Bir guruh o‘zbek jurnalistlari TÜRKSOY mukofoti bilan taqdirlandi

8 sentyabr kuni O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazida o‘zbek jurnalistlariga Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti –  TÜRKSOYning matbuot yo‘nalishidagi maxsus mukofoti topshirildi. Tadbirda TÜRKSOY, O‘zbekiston–Ozarbayjon do‘stlik jamiyati, O‘zbekiston jurnalistlari uyushmasi rahbariyati, madaniyat va san’at namoyandalari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida ishtirokchilar umummilliy yetakchi Haydar Aliyev haykali poyiga va shahidlar bog‘iga gul qo‘ydilar.

Tadbirni Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi direktori  Samir Abbosov kirish so‘zi bilan ochib, TÜRKSOY haqida ma’lumot berdi. Jumladan, turkiy mamlakatlarning madaniy sa’y-harakatlarini birlashtirgan ushbu tashkilot doirasida keng hamkorlik platformasi yaratilganini ta’kidladi. S.Abbosov Ozarbayjon madaniyat markazi TÜRKSOY bilan hamkorlik qilayotgani, jumladan, markaz ko‘magida, TÜRKSOY loyihasi doirasida Mulla Panoh Voqif, Baxtiyor Vahobzoda kabi shoirlarning she’riy to‘plami chop etilganini qayd etdi.

Diplomat Ozarbayjon armiyasining qahramonligi, Oliy bosh qo‘mondon, prezident Ilhom Aliyevning muvaffaqiyatli siyosati natijasida qariyb 30 yil davomida bosib olingan Ozarbayjon yerlari 44 kunlik Vatan urushi natijasida ozod qilinganini mamnuniyat bilan ta’kidladi. U o‘tgan davr mobaynida, shuningdek, Vatan urushi davrida Ozarbayjondagi hodisalarni O‘zbekiston va dunyo e’tiboriga havola etgan taniqli ommaviy axborot vositalari vakillariga minnatdorlik bildirdi.

TÜRKSOY bosh kotibi Sulton Rayev o‘z nutqida 2020 yilda xalqaro tashkilotning matbuot yo‘nalishidagi mukofotini qadimgi Ozarbayjon tuproqlari ozod qilinishi uchun kechgan 44 kunlik Vatan urushi va Qorabog‘ voqealarini munosib yoritgan OAV xodimlariga berishga qaror qilinganini bildirdi.

Bosh kotibning aytishicha, Ozarbayjon madaniyat vazirligi tashabbusi bilan  2021 yilning 10 sentyabrida bo‘lib o‘tgan marosimda TÜRKSOY matbuot mukofoti egalaridan bir qismiga berilgan.

So‘ngra  S.Rayev va S.Abbosov Ozarbayjondagi hodisalarni yoritishda jonbozlik ko‘rsatgan jurnalistlar – Shuhrat Salomov, Ixtiyor Abdurahmonov, Serdar Keskin, Shokir Dolimov, Muslimjon Mirzajonov, Nozim Bo‘ronov va Sharofiddin To‘laganovlarga TÜRKSOY mukofotini topshirdilar. Ta’kidlash joizki, 2021 yil Bokuda bo‘lib o‘tgan tadbirda   jurnalistlar Qamariddin Shayxov va Abduvali Soyibnazarovlar xalqaro tashkilot tomonidan taqdirlangan edi.

O‘zbekiston–Ozarbayjon do‘stlik jamiyati raisi Erkin Nuriddinov, O‘zbekiston jurnalistlari uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov, “Turon” Fanlar akademiyasi prezidenti Haydarbek Bobobekovlar O‘zbekiston bilan Ozarbayjon, shuningdek, turkiy mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar barcha sohalarda, jumladan, fan, madaniyat, san’at va matbuot sohasida rivojlanayotgani haqida so‘z yuritdilar.