Kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti sohibi, AQShning Shimoliy Karolina universiteti professori Aziz Sanjar O‘zbekiston Milliy universiteti taklifiga ko‘ra yurtimizda mehmon bo‘lib turibdi. Mazkur tashrif Turkish Airlines aviakompaniyasi va Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TİKA) ko‘magida tashkil etildi.
Asli turkiyalik atoqli olim O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidov bilan uchrashdi.
Xususan, Bosh vazir o‘rinbosari A.Abduhakimov jahonga mashhur biokimyogarning o‘zbek zaminiga tashrifini olqishlab, O‘zbekiston va Turkiya universitetlari rektorlari kengashini tashkil qilishni taklif etgan va bu tashabbusni ro‘yobga chiqarishda Aziz Sanjardan yordam so‘ragan.
16 oktyabr kuni O‘zbekiston Milliy universitetida “Aziz Sanjar: sarhadsiz bilim ichra kechgan hayot” mavzusida xalqaro ilmiy anjuman bo‘lib o‘tdi. Anjuman yakunida Aziz Sanjarga O‘zMU faxriy doktori unvoni berildi.
Anjumanda Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ahmet Bashar Shen hamda Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligining mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Ali Ihsan Chaglar ham ishtirok etdi.
Atoqli olim Aziz Sanjar O‘zbekistonga kelganidan g‘oyat mamnun ekani, negaki, bu zamin uning uchun qadrli ekanini qayd etdi.
“Men qardoshlarim bilan diydorlashgani keldim. Menga berilgan Nobel mukofoti aslida barcha turkiy xalqlarga tegishlidir. Yashirib nima qildim, ushbu nufuzli mukofotga sazovor bo‘lganimdan keyin turli mamlakatlarga takliflar ko‘paydi. Vaqtim kamligi bois takliflarning aksarini rad etishga majbur bo‘laman. Ammo turkiy qardoshlarimning taklifini, O‘zbekiston Milliy universiteti rahbariyati taklifini bajonidil qabul qildim”, – dedi olim.
Turkiyalik professor ilmning yuksak cho‘qqilarini zabt etish borasidagi shaxsiy tajribasi xususida ham so‘zlab, bugungi davrda yoshlarni ilm-fanga qiziqtirish birlamchi vazifa ekanini ta’kidladi.
“Meni O‘zbekistonga qandaydir moddiy manfaat emas, balki sog‘inch yetaklab keldi. Bu – vatanim oldidagi burchim edi! Eng asosiysi, men bu yerga yoshlarda ilmga rag‘bat uyg‘otish maqsadida tashrif buyurdim. Bugun biz turkiy dunyo yoshlarida ilmga rag‘batni kuchaytirmog‘imiz lozim”, – dedi professor Aziz Sanjar.
Atoqli olim, xususan, zamonaviy bilimlar, G‘arb fani yutuqlarini o‘zlashtirish muhim ekaniga e’tibor qaratdi.
“Ilm-fansiz jahonda hurmat-e’tibor qozonib bo‘lmaydi. Bunga esa turk dunyosi bir yoqadan bosh chiqaribgina erishishi mumkin. Hamkorlikda ishlashda gap ko‘p. Bizni umumiy til, din va tarixiy ildizlar bog‘lab turadi. Birgalikda ko‘p ishlarga qodirmiz, jumladan, ilm-fan sohasida ham yuksak cho‘qqilarni egallay olamiz”, – dedi olim.
Professor Aziz Sanjar Turkiya va O‘zbekiston hamkorligi xususida ham to‘xtaldi. Olimga ko‘ra, qariyb yuz yil davomida Turkiyaning Markaziy Osiyo bilan robitasi uzilib qolgan edi, ammo bugun aloqalarni rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlar mavjud.
Nobel mukofoti sohibi, mashhur biokimyogar Aziz Sanjarning yurtimizga safar dasturidan Xiva, Buxoro, Samarqand kabi tarixiy shaharlar ziyorati ham o‘rin olgan.
Aziz Sanjar 1946 yili Turkiyaning Savur shahrida tug‘ilgan. 1969 yili Istanbul universitetining tibbiyot fakultetini tamomlagan. AQShning Texas, Yel, Shimoliy Karolina kabi peshqadam universitetlarida ilmiy tadqiqot olib borgan. Professor Aziz Sanjar 2015 yilda Tomas Lindal va Pol Modrichlar bilan birgalikda DNKni tiklash mexanizmlarini tadqiq etgani uchun kimyo bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan.
S.Salim