O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 sentyabr kuni rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelgan Turkiya Respublikasi Buyuk Millat Majlisi raisi Binali Yildirimni qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati xabar beradi.
Muloqotda tomonlarning birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi an’anaviy yaqin va do‘stona munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani ta’kidlangan.
Shuningdek, muzokaralarda oliy darajadagi uchrashuvlar yakunida erishilgan kelishuvlar va qabul qilingan bitimlarni amalga oshirish, shuningdek, hamkorlikka oid qo‘shma dastur va loyihalarning parlamentlar vakillari tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanishi muhimligi qayd etilgan.
Binali Yildirim suhbat asnosida Prezident Shavkat Mirziyoyevga Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning salomini yetkazgan.
Yurtimizda mehmon bo‘lib turgan Turkiya Respublikasi Buyuk Millat Majlisi raisi Binali Yildirim 24 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatida ham uchrashuvlar o‘tkazgan.
Oliy Majlis Senati raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev bilan uchrashuvda parlamentlararo muloqotni chuqurlashtirishga hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri ekani qayd etilgan.
Muloqotda tomonlar Oliy Majlis Senati va Buyuk Millat Majlisi shafeligida O‘zbekiston – Turkiya hududlari forumlarini tashkil etish to‘g‘risida fikr almashgan.
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov bilan suhbatda esa ikki mamlakat hamkorligining huquqiy asoslarini takomillashtirish masalalari muhokama qilingan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yil oktyabrda Turkiyaga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Turkiya Respublikasi Buyuk Millat Majlisi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum imzolangan edi. Ushbu hujjat asosida parlamentlararo aloqalar yangi bosqichda rivojlanmoqda. Bu borada ikki mamlakat parlament delegatsiyalari tashriflari amalga oshirilayotgani, Oliy Majlisning Buyuk Millat Majlisi bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhi faoliyat ko‘rsatayotgani, Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti hamda Turkiya Buyuk Millat Majlisi Tadqiqot markazi o‘rtasida aloqalar o‘rnatilganini qayd etish joiz.
Yaqinda Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TİKA) yurtimiz aholisiga sifatli tez tibbiy yordam va davlat xizmatlari ko‘rsatish maqsadida 50 ta tez tibbiy yordam mashinasi va 20 ta mobil ofis avtobusi ajratdi. Turkiya parlamenti delegatsiyasining tashrifi doirasida ushbu transport vositalarini O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash va Adliya vazirliklariga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri N.Ismoilov va Buyuk Millat Majlisi raisi Binali Yildirim qatnashdi.
Binali Yildirim Toshkentdagi muzokaralarda Turkiya O‘zbekiston mustaqilligini birinchi bo‘lib tan olgani va mamlakatda diplomatik vakolatxona ochganini qayd etgan.
“O‘zbekiston va Turkiya xalqlari mushtarak tarix va e’tiqodga ega. Xalqlarimiz o‘rtasidagi qardoshlik bugun paydo bo‘lib qolgani yo‘q, birodarlikning ildizlari olis o‘tmishga borib taqaladi”, – degan Binali Yildirim.
Muzokaralarda, shuningdek, ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada yuksaltirish davri kelgani ham ta’kidlangan.
Turkiya Buyuk Millat Majlisi raisining Samarqand va Buxoro shaharlariga tashrifi ham rejalashtirilgan.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlik jadal rivojlanmoqda. Bunda esa ikki davlat rahbarlarining do‘stona munosabati hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.
2018 yil may oyida Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Tashrif yakunida ikki davlat rahbari mamlakatlar o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan Qo‘shma bayonotni imzoladilar.
2017 yil oktyabr oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiyaga tashrifi doirasida Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan uchrashdi.
2017 yil may oyida Pekinda o‘tgan “Bir makon, bir yo‘l” xalqaro anjumani doirasida ikki davlat rahbarlarining muloqoti bo‘lib o‘tdi.
2016 yil noyabr oyida 13 yillik tanaffusdan keyin Turkiya rahbari Rajab Toyyib Erdo‘g‘on O‘zbekistonga tashrif buyurib, Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar olib bordi.
C.Calim tayyorladi