AQShdagi Garvard universiteti rektori Dogrens Sammers yaqinda bir ilmiy anjumanda matematika sohasida ayollarning zehni erkaklarnikidan pastroq bo‘lishi mumkin, deya mulohaza bildirib, jinslararo tenglik borasidagi tortishuvlarni yanada jonlantirib yubordi. Ba’zilar Sammersni «XXI asrga qarshi gap» aytganlikda ayblamoqda. Mamlakat matbuoti Sammersning fikrini muhokama qilishda davom etar ekan, har ikki jins nomidan gapirib, inson borki, tabiatan teng iqtidorga ega, ammo har bir odamning qiziqishlari turlicha bo‘lishi mumkin, deyayotganlar ko‘pchilikni tashkil etadi, deb ma’lumot bermoqda.
Statistika ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh maktablarida o‘g‘il bolalar matematikadan qizlarga qaraganda sal yuqori baho olarkan. Amerikadagi injenerlarning atigi 20 foizi ayollardir. Matematika va kompyuter sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan xotin-qizlarning soni bundan uch barobar kam. «Qizlar va o‘g‘il bolalar birdek ta’lim oladi, ammo, tabiatan, qizlar matematika va texnikaga kamroq qiziqadi», — deydi sotsiolog Kimberli Shauman.
Jinslararo farqni bolalarning erta yoshidan sezish mumkin, deyishadi olimlar. Masalan, onasidan ajratilgan o‘g‘il bola, noroziligini harakat orqali bildirsa, qiz bola bu holni jismonan emas, balki so‘z orqali ifodalaydi. Masala yuzasidan izlangan olimlar Rubin va Rakel Gurning aytishicha, ilmiy tajribalarda ayollarning so‘zlashuv qobiliyati kuchliroq, erkaklarning esa fazoviy iqtidori yuqori ekani ma’lum bo‘lgan. Ayollar miyasining har ikki tomoni birdek ishlashga qodir. Xotin-qizlar bir paytning o‘zida bir necha ishni bajara oladi, erkaklar bunga qodir emas, deydi olim Rubin Gur.
«Ba’zi sohalarda erkaklar, ba’zi sohalarda esa ayollar kuchli. Birgalikda ular ideal muhit yaratadi. Bunda ikki tomonning iqtidori, qobiliyati va zaifliklari o‘zaro almashinib, jinslararo harakat maydoni yuzaga keladi. Xuddi shu jarayon, insoniyatni tebratadi». Shunday ekan, jinslararo farqlar borasidagi tortishuvlarga nuqta qo‘yish mumkinmi? Ko‘pchilik olimlarning fikricha, hayot davom etarkan, ayol va erkak o‘rtasidagi farq siyosiy, ijtimoiy va falsafiy masalaligicha qolaveradi.