Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on mamlakatning yangi bosh vaziri Binali Yildirimga hukumatni shakllantirishni topshirdi.
22 may kuni Adolat va taraqqiyot partiyasining navbatdan tashqari mashvaratida Turkiya transport, kemachilik va aloqa vaziri Binali Yildirim partiyaning yangi raisi etib saylandi. Turkiya matbuoti xabariga ko‘ra, 1470 delegatning 1405 nafari B.Yildirim nomzodini qo‘llab-quvvatlagan.
Shu kunning o‘zida Turkiya prezidenti bosh vazir Ahmad Dovudo‘g‘lining iste’fosini qabul qildi.
Yangi bosh vazir yaqin muddatda mamlakatning 65-hukumatini shakllantirishi lozim.
B.Yildirim 1955 yilda tug‘ilgan. Istanbul texnika universitetini tamomlagan. Uzoq yillar kemachilik va yo‘lovchi transporti xizmatida faoliyat olib borgan. 2002 yili Adolat va taraqqiyot partiyasidan mamlakat parlamenti deputatligiga saylangan. Keyingi 13 yil ichida transport vazirligiga rahbarlik qilib kelgan.
Kuzatuvchilarga ko‘ra, 61 yoshli B.Yildirim prezident Erdo‘g‘onning hammaslak safdoshlaridan biri sanaladi.
Turkiyaning bir palatali parlamenti – Buyuk milliy majlis 4 yilga saylanadigan 550 deputatdan tashkil topadi. Qonunchilikka muvofiq, saylovda ko‘pchilik ovozni olgan partiya ijroiya hokimiyati, ya’ni Vazirlar Kengashini tuzishga haqli. 330 ta deputatlik mandatini yutgan partiya esa konstitutsiyaviy ko‘pchilik hisoblanib, konstitutsiyaviy islohotlar o‘tkazish huquqiga ega bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, 2014 yildan bosh vazir lavozimida faoliyat yuritib kelgan Ahmad Dovudo‘g‘li o‘tgan hafta partiya hamda hukumat yetakchiligini tark etishini ma’lum qilgan edi. “Partiya birligini saqlab qolish uchun shunday qilgan ma’qul”, – degan Dovudo‘g‘li. Sobiq bosh vazir parlament deputati sifatida faoliyat yuritadi.
OAV xabariga ko‘ra, Rajab Toyib Erdo‘g‘on hamda Ahmad Dovudo‘g‘li o‘rtasida ayrim siyosiy masalalar borasida turfa nuqtai nazarlar paydo bo‘lgan va bu hol Dovudo‘g‘lining iste’fosiga sabab bo‘lgan. Ammo Ahmad Dovudo‘g‘lining o‘zi prezident Erdo‘g‘on bilan birodarona munosabat saqlanib qolishini ta’kidlagan.
Sobir Salim
Shu mavzudagi maqola:
Ahmet Dovudo‘g‘li: “Parlament saylovida demokratiya g‘alaba qozondi”. 03.11.2015