V Islom birdamlik o‘yinlari joriy yil 9-18 avgust kunlari Turkiyaning Konya shahrida bo‘lib o‘tadi. 2021 yil 20-29 avgust kunlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan xalqaro musobaqa dunyo mamlakatlaridagi COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat tufayli boshqa muddatga ko‘chirilgan edi.
Bu yil beshinchi bor o‘tkaziladigan Islom birdamlik o‘yinlarida dunyoning 57 davlatidan 3000 ga yaqin sportchi ishtirok etishi kutilmoqda.
Tafakkur olamining ulug‘ siymolaridan biri bo‘lgan Jaloliddin Rumiy yashab o‘tgan shaharda bo‘ladigan xalqaro bellashuvlarga qur’a tashlash marosimi joriy yil 3 iyulda bo‘lib o‘tadi.
Islom birdamlik sport federatsiyasi (ISSF) hamkorlik tashkiliy qo‘mitasi xalqaro musobaqa doirasida 21 sport turining 24 yo‘nalishi bo‘yicha bellashuvlar o‘tkazilishini ma’lum qildi. Ular orasida yengil atletika, basketbol (3x3), velosiped poygasi, trek velosipedi, qilichbozlik, futbol, kurash, og‘ir atletika, gandbol, gimnastika, akrobatik gimnastika, badiiy gimnastika, dzyudo, karate, kikboksing, stol tennisi, kamondan otish, taekvondo, voleybol, suzish kabi sport turlari bor. Bundan tashqari, dasturdan yengil atletika, dzyudo, suzish va og‘ir atletika kabi nogironlar uchun musobaqalar ham o‘rin olgan.
Konyada bo‘lib o‘tadigan bahslarda boshqa davlatlar qatori O‘zbekiston sportchilarining ham munosib ishtirok etishi kutilmoqda. Bu borada O‘zbekiston sportni rivojlantirish vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda sport federatsiyalari hamkorligida tayyorgarlik dasturi ishlab chiqilgan hamda o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarining rejasi tasdiqlangan.
O‘zbekiston sportni rivojlantirish vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, V Islom birdamlik o‘yinlarida mamlakat delegatsiyasi 23 sport yo‘nalishi bo‘yicha 270 ga yaqin sportchi bilan qatnashishi rejalashtirilmoqda. Bo‘lajak o‘yinlarda O‘zbekistonning gandbol va basketbol (3x3) ayollar jamoalarining medallar uchun kurash olib borishi kutilmoqda.
Ilk Islom birdamlik o‘yinlari 2005 yil 8-20 aprel kunlari Saudiya Arabistonining Makka shahrida tashkil etilgan bo‘lib, unda 55 davlatdan 6000 ga yaqin sportchi ishtirok etgan. 2010 yilda Eronda o‘tkazilishi rejalashtirilgan ikkinchi o‘yinlar kelishmovchiliklar tufayli bekor qilindi. Uchinchi Islom birdamlik o‘yinlari 2013 yil Indoneziyada, to‘rtinchi o‘yinlar esa 2017 yil Bokuda o‘tkazildi.