ozarbayjonning suveren huquqini buzgan holda bu hududlardagi mamlakatimizga tegishli oltin va boshqa foydali qazilmalar konlarini avvalgidek talamoqda, hududlarimizda ekologik terrorni amalga oshirmoqda. Aktsiya qatnashchilari tinchlik tamoyiliga tayangan holda, ekologik terrorizmga chek qo‘yish, noqonuniy talon-taroj qilingan Ozarbayjon boyliklarining xorijga olib chiqilishiga yo‘l qo‘ymaslikni talab qilmoqda”, – deydi S.Abbosov.

Ozarbayjon ekologiya va tabiiy resurslar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bosib olingan Oqdara tumanidagi Qizilbuloq konida 13,6 birlik oltin va 47,9 million tonna mis, Mehmane konida sanoat zaxiralari 37,3 million tonna bo‘lgan qo‘rg‘oshin, 40,4 million tonna rux mavjud. Demirli mis konining sanoat zaxiralari 100 million tonnani tashkil etadi.

“Bu Ozarbayjonning suveren hududi va xalqimizning tabiiy boyligidir. Qaysi davlat o‘z hududidagi tabiiy boyliklarini boshqa davlat ko‘magida talon-toroj qilish va mamlakatdan olib chiqishga rozi bo‘ladi?!” – deydi diplomat.

Ayrim ommaviy axborot vositalari ozarbayjon faollarining aktsiyasi natijasida Qorabog‘da yashovchi arman aholisi foydalanayotgan Lochin yo‘li yopilgani, mintaqada gumanitar muammolar yuzaga kelgani haqida xabar berdi. Ozarbayjon madaniyat markazi direktori S.Abbosov bu ma’lumotlarni dezinformatsiya deb atar ekan, blokada haqida so‘z bo‘lishi mumkin emasligini urg‘uladi.

“Biz har kuni Xonkendi–Lochin yo‘lidan tinchlikparvar kuchlar va Xalqaro qizil xoch jamiyatiga tegishli mashinalar kelib, Ozarbayjonning Rossiya tinchlikparvar kuchlari nazorati ostidagi, etnik armanlar istiqomat qiladigan Xonkendi shahriga kirib kelayotganiga guvoh bo‘lamiz”, – deydi u.

Uch tomonlama hujjatga ko‘ra, Ozarbayjon Lochin yo‘lagi bo‘ylab ikki yo‘nalishda fuqarolar, transport vositalari va yuklarning harakatlanishi xavfsizligini kafolatlaydi. Qayd etilishicha, uch tomonlama bayonotga zid ravishda Ozarbayjonga mina olib kelish uchun Lochin yo‘lidan foydalanish, Rossiya kontingenti nazoratidagi hududda harbiy kuchlar rotatsiyasi, ozod qilingan hududlarda qurilish-ta’mirlash ishlarini olib borishga to‘sqinlik qilish kabi holatlar aniqlangan.

Ozarbayjon tomoni Yerevanga 5 banddan iborat sulh shartnomasini taklif qilgan. Avvaliga Armaniston bunga rozi bo‘lsa-da, endilikda bitimni imzolashni paysalga solayotgani aytiladi.

“Pragada ikki davlat davlat rahbarlari hamda Yevropa kengashi prezidenti o‘rtasida imzolangan deklaratsiyaga ko‘ra, Armaniston rahbari Ozarbayjonning Qorabog‘ mintaqasiga nisbatan barcha hududiy da’volardan voz kechdi va Qorabog‘ masalasi Ozarbayjonning ichki masalasi ekanligini tasdiqladi”, – deydi S.Abbosov.

Diplomat bu vaziyatda xalqaro huquq, sog‘lom aql va adolat mezonlariga tayanish maqsadga muvofiq deb hisoblaydi.