Birmingem universiteti olimlari dunyodagi eng qadimgi kalendarni topishga muvaffaq bo‘lishdi. Shotlandiyaning Aberdinshir dalasidan topilgan kalendarning yoshi o‘n ming yil ekan. U shu choqqa qadar ma’lum bo‘lgan shumerlarning mashhur kalendaridan ham besh ming yil avval yaratilgan. Har ikki kalendar ham bir yo‘la oy va quyosh holati bilan bog‘liq davrlarni ko‘rsatsa-da, shumerlar kalendari bronzaga o‘yib ishlangan. Uning o‘tmishdoshi hisoblangan — 12 ta chuqurchali va ularning har biri orasi 50 metrli yoysimon kalendar Oy va Quyosh fazalarini kuzatishga mo‘ljallangan. Chuqurchalar kalendarning 12 oyini ifoda etgan. Ularga soyaning og‘ishini ko‘rsatuvchi yog‘och ustunchalar ko‘milgan bo‘lishi kerak.
Tadqiqotchilar fikricha, chuqurchalarni qazishda qishki quyosh ko‘tarilish vaqti, ya’ni yangi yil kirib kelgan vaqtdagi oftob chiqish nuqtasiga binoan mo‘ljal olingan. Bu real astronomik vaqtga tuzatish kiritish hamda navbatdagi mavsum o‘zgarishini qachon kutishni aniqlash imkonini bergan. Bu kalendardan deyarli to‘rt ming yil mobaynida foydalanilgan. Bu davrda chuqurchalar yuzlab marta yangilangan. Olimlar kalendar joylashgan hudud atrofini samolyot orqali suratga olib, shunday fikrga kelishdi.
Ibtidoiy odamlarga vaqtni aniq bilish nima uchun zarur bo‘lgan? Tosh asrida yashagan ovchilar hayvonlar hamda losos baliqlari galalarining ko‘chish davrini aniqlash maqsadida shu kalendardan foydalangan bo‘lishlari mumkin. U qabila boshliqlariga ayrim oy-kunlarda marosimlarni ado etish uchun zarur bo‘lgani ham ehtimoldan uzoq emas.